Rejissura sohasiga “Kokteyl” nomli fantastik komediyasi bilan qadam qo`ygan Kuanishbay Reymbaev Boyazid Jumaev ssenariysi asosida suratga olingan fantastik kinokomediya poytaxt kinoteatrlarida namoyish etilmoqda.
Film haqida: Fe`l-atvori bir-biriga mutlaqo o`xshamaydigan ikki do`stning hangomasi xususida so`z boradi. Ulardan biri universitetda yosh o`qituvchi bo`lib ishlaydi. Ikkinchisi esa hech qaerda o`qimagan bebosh yigit. Kutilmaganda ular o`z yashash tarzidan nolib, bir-birining o`rnida yashashni istaydi. Sehrli barda sehrli ichimlik – kokteyl ichib, ruhi almashib qoladi. Biroq yangi hayotga o`rgana olishmaydi. Lekin ulardagi o`zgarish ijobiy natija berib, o`qituvchi o`z sevgisiga erishadi. Bebosh yigit esa nufuzli tanlovda birinchi o`rinni egallab, ajrashib ketgan ota-onasini yarashtiradi. Oxir-oxibat yigitlar kimning hayotiga havas qilishmasin, o`zining hayotidan ortig`i yo`qligini tushinib etishadi.
— Har bir ish mustahkam poydevorga qurilmasa, natija ko`ngildagidek bo`lmaydi. Shu ma`noda ustoz rejissyorlardan maslahat oldingizmi?
— Albatta! Filmimizga rejissyor Ibrohim Rasulov badiiy rahbarlik qildilar. Beminnat maslahatlari, ko`rsatgan yo`l-yo`riqlari uchun Ibrohim akaga katta rahmat!
— Ruh almashib qolishi “Uchar qiz”, “Men, bu – men” va bir qator xorij filmlariga o`xshash ekanmi? Filmingiz nimasi bilan ulardan farq qiladi?
— To`g`ri, bunday filmlar ko`p. Siz ta`kidlagan filmlarni ko`rmaganman. Shuni ayta olaman, “Kokteyl”da g`oya to`la ochib bera olingan, kinokartinamning syujet yo`nalishi boshqa. Filmimdan umidim katta, badiiy kengash rejissuradagi ayrim kamchiliklarni aytdi, debyut ishim bo`lgani uchun u qadar erga urishgani yo`q. Qolaversa, suratga olish ishlarini boshlamay, iltimosimga ko`ra ssenariyni “O`zbekkino” milliy agentligiga ekspertlar kengashi ko`rib chiqdi.
Bilasizmi?
O`ziga xos dalillar:
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi