Don Gerbert (Don Herbert) va uning rafiqasi Belinda avtomobilda ketayotganda bozor yonida to`xtashga qaror qilishdi. O`sha vaqtda ular o`zlarining bu qarori Donning va yana bir insonning hayotini saqlab qolishini xayollariga ham keltirishmagan edi.
Bozorning yonidagi cherkovdan madhiya ovozi yangradi. Qo`shiq aytish jon-dili bo`lgan Don cherkovning yonidan bee`tibor o`tib ketolmadi. U cherkovga kirdi va shu erda Tim Jons (Tim Jones) ismli yigit bilan tanishib qoldi. Ular birpasda til topishib ketishdi, avval hayotda, keyin esa ijtimoiy tarmoqlarda do`stlashishdi.
Don 12 yildan beri jigar xastaligidan aziyat chekardi. U Tim bilan tanishganidan keyin 6 oy o`tgach, jigar ko`chirib o`tkazish operasiyasini boshdan kechirdi. Operasiya muvaffaqiyatli o`tganiga qaramay, Donning buyraklari ishlamay qoldi. Unga zudlik bilan buyrak ko`chirib o`tkazish zarur bo`ldi, ammo bu oson ish emasdi. Buyrak beradigan donor bo`lmaganligi tufayli Don 5-6 yil navbat kutishi lozim edi. Donning rafiqasi Belinda turmush o`rtog`ining chekayotgan azobini ko`rib, chidab turolmadi va Feysbuk ijtimoiy tarmog`i orqali odamlardan yordam so`radi:
“Sevgan insonim uzoq yashashini, u bilan birgalikda keksayishni istayman”, deb yozdi. Belindaning eri uchun donor izlab yozgan nomasiga birinchilardan bo`lib, Tim javob berdi. Uning Don bilan tanishganiga atigi bir necha hafta o`tganiga qaramay, ayolga qo`ng`iroq qilib, qo`lidan kelgacha yordam berishini ma`lum qildi. Oradan ko`p o`tmay, Tim hech ikkilanmasdan Donga bitta buyragini berish uchun tekshiruvlardan o`tdi va ideal darajadagi donor bo`la olishi mumkinligi aniqlandi. Mo``jizani qarangki, bunday holat 20.000 odamdan bittasiga to`g`ri kelar ekan. Operasiya hech qanday asoratlarsiz o`tdi, ammo operasiya jarayonida Timda anevrizm — tomir devorlarining xavfli kengayishi kasalligi borligi, agar operasiya qilinmaganda u vafot etishi mumkinligi, buni o`zi sezmaganligi ma`lum bo`ldi. Baxtli tasodif tufayli Tim omon qoldi va anevrizm hech qanday muammosiz olib tashlandi. Shunday qilib, do`stining hayotini saqlab qolmoqchi bo`lgan Tim anglamagan holda o`zining ham hayotini saqlab qoldi.
Operasiyadan muvaffaqiyatli chiqqan do`stlar tezda oyoqqa turishdi. Endi Tim bilan Donning hayoti bir-biriga chambarchas bog`landi. Ularning oila a`zolari bu baxtli tasodifni Yaratganning inoyati, deb qabul qilishdi.