JCh–2018 turniriga saralash bosqichi “A” guruhi 7-turidan o`rin olgan O`zbekiston – Qatar (1:0) uchrashuvidan keyin o`tkazilgan matbuot anjumanida O`zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan o`z fikrlarini bildirib o`tdi.
“Muhim uchrashuv o`tkazdik. G`alaba biz uchun kerakli edi va biz bunga erishdik. Qimmatli uch ochkoga ega bo`ldik. Bizni qo`llab-quvvatlagan muxlislarga tashakkur aytmoqchiman. O`yindan oldin raqibning o`yinini inobatga olgan holda standart vaziyatlarga tayyorlangandik.
Avval ham aytib o`tganimdek, g`alaba va mag`lubiyat bir-biriga yaqin yuradi. G`alaba qozondik, ammo tarkibda muammolar bor. Mening O`zbekiston klublariga e`tirozim bor: “Paxatkor”, “Bunyodkor”. “Paxtakor”ning bir yo`la uch futbolchisi jarohat olgandi: Sergeev, Andreev, Lobanov. Klublar bilan jiddiy ish olib borishimiz zarur.
Hisobni ochgandan keyin uni ushlab turishga harakat qildik. Chunki Qatar terma jamoasi qanotlarda kuchli o`yin ko`rsatadi. Merzlyakov birorta ham o`yin o`ynamagandi. Yig`inda u kerakli ko`rsatmalarni oldi. Futbolchilarimga e`tirozim yo`q, ular maydonda bor kuchini berdi.
Guruhda oson o`yinlar yo`q. Navbatdagi o`yin Eronda bo`lib o`tadi. U erda faqat g`alaba uchun maydonga tushamiz. Xatto durang ham bizni qoniqtirmaydi” – dedi Samvel Babayan.
Eslatib o`tamiz, mazkur uchrashuv oldidan aksariyat o`zbekistonliklar ijtimoiy tarmoqlarda muxlislarni stadionga bormaslikka chaqirib, o`ziga xos boykot aksiyasini tashkil qilgandi. Shunga qaramay, O`zbekiston va Qatar terma jamoalari o`rtasidagi o`yinni kuzatish uchun 34 ming muxlisga mo`ljallangan "Bunyodkor" stadioniga 20 ming ishqiboz tashrif buyurdi.






