JCh–2018 saralash bosqichi “A” guruhi 6-turidan o`rin olgan Suriya – O`zbekiston uchrashuvi oldidan o`tkazilgan matbuot anjumanida O`zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan va yarim himoyachi Server Jeparov bo`lajak o`yin borasida o`z fikrlarini bildirib o`tdi.
“Ertaga JCh–2018 saralashi doirasida 6-uchrashuvni o`tkazamiz. Suriya hurmatga loyiq jamoa ekaniga nafaqat biz, balki butun Osiyo amin bo`ldi. Toshkentda bo`lib o`tgan o`yinda tashabbusga ega bo`lishimizga qaramay, raqib himoyada mustahkam o`yin namoyish qilgandi. Jamoa tartibli o`yin ko`rsatadi, tarkibida esa individual mahoratga ega bo`lgan futbolchilar bor. Saralash bosqichida oltinchi o`yin ostonasida turibmiz, biroq optimal tarkibda o`ynash nasib etamayapti. Denisov maydonga tusha olmaydi, hujum chizig`idagi Igor Sergeev va Eldor Shomurodovning ertangi bahsda ishtirok etishi so`roq ostida turibdi. Shunga qaramay, belashuvga jiddiy tayyorgarlik ko`rdik va maydonda nimaga qodir ekanimizni ko`rsatib, biz uchun kerakli natijani qayd etishga harakat qilamiz”, – dedi Samvel Babayan.
“Asosiy maqsadimiz – JCh–2018 final bosqichiga chiqishdan iborat. Ushbu maqsadni ro`yobga chiqarish uchun harakat qilyapmiz. Shu sababli har bir bo`lajak o`yin katta ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqib, ertaga eng muhim o`yin arafasida turibmiz. Ayni vaqtda Rossiyaga yo`l olish uchun necha ochko kerak ekanini hisoblash o`rinsiz bo`lardi. Muhimi har bir o`yinga tayyorgarlik ko`rib, imkon qadar ko`p ochko olish kerak. Ochkolarni esa saralash bosqichi yakunida hisoblaymiz”, – deya fikrini bildirdi Babayan.
“Terma jamoa uchun ertaga muhim o`yilardan biri. Suriyaga qarshi eng yaxshi o`yinimizni ko`rsatamiz. Bu erga bejizga kelganimiz yo`q, uchrashuv natijasi bizning foydamizga hal bo`lishiga umid qilaman. 3 ochkoni qo`lga kiritgan holda yaxshi kayfiyat bilan ortga qaytamiz, deb o`ylayman”, – dedi Server Jeparov.
Eslatib o`tamiz, Suriya va O`zbekiston qarama-qarshiligi ertaga, 23 mart kuni Malayziyaning Malakka shahridagi Hang Jebat Stadium stadionida bo`lib o`tadi. O`yin Toshkent vaqti bilan 17:00 da start olishi rejalashtirilgan.






