Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida bugun, 17 mart kuni 23 yoshgacha bo`lgan futbolchilar o`rtasida 2018 yili bo`lib o`tadigan Osiyo chempionati saralash bosqichiga qur`a tashlash marosimi bo`lib o`tdi.
Osiyo futbol konfederasiyasi (OFK)ga a`zo 40 mamlakat terma jamoasi G`arbiy va Sharqiy mintaqaga bo`lingan holda qur`ada ishtirok etdi.
Qur`a natijasiga ko`ra, Jasur Abduraimov bosh murabbiyligidagi O`zbekiston U-22 termasi “D” guruhi (G`arbiy mintaqa)dan joy olib, saralash bosqichida BAA, Livan va Nepal termalariga qarshi bahs olib boradi.
2018 yilgi Osiyo chempionatiga saralash bosqichi shu yilning 15–23 iyul kunlari bo`lib o`tadi. O`zbekiston U-22 termasining saralash uchrashuvlari Birlashgan Arab Amirliklarda bo`lib o`tadi.
Guruh bosqichida 1-o`rinni egallagan 10 terma jamoa hamda 2-pog`onani egallagan eng yaxshi 5 jamoa final bosqichida mezbon – Xitoyga qo`shiladi. Agar Xitoy o`z guruhida birinchi o`ringa ega bo`lsa, 2-o`rinni egallagan eng yaxshi 6-jamoa final bosqichiga yo`l oladi.
Eslatib o`tamiz, musobaqaning final bosqichi 2018 yilning 9–27 yanvar kunlari Xitoyda o`tkaziladi.






