Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy bog`ida 9 fevral kuni buyuk bobomiz tavalludining 576 yilligiga bag`ishlangan an`anaviy tadbir bo`lib o`tdi, deb xabar beradi O`zA.
Shu munosabat bilan mazkur boqqa turli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlari, ma`naviyat, ta`lim-tarbiya, san`at sohasi vakillari, mahalla faollari, talaba-yoshlar keldi.
O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, Budapesht universitetining turkologiya bo`limi mudiri, vengriyalik navoiyshunos olim Benedek Peri, Samarqand davlat chet tillar instituti o`qituvchisi Dinora Sultonova va boshqalar Alisher Navoiy adabiyot, ma`naviyat va ma`rifat, tilshunoslik ravnaqiga ulkan hissa qo`shgan serqirra ijodkor sifatida jahon olimlari tomonidan katta qiziqish bilan o`rganilayotganini ta`kidladi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov asos solgan milliy o`zlikni anglash, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ma`naviyatini yuksaltirish, inson omiliga ustuvor ahamiyat qaratish borasidagi ezgu sa`y-harakatlar bugungi kunda izchil davom ettirilmoqda. Bu jihatlar buyuk ajdodlarimizning boy ma`naviy merosini o`rganish, ko`z qorachig`idek asrab-avaylash, bu yo`nalishda mukammal tadqiqotlar olib borish, bebaho ijodidan xalqimizni bahramand etishda yaqqol namoyon bo`lmoqda.

Navoiy deganda har birimizning qalbimiz cheksiz faxru iftixorga to`ladi. Yurtimizda ul zot ijodini puxta o`rganish, asarlarini qayta va qayta, to`liq nashr etish, ularda ulug`langan g`oyalardan yosh avlod tarbiyasida keng foydalanish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani milliy ma`naviyatimizni yuksaltirishda, ona tilimiz va adabiyotimizni yanada rivojlantirishda, shoir merosidan xalqimizni kengroq bahramand etishda yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning odamlar orzu-umidlariga elkadosh bo`lish, milliy adabiyotimizga g`amxo`rlik va e`tibor ko`rsatish, Milliy bog`ni yanada obod etish va bu maskanni chinakam adabiyot, ma`naviyat maskaniga aylantirish borasidagi ezgu tashabbuslari Navoiy asarlarida ulug`langan hayotbaxsh g`oyalar bilan hamohangdir.
El-yurtga naf keltirishni oliy saodat deb bilgan Alisher Navoiyning insoniylik, xalqparvarlik, tinchlik va osoyishtalik tarannum etilgan asarlari dunyoning ko`plab tillariga tarjima qilingan va bu ezgu ish davom etmoqda.
Tadbirda Navoiy g`azallaridan namunalar o`zbek va ingliz tillarida o`qildi. O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir Mirpo`lat Mirzo mutafakkir bobomizga bag`ishlangan "Navoiyga ehtirom" she`rini o`qidi. "Nihol" mukofoti sovrindori Ilyos Arabov ijrosida shoir g`azallari bilan kuylanuvchi ashulalar ijro etildi.
Anjuman ishtirokchilari Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo`ydi.
Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov ishtirok etdi.
* * *
Shu kuni poytaxtimizning Navoiy ko`chasidagi shoir haykali poyida mushoira bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o`rinbosari S.Sayyid, navoiyshunos olim A.Qayumov va boshqalar bugungi murakkab globallashuv zamonida yoshlarni milliy an`ana va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda Navoiy merosi g`oyat dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ta`kidladi.
Yosh shoirlar Jo`rabek Jahon va Bahodir Bahrom Navoiyga atalgan she`rlarini o`qidi. Ta`lim muassasalarining o`quvchilari Navoiy g`azal va ruboyilari, hikmatli so`zlarini o`zbek va xorijiy tillarda o`qib berdi.
Bunday ma`rifiy tadbirlar, ijodiy muloqotlar, anjumanlar mamlakatimizning barcha hududlarida bo`lib o`tmoqda.






