AsosiyDunyo

​“Oskar” mukofotining navbatdagi taqdimot marosimi bo`lib o`tdi

'​“Oskar” mukofotining navbatdagi taqdimot marosimi bo`lib o`tdi'ning rasmi

AQShning Los-Anjeles shahrida “Oskar” mukofotining sakson to`qqizinchi taqdimot marosimi bo`lib o`tdi, deb xabar berdi “Tengrinews.kz” nashri.

“Oskar” mukofoti taqdimoti Los-Anjelesning “Dolbi” teatrida bo`lib o`tdi. 2009 va 2010 yilda 10 ta, 1934 va 1935 yillarda 12 ta film, bu yil esa 9 ta film asosiy mukofotga da`vogarlik qildi. Janr borasida esa drama janri etakchilikni qo`ldan boy bermadi. Tadbirga qiziqchi Jimme Kimmel boshlovchilik qildi. U mazkur tadbirdagi ishtiroki uchun 15 000 dollar gonorar oldi. Raqamlar haqida ma`lumot beradigan bo`lsak, hindistonlik mashhur aktrisa Priyanka Chopra Lorraine Schwartz brendiga tegishli narxi 5 million dollar bo`lgan 60 karatli brilliant sirg`ani taqib keldi. Quyida sizni “Oskar” mukofotini qo`lga kiritgan g`oliblar bilan tanishtiramiz.

“Eng yaxshi qisqa metrajli film” nominasiyasi — g`olib “Kuyla” (Sing) filmi.

“Eng yaxshi qisqa metrajli hujjatli film” — “Oq dubulg`a” nomli suriyalik ko`ngillilarning aviazarbadan keyin vayronalar tagidan odamlarni qutqarayotgani haqidagi film.

“Eng yaxshi montaj” — “Vijdon amriga ko`ra”filmi. Mazkur film ikkinchi marotaba “Oskar”ni qo`lga kiritdi.

"Jungli kitobi” — “Vizual effekt” nominasiyasida g`olib bo`ldi.

“La-la lend” filmining postanovkachi rassomi ilk “Oskar”ni qo`lga kiritdi.

“Eng yaxshi animasion film — “Zveropolis”.

“Eng yaxshi qisqa metrajli animasion film” — Pixar studiyasining “Pesochnik” animasion filmi.

“Chet tilidagi eng yaxshi film” — Eronning “Kommivoyajer” filmi. Mukofotni Sharliz Teron va Shirli MakLeynlar topshirdi. Film rejissyori Asqar Farhodiy Trampning oppozision siyosati tufayli “Oskar” mukofotini shaxsan qabul qilolmadi. Eslatib o`tamiz, AQSh prezidenti Donald Trampning farmoniga binoan ettita musulmon mamlakati, shu jumladan Eron davlati fuqarolari ham AQShga kiritilishi taqiqlangan.

“Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktrisa” — Viola Devis!

“Eng yaxshi ovoz montaji” — “Etib kelish”, “Eng yaxshi ovoz” nominasiyasida esa “Vijdon amriga ko`ra” filmi g`olib bo`ldi.

“Eng yaxshi hujjatli film” nominasiyasida “O, Jey: Amerikada ishlab chiqarilgan” filmi g`olib bo`ldi. Film mashhur amerikalik futbolchi O.Jey Simpsonning hayotiga bag`ishlangan.

“Liboslar dizayni” nominasiyasida g`oliblik “Afsonaviy maxluqlar va ularning makoni” filmiga nasib etdi.

“Eng yaxshi grim va soch turmagi” nominasiyasida “Xudkushlar guruhi” filmi mukofotni qo`lga kiritdi.

“Ikkinchi plandagi erkak roli” nominasiyasida Maxurshalu Alining “Oy nuri” filmidagi roli uchun Alisiya Vikander “Oskar” mukofotiga sazovor bo`ldi. Nominantlar orasida Jeff Brijes, Dev Patel, Maykl Shennon, Lukas Xejeslar ham bor edi.

    Boshqa yangiliklar