1

​Lola: “San`atdan ham muhimroq ishlarim bor”

Shou-biznes 13.03.2017, 10:39
Teglar: Shou-biznes, Lola Yo`ldosheva
​Lola: “San`atdan ham muhimroq ishlarim bor”

Ismi jismiga monand, maftunkor va latofatli xonanda Lola Yo`ldosheva “Darakchi” gazetasi mehmoni bo`ldi.

— Bahor, 8 mart Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan chin dildan tabriklaymiz. Har doimgidek go`zalsiz!

— Rahmat, o`zingizga ham bayram muborak bo`lsin!

— Oilangizda bayramni qanday nishonlaysizlar?

— Bolaligimizda 8 mart bu — onamning kuni edi. Hammamiz bir bo`lib ularni xursand etish uchun turli-tuman sovg`alar yasab, syurprizlar o`ylab topardik. Bugungi kunga kelib esa men uchun bu kun ikki karra bayramga aylangan. Chunki men oyimni, bolalarim esa meni tabriklab, sovg`alar berishadi. O`g`lim, bayram kuni qizim ikkimizga nonushta tayyorlab berishni yoqtiradi. Keyin bolalarim bilan birga onamning uyiga borib, bayramni o`sha erda davom ettiramiz.

— Yangi mavsumdan nimalarni kutyapsiz?

— Bilasizmi, o`tgan qish oylarida, o`zimni ayiqqa o`xshatdim. Bahor kelib, endi “uyg`onyapman”. Aslida, bu go`zal mavsum men uchun alohida ahamiyatga ega desam adashmayman. O`zgarishlar, yangilanishlar faslida o`zimni qalban boshqacha his qila boshlayman. Atrofimda, hayotimda, o`zimda yangilik yaratish istagi paydo bo`ladi. Buning barchasi tabiatning ham uyg`onishi bilan bog`liq bo`lsa kerak.

— Bu o`zgarishlardan birini ko`rishga ulgurdik. Yaqindagina, sochingizni juda kaltalatdingiz. Qiziq, bu keskin o`zgarishlarning sababi nimada ekan?

— Yuqorida aytib o`tganimdek, o`zgarishlar mavsumi keldi. Bundan tashqari, insonning qalbidagi o`zgarishlar, uning tashqi ko`rinishiga ham ta`sir qiladi. Va yana bir oddiy sabablaridan biri, shunchaki uzun sochlardan charchaganim.

— Konsert oldi ketma-ket yangi qo`shiq va kliplar taqdim etib, muxlislaringizni shijoatingizga qoyil qoldirgandingiz. Ammo bugun jimsiz? Yaqin orada ijodiy yangiliklar yaratish rejangizda bormi?

— Faqat harakatda bo`lish odamni charchatadi. Hayotni faqat ish bilan bog`lash, nuqul shoshib yurish bilan umr o`tib ketayotganini sezmay qolamiz. Bu noto`g`ri, nazarimda. Chunki hayotdagi boshqa muhimroq narsalar, nazardan chetda qolib ketishi mumkin. Shuning uchun ham tanaffus kerak. Shundagina tinchlanib, atrofga nazar tashlashga imkon tug`iladi. So`nggi uch-to`rt oy davomida hayotimda shunday payt bo`ldiki, ijoddan to`xtadim. O`zimga-o`zim “xo`sh, keyingi manzil nima? Unga erishganimdan keyin nima bo`ladi? Kasbimdagi maqsadlarimga etib bordim, keyin-chi? Buning oxiri qanday yakun topadi?”, kabi savollar bera boshladi. Qalbim bu yo`sinda davom etishimga qarshi edi. Aslida, mening o`y-xayollarim, maqsadim bunday emas, hayotimdagi boshqa narsalar men uchun afzalroq ekan. Sa`natdagi o`rnimni o`ylab, tasvirga olish maydonchalarida kuyib-pishib yurishdan ko`ra, bolalarim bilan uyda, turli mashg`ulotlar bilan vaqt o`tkazish yoqimliroq ekanini anglab etdim. Bolalarimning bolaligi, buguni, ko`z oldimdan, kino tasmadek o`tib ketishini istamayman. Daqiqalar bilan yashashni xohladim. 2017 yil shaxsiy hayotimda bir qancha o`zgarishlar bo`ladi, rejalarim ko`p. Shuning uchun hozir ijodim to`g`risida gapirib, muxlislarimni umidlantirib qo`yishni istamayman. Ammo bu bilan “San`atni tark etaman” deya balandparvoz gaplar aymoqchi emasman. Chunki, ijodkor doim izlanishda, faoliyatda bo`lishi kerak. Uni bu imkoniyatdan mahrum etish noto`g`ri. Bu unga nafas olishni taqiqlagandek gap. Ishoning, bu gaplarni men o`z tajribamdan kelib chiqib, bu og`riqni his etgan inson sifatida aytyapman. Kelajakda qalbim buyurganda, qo`shiqlarim bilan tinglovchilarimni bahramad etib turaman. Lekin oldindan biror muddatni ayta olmayman.

— 2016 yilgi yakkaxon konsert dasturingizda qizingiz Shahina ham qo`shiq kuyladi. Kelajakda u ham xonanda bo`laman desa, qarshilik qilmaysizmi?

— Bolalarim bilan suhbatlashganimda ularning xohish-istaklari bilan qiziqaman. O`g`lim, men doim uyda bo`lishimni, faqat ular bilan vaqt o`tkazishimni istaydi. Qizim esa doim sahnada bo`lishimni, qo`shiq kuylashim va mashhur bo`lishim tarafdori. Savolingizga kelsak, menimcha qizim san`at yo`lini tanlamaydi. Biroq, agar u bunga qaror qilsa albatta uni qo`llab-quvvatlayman, ko`mak berishga harakat qilaman. Ochig`i, qizim, bu kasb uning uchun emasligini, anglab etishi uchun ham unga yordam beraman.

— Instagramdagi “follover”laringiz haqida gaplashsak. Sizningcha, ular sizni yaxshi gaplar bilan siylashadimi yoki tanqidchilarning soni ko`proqmi?

— So`nggi vaqtlar ular menga mehribon bo`lib qolishganini sezyapman. Muxlislarim har bir suratim ostida ijobiy fikrlar bildirib, meni xursand etishyapti, ilhomlantirishyapti. Tanqidiy fikrlar avvalgiga ko`ra ancha kamaygan. Biroq o`zidagi salbiy energiya bilan sahifamni “bezab” turadiganlar ham yo`q emas. Ularga munosabatim yomon emas. Hammaga birdek yoqib bo`lmasligini allaqachon tushunib etganman.

— Kuni-kecha xonanda Manzura doim ochiq-sochiq kiyinishingizga shama qilib izoh yozdi. Aniqroq aytadigan bo`lsak, yangi xarid qilgan libosingiz surati ostiga “Vanihoyat yopiq libos...” deb yozganini o`qib, xayolingizdan nimalar o`tdi?

— Hamkasbimni aynan shu mavzu bunchalik o`ylantirishini bilmagan ekanman. Menimcha, Manzura men bilan shunchaki so`z o`yini qilib, hazillashdi. Men ham bo`sh kelmasdan, hazilomuz javob qaytardim. Nazarimda, bu gaplarni jiddiy qabul qilish noto`g`ri.

— Mashhur bastakorlardan biri “Rassomning yaxshi ijod qilishi uchun unga uch narsa muhim: bu maqtov, maqtov va yana bir bor maqtov” degan ekan. Sizga “ilhom parilari” kelishi uchun nimalar zarur?

— Meni muhabbat harakatlantiradi. Nazarimda, har bir ishning poydevori ham aynan mehr va muhabbatdan yaralgan bo`lishi kerak.

— Ijtimoiy tarmoq orqali shaxsiy hayotingizda o`zgarishlar ro`y berayotganini bildirgandingiz. Bu o`zgarishlar haqida batafsilroq gapirsangiz...

— Shaxsiy hayotim faqat meniki, shu sabab sir bo`lib qolishini istayman. Lekin bir narsaga izoh berib o`tmoqchiman, bugungi kunda suratlarimni joylashtirayotganim, baxtim bilan qisman bo`lishayotganim, o`sha insonni endi uchratganimdan dalolat emas. Agar bu munosabatlar haqida gap boshlasam, uzoq yillar ortga nazar tashlashga to`g`ri keladi. Sevgimiz tarixini keyinroq, vaqti kelganda barcha bilan bo`lishishga va`da beraman. Hozircha vaqti kelgani yo`q. Faqat munosabatlarimiz jiddiylashib, ahdu paymon qildik.

— U haqida nimalarni gapirib bera olasiz?

— Bilasizmi, insonda shunday holat bo`ladiki, u qalbida kemtiklik seza boshlaydi. O`sha bo`shliqni ish, qo`shimcha mashg`ulotlar bilan to`ldirib borib, o`zini band qilishga harakat qiladi. Aynan menda ham shunday edi. Ammo uchratgan insonim o`sha kamchiliklarni to`laqonlik qopladi. Mehri, e`tibori, barcha insoniy fazilatlari bilan ko`nglimdan joy oldi. Ertangi kunga ishonchimni oshirdi. Munosabatlarimizda gumon, shubha, ishonchsizlikka o`rin qolmadi. Menimcha, bir ayol uchun bundan ortiq baxt bo`lmasa kerak. Bugungi baxtimni asrab-avvaylab yashashni istayman. Hozircha aytadiganlarim shu...

Xonanda hayotidagi yangilik va ijobiy o`zgarishlar haqida ko`p narsalarni gapirib berishni istadi-yu, ammo uni ko`z-ko`z qilishni xohlamadi. Shuning uchun ham sevgisi va yaqin kunlarda rejalashtirayotgan muhim voqealar haqida batafsil to`xtalib o`tishni istamadi. Biz esa unga baxt va orzulari ro`yobini tilab, xayrlashdik.

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi
Fotomuxbir: Sherzod IKRAMUTDINOV

Sharhlar

Zoxirshoh Jo`raev Botir Qodirov uning akasi ekani haqidagi mish-mishlarga nuqta qo`ydi

06.11.2019, 12:06

Zoxirshoh Jo`raev "Milliy" telekanalining "Nishondasiz" ko`rsatuvida ishtirok etib, oilaviy mish-mishlarga nuqta qo`ydi...Ko`rsatuv davomida boshlovchi Zoxirshohdan Botir Qodirov Sherali Jo`raevning farzandi ekani haqidagi mish-mishlarga oydinlik kiritishini...
Ozodbek Nazarbekov, Ulug`bek Rahmatullaev, Shaxzoda va Lolani birlashtirgan loyiha — QO`LINGDA IMKON!

21.05.2018, 09:33

O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vazirligi tomonidan 1-iyun – xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan “Qo`lingda imkon” nomli ijtimoiy loyihaga qo`l urildi. Taronani O`zbekiston xalq...
Lola nega folchilarni inkor etmadi?

29.03.2018, 09:26

Ijod va oilani bir maromda olib borayotgan xonanda Lola Yo`ldosheva noodatiy savollarimizga javob berdi... — Aytishlaricha siz... — Ishga nisbatan injiq va talabchanman ekanman. Menimcha,...
Lola Yo`ldosheva Rossiyadagi hayoti va ijodi haqida

13.03.2018, 16:48

8 mart kuni taniqli o`zbek qo`shiqchisi Lola Yo`ldosheva uzoq tanaffusdan so`ng Moskvada katta konsert bergani haqida xabar bergan edik. Konsertdan avval "Sputnik" nashri muxbiri go`zal...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1