O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Rayhon G`anievaning “Milliy” TVdagi boshlovchiligi juda ko`p tanqidlarga uchragan edi.
Ma`lum bo`lishicha, Rayhon bundan buyon ushbu ko`rsatuvga boshlovchilik qilmaydi. Xonanda o`zining Instagramdagi sahifasiga o`zining yangi klipiga tayyorgarlik jarayonidan joylagan surati ostiga uning muxlislaridan biri nima sababdan uni shanba kuni telekanal orqali uzatilgan xit-parad ko`rsatuvida boshlovchi sifatida ko`rmaganligini, u xit-paradni aynan Rayhonni ko`rish uchun kutishini yozgan.
Bunga javoban Rayhon “Boshqa kutmang”, deya javob yozib qoldirgan.
Xonandaning muxlisining savoliga yozgan ushbu javobiga oydinlik kiritish maqsadida xonandaning o`zi bilan bog`landik:
“Bunga izoh berishni istamayman. Ammo “Milliy” TVga menga o`zimni boshlovchi sifatida sinab ko`rish imkonini bergani uchun minatdorchilik bildiraman.”
Rayhon o`zining intervyularidan birida uni o`zbek tilidagi so`zlarni buzib talaffuz qilishda ayblab, keskin tanqid ostiga olganlarga quyidagicha javob bergandi.
“Eng asosiysi xalqqa yoqyapti. Bu kanalga odamlar e`tiborini jalb qilyapti. Agar ko`rsatuvni boshqa xonandalar ko`rayotgan bo`lsa, bilishadi. Ko`rsatuv muharririning harakatlari tufayli har bir xonanda uchun alohida, quvnoq ta`riflar o`ylab topilmoqda. Men ko`rsatuv ijodkorlari bilan hamkorlik qilayotganimdan xursandman. Ular bilan yarim yildan beri birga ishlayapmiz. Ko`rsatuv haftada bir marotaba efirga uzatiladi. Hozirda boshlovchilik qilishga umuman qiynalmayapman. Bilmadim, meni maqtashyapti. Aytishlaricha, aksent ham yo`qolgan.
Men bu ishni nima uchun qilyapman, bilasizmi? Mening so`zlashuv tilim borasida ko`p muhokamalar bo`ldi. O`zbek tilidagi ko`rsatuvga boshlovchilik qilishim bilan esa odamlarga o`zbek tilida so`zlashishga harakat qilayotganimni ko`rsatmoqchiman. Hamma narsaning yomon tomonini ko`radigan va har narsadan kamchilik qidiradigan odamlarni tushunmayman. Yoqmasa, ko`rma!”
Xullas Rayhonning nima sababdan boshlovchilikni to`xtatgani bizga ma`lum emas, bu esa kimnidir hafa qilsa, yana kimnidir quvontirishi tabiiy.
Xonanda ayni damda Munisa Rizaeva bilan ijro etgan “Bor yoki yo`q” taronasiga klip suratga olish ishlariga tayyorgarlik ko`rmoqda.Xonanda bergan ma`lumotlarga ko`ra, klipga raqslarni xoreograf Elya Mulyukova sahnalashtirmoqda. Klip trek yo`nalishida rejissyor Nozim Jumaev tomonidan suratga olinmoqda. Dizayner Lidiya Andre.
Klipni mart oyi ohirlarida taqdim etish rejalashtirilgan.