O`zbekiston milliy terma jamoasi texnik direktori Deyan Jurjevich JCh–2018 turniriga saralash bosqichidagi raqiblar – Qatar va Eron o`rtasidagi uchrashuvni kuzatish uchun Doha shahriga etib bordi.
Qatar va Eron o`rtasidagi uchrashuv ertaga, 23 mart kuni Toshkent vaqti bilan 21:00 da boshlanishi rejalashtirilgan. O`yin Doha shahrida joylashgan Jassim Bin Hadam stadionida bo`lib o`tadi. O`zbekiston terma jamoasi esa ertaga Malayziyada Suriya bilan kuch sinashadi.
O`zbekiston milliy terma jamoasi 28 mart kuni aynan Qatar bilan Toshkentda bahs olib borsa, 12 iyun kuni safarda Eron termasiga qarshilik ko`rsatadi.
Ma`lumot uchun, saralash bosqichi “A” guruhi 5-turidan keyin Eron terma jamoasi 11 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo`lsa, Janubiy Koreya 10 ochko bilan 2-o`rinni band qilib turibdi. Kuchli uchlikdan hisobda 9 ochko bo`lgan O`zbekiston terma jamoasi joy olgan. Keyigni o`rinlarni mos ravishda Suriya (5 ochko), Qatar (4 ochko) va Xitoy (2 ochko) terma jamoalari joy egallagan.






