O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Ra`no Yarasheva va uning qizi, xonanda hamda aktrisa Madina Mumtoz jurnalist Jasur Hamroev bilan Facebook live orqali muloqot qildi.
Muloqot jarayonida Ra`no Yarasheva dushmanlari haqida gapirar ekan, hamkasblaridan biri uni “o`ldi”ga chiqargani haqida so`zlab berdi.
“1998 yil. Men o`sha yili ‘Nodirabegim’ videofilmda Nodirabegim rolini ijro etganman. O`sha rolni yana bir inson o`ynamoqchi bo`lgan ekan. Meni bundan xabarim yo`q edi. U aktrisa bizning teatrimizdan emas, umuman san`at sohasidan. O`shanda Madina 8 yoshda edi. Uyga qo`ng`iroq bo`lgan. Go`shakni Madina ko`targan. Avvaliga undan hol-ahvol so`rashgan, keyin ‘Oying yo`lda avariya bo`lib, o`ldi’, deyishgan”—deydi Ra`no Yarasheva.
“Eshitganlarimdan shok holatiga tushdim. Lekin o`zimni yo`qotmay, xolamga telefon qildim. Xolam etib kelgunicha, rosa yig`laganman”,—deb onasining so`zlari davom ettiradi Madina.
“Kechki payt uyimga etib kelsam, qo`ni-qo`shnilar yig`ilgan, singillarim kelgan. Samarqandga ham meni o`lganim haqida xabar berishgan. Qo`shnilarim ‘O`zingizga hech narsa qilmadimi, mashinangizga hech narsa qilmadimi?’, deb so`rashgan. Men ular nima haqida gapirayotganini anglolmay, uyga yugurib chiqsam, Madina meni ko`rib, yanayam qattiqroq baqirib yig`lagan”,—deb xotirlaydi Ra`no Yarasheva.