O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev ikki mamlakat rasmiy delegasiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokarasida muloqotni davom ettirdilar.
Unda O`zbekiston bilan Qozog`iston o`rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, transport-kommunikasiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Mamlakatlarimiz hamkorligi 1998 yilda Toshkentda imzolangan O`zbekiston Respublikasi bilan Qozog`iston Respublikasi o`rtasida Abadiy do`stlik to`g`risidagi shartnoma, 2013 yilda poytaxtimizda imzolangan O`zbekiston Respublikasi bilan Qozog`iston Respublikasi o`rtasida Strategik sheriklik to`g`risidagi shartnoma asosida jadal taraqqiy etmoqda.
O`zbekiston va Qozog`iston siyosiy masalalarda bir-birini qo`llab-quvvatlab kelmoqda. Ikki tomonlama asosda hamda BMT, ShHT, MDH, Islom hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasi kabi xalqaro tuzilmalar doirasida samarali hamkorlik qilmoqda. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar bo`yicha tomonlarning qarash va yondashuvlari o`xshash yoki yaqindir.
O`zbekiston Qozog`istonning 2017-2018 yillarda BMT Xavfsizlik kengashiga muvaqqat a`zolikka saylanishini qo`llab-quvvatladi. Bu xalqaro maydonda butun mintaqamiz davlatlari manfaatlarini himoyalash imkonini beradi. Qozog`iston O`zbekistonning Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud barpo etish borasidagi tashabbusini qo`llab-quvvatlagan, mamlakatimizning hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo`shilmaslik, nizolarni tinch yo`l bilan hal etish tamoyillariga asoslangan tashqi siyosatini yuqori baholaydi.
O`zbekiston va Qozog`iston mustaqil taraqqiyot yo`lini bir davrda boshlagan. Iqtisodiyotni qayta tiklash va rivojlantirish yo`lida bir-biriga elkadosh bo`lib kelmoqda.
Bugun ikki mamlakat ham o`z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo`ymoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2017 – 2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo`yicha Harakatlar strategiyasi ishlab chiqildi. Prezident Nursulton Nazarboevning Qozog`iston xalqiga joriy yilgi murojaatida Qozog`istonni modernizasiya qilishning uchinchi bosqichi belgilab berildi.
Qozog`iston mamlakatimizning muhim savdo-iqtisodiy sheriklaridan biridir. O`zbekiston Qozog`istonga tabiiy gaz, avtomobillar, transport vositalari, mineral o`g`itlar, to`qimachilik, elektrotexnika va qurilish materiallari, meva-sabzavot va boshqa ko`plab tovarlar, turli xizmatlar eksport qiladi. Qozog`istondan yurtimizga neft, metall, un, yog`-moy mahsulotlari keltiriladi.
Mamlakatimizda Qozog`iston kapitali ishtirokida tuzilgan qariyb 230, Qozog`istonda O`zbekiston ishbilarmonlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan 130 dan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda.
2016 yilda mamlakatlarimiz o`rtasidagi o`zaro tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard AQSh dollarini tashkil qildi. Bu ikki tomonning salohiyatiga mos emasligi, savdo aylanmasini kamida ikki barobar oshirish imkoniyati mavjudligi alohida ta`kidlandi. Mamlakatlarimiz iqtisodiyoti raqobatchi emas, aksincha, bir-birini to`ldiradi. Buning uchun hukumatlararo komissiya va qo`shma savdo uylari faoliyatini kengaytirish, yangi ta`minot bozorlari tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Transport kommunikasiyalari sohasi o`zaro hamkorlikning yana bir ustuvor yo`nalishi hisoblanadi. Mamlakatlarimizning avtomobil va temir yo`llari o`zaro integrasiyalashgan. Bu muhim kommunikasiya tarmog`i uchinchi davlatlar uchun ham tranzit vazifasini o`tamoqda.
Qozog`istonning Maqtaaral tumani hududidan o`tgan, Toshkent va Samarqandni bog`lovchi avtomobil yo`lining ochilishi, Toshkent – Olmaota tezyurar poezdi va ikki mamlakat shaharlari o`rtasida avtobus qatnovlari yo`lga qo`yilgani transport kommunikasiyalari tarmog`ini yanada kengaytiradi. Hududlararo aloqalar savdo va turizm rivojiga xizmat qiladi.
Ochiq va do`stona ruhda o`tgan muzokarada o`zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari belgilab olindi. Savdo-iqtisodiy aloqalar dinamikasini saqlab qolgan holda uni diversifikasiya qilish, eksport-import hajmi va nomenklaturasini kengaytirish, sanoat va tadbirkorlik sub`ektlari kooperasiyasini rivojlantirishga kelishib olindi, deya xabar beradi O`zA.