Osiyo Chempionlar Ligasi–2017 turnirining “A” guruhi 2-turidan o`rin olgan Toshkentning “Lokomotiv” va BAAning “Al-Ahli” klublari o`rtasidagi uchrashuvni boshqarib boradigan hakamlar brigadasi ma`lum bo`ldi. Bu haqda O`FF matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xitoylik FIFA referisi Ming Fu mazkur uchrashuvga bosh hakam etib tayinlandi. Unga qanotlarda hamyurtlari Veyming Xuo va Yi Chao yordam beradi. To`rtinchi hakam vazifasi pokistonlik Shahzod Hurramga yuklatildi.
Uchrashuv komissari – mongoliyalik Suxbaatar Jargal. Hakamlar nazoratchisi vazifasini saudiyalik Ali Ahmad Altraifi bajaradi.
Ma`lumot uchun, “Lokomotiv” – “Al-Ahli” uchrashuvi 27 fevral, dushanba kuni Toshkent shahridagi “Lokomotiv” stadionida bo`lib o`tadi. O`yin mahalliy vaqt bilan 16:00 da start olishi rejalashtirilgan.