Xalqaro futbol federasiyasi (FIFA) JCh–2018 turniri “A” guruhi 6-turidan o`rin olgan Suriya – O`zbekiston uchrashuvi rasmiylarini tayinladi, deb xabar bermoqda O`FF matuot xizmati.
Mazkur o`yinni BAAlik hakamlar guruhi boshqarib boradi. Abdulla Muhammad Hasan uchrashuv bosh hakami etib tayinlandi. Unga qanotlarda Muhammad al-Hammadiy hamda Hasan al-Mahriy yordam beradi. To`rtinchi hakam vazifasi Ahmad Hamis al-Naqbiyga topshirildi.
Hakamlar nazoratchisi sifatida avstraliyalik Edvard MakGregor ish olib boradi. Uchrashuv komissari – Xin Chyong (Gong Kong). Xitoylik Syaolong Deng OFK vakili sifatida o`yinga taklif etildi.
Ma`lumot o`rnida, Suriya va O`zbekiston o`rtasidagi uchrashuvi 23 mart, payshanba kuni bo`lib o`tadi. Uchrashuvda Suriya nominal mezbon bo`lgani hamda mamlakatda siyosiy barqarorsizlik hukmronlik qilayotgani sababli OFK o`yinni neytral zona – Malayziyada o`tkazilishini ta`minladi.
Mazkur bellashuv Malayziyaning Seremban shahridagi Tuanku Abdul Rahman Stadium stadionida bo`lib o`tadi. O`yin Toshkent vaqti bilan 17:00 da start olishi rejalashtirilgan.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston terma jamoasi JCh–2018 saralash bosqichi “A” guruhi 5-turidan keyin 9 ochko bilan uchinchi o`rinda bormoqda. Suriya 5 ochko to`plagan holda to`rtinchi o`rinni band qilib turibdi.






