1 martdan chakana savdo va pulli xizmatlarni ko`rsatish sohasida aholidan plastik kartalar orqali to`lovlarni qabul qilish uchun hisob terminallari bilan ta`minlanmagan tadbirkorlik sub`ektlari, jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarga faoliyat olib borish taqiqlandi. O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 15 fevraldagi pul bilan bog`liq munosabatlarni takomillashtirish va plastik kartochkalardan foydalangan holda hisob-kitoblarni rivojlantirish to`g`risidagi qarorida bu haqda so`z boradi, deya xabar qildi «Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi.
Davlat soliq qo`mitasiga tijoriy banklar, Banklar assosiasiyasi va Yagona umumrespublika prosessing markazi bilan hamkorlikda 10 kun ichida chakana savdo va pulli xizmat ko`rsatish ob`ektlarini terminallar mavjudligi bo`yicha inventarizasiyadan o`tkazish vazifasi topshirildi. Etishmayotgan terminallar qisqa muddatlarda etkazib berilishi, ro`yxatdan o`tkazilishi va uzluksiz elektr bilan ta`minlash uchun texnik vositalar bilan ta`minlanishi zarur.
Farmonda agarda chakana savdo va xizmat ko`rsatish sohasidagi tadbirkorlik sub`ektlari naqd yoki karta orqali hisob-kitob qilish shakliga qarab narxlarni sun`iy ravishda oshirsa yoki tushirsa, bunday harakat hisob terminallarini joriy etish yuzasidan belgilangan tartiblarning buzilishi sifatida baholanib, eng kam ish haqining 30 baravari miqdorida jarimaga tortilishiga sabab bo`ladi.
Soliq organlari tomonidan o`tkaziladigan narxlarning sun`iy ko`tarilishi yoki tushirilishi, nazorat-kassa mashinalari va hisob terminallaridan foydalanish, talon va cheklarning berilishi va naqd pul tushumini to`liq hajmda topshirish masalalari bo`yicha tekshiruvlar Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha Respublika komissiyasining maxsus ruxsatini talab qiluvchi soliq tekshiruvi hisoblanmaydi.
Farmonda Markaziy bankka terminallarni ijaraga berish va ulardan tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan foydalanilishi mexanizmlarini qayta ko`rib chiqish va yanada qulay sharoitlarni yaratish vazifasi topshirildi.
Tadbirkorlik sub`ektlari iste`mol ehtiyojlari va ishlab chiqarish faoliyatini rag`batlantirish hamda naqd pulsiz hisob-kitob tizimini rivojlantirish maqsadida MBga xalqaro amaliyotdan foydalangan holda aholini plastik kartochkalardan foydalangan holda qisqa muddatli kreditlashning zamonaviy mexanizmlarini kengaytirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi topshirildi.
Banklarga joriy va kelgusi yil istisno qilingan holatda to`lov terminallari, infokiosklar, bankomatlar va boshqa uskunalar importiga tender-tanlov savdolarini o`tkazmasdan shartnomalarni tuzishga ijozat berildi.
Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligiga «O`zbekenergo» kompaniyasi bilan birgalikda chakana savdo va xizmat ko`rsatish ob`ektlarini sifatli va uzluksiz aloqa bilan ta`minlash, bunda O`zbekistonning tog`li va uzoq hududlariga alohida e`tibor qaratish vazifasi topshirildi.
Prezident Devonining Murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati banklarda hisob raqamlardan naqd pullarni berish va plastik kartochkalardan foydalangan holda to`lovlarni amalga oshirish bilan bog`liq qonunbuzarliklarga oid shikoyatlar ustidan nazoratni kuchaytiradi. Ularni bartaraf etish va aybdorlarni javobgarlikka tortish bo`yicha chora-tadbirlar uch kunlik muddatda amalga oshirilishi lozim.