1

​O`zbekiston va Xitoy o`rtasidagi aloqalar tobora rivojlanmoqda

Jamiyat 30.03.2017, 12:25
Teglar: O`zbekiston, Xitoy
​O`zbekiston va Xitoy o`rtasidagi aloqalar tobora rivojlanmoqda

Joriy yilda O`zbekiston va Xitoy o`rtasida diplomatik aloqalar o`rnatilganiga chorak asr bo`ldi. Shu munosabat bilan 2 yanvar kuni Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga maktub yo`llab, O`zbekiston Xitoy bilan bundan keyin ham amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanligin ta`kidlagan.

Bugungi kunda sayyoraramizning eng yirik va qudratli davlatlaridan biri – Xitoy azaldan qadimiy madaniyat, tamaddun, falsafa, ilm-fan va taraqqiyot beshiklaridan biri bo`lib kelgan. Tarixiy manbalar bundan ming yillar avval ham xalqlarimiz o`rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy sohalardagi aloqalar taraqqiy etganini ko`rsatadi. Xususan, ikki ming yildan ortiq tarixga ega bo`lgan Buyuk ipak yo`li har ikki mamlakatni asrlar davomida birlashtirib kelgan.

Xitoy Xalq Respublikasi mamlakatimiz mustaqilligini birinchilar qatori tan olgan va biz bilan diplomatik munosabatlarni yo`lga qo`ygan davlatlar sirasiga kiradi.

Bu yo`llar ko`p qadim yo`llar...

O`zbekiston Prezidenti ushbu maktubida ta`kidlanagidek, xalqlarimiz o`rtasida azal-azaldan barqaror savdo-sotiq, ilm-fan va gumanitar aloqalar yo`lga qo`yilgani, madaniyatlarimiz, an`ana va urf-odatlarimiz bir-birini boyitgani haqidagi ko`plab yorqin misollar tarix sahifalariga muhrlangan.

Xitoylik sayyohlar, elchilar bizning tariximiz, madaniyatmiz haqida juda ko`p qimmatli ma`lumotlarni yozib qoldirganlar. Jumladan zaminimizda hukm surgan Davan (Farg`ona), Kang`, Xioniylar, Turk hoqonligi singari davlatlar, bu zamindagi o`timizda mavjud bo`lgan qadriyatlar, urf-odatlar haqida Xitoy solnomachilari qimmatli ma`lumotlarni yozib qoldirganlar.

Eramizning ettinchi asrdi Samarqandga kelgan Xitoy elchisi Vey Sze bu shahar odamlari haqida “Kan (Samarqand) xalqi azaldan savdo-sotiq bilan shug`ullanadi. Oilada o`g`il farzand dunyoga kelsa, besh yoshidan unga xat-savod va savdo-sotiq ilmini o`rgatishadi” deb yozgandi.

Shuningdek, Xitoy manbalarida Farg`ona vodiysida olov yolli, samoviy tulporlar parvarishlangani, bu arg`umoqlarga Xitoy imperatorlari ham katta havas bilan qaralgani yoziladi.

Sharqu G`arbni bir necha asr davomida bog`ab kelgan tarxiy buyuk ipak yo`li ham Xitoyning markazidan boshlanib, bizning Marg`ilon, Samarqand, Buxoro, Termiz singari qadimiy shaharlarimiz osha dunyoning boshqa nuqtalariga ulanib ketgan. Tabiiyki, bu qadimiy yo`ldan savdogarlar, sarkardalar, elchilar, darveshlar tinimsiz qatnashgan.

Temuriylar elchilari hoqon huzurida

Temuriylar hukmronligi davrida Xitoy bilan diplomatik aloqalar yanada mustahkamlangan. 1419 yilning 4 dekabrida Hirotdan Shoxrux Mirzoning amir Shodixo`ja va Ko`kcha boshchiligidagi elchilari yo`lga tushadilar. Ularga Mirzo Boysung`urning Sulton Ahmad va G`iyosiddin Naqqosh boshchiligidagi elchilari ham qo`shiladi.

Boysung`ur Mirzo Xoja G`iyosiddinga barcha ko`rgan-kechirganlarini qayd etib yozib berishni buyuradi. 1422 yilning bahorida uch yildan uzoqroq davom etgan safardan qaytgan G`iyosiddin Naqqosh o`z ko`rgan-kechirganlarini qog`ozga tushirib, hukmdorga taqdim etadi. Fors tilida bitilgan bu asar “Ajoyibul-latoyif” yoxud Xitoy sayohatnomasi deb nomlangan. O`z davrida Abdurazzoq Samarqandiy, Mirxond, Hofizi Abro` singari tarixchilar ushbu sayohatnomadan o`z asarlarida iqtiboslar keltirib o`tadilar.

Xurosonlik elchilar Balx orqali Samarqandga etib keladilar. Bu erda ularga boshqa viloyatlardan yuborilgan elchilar ham kelib qo`shiladi. 1420 yilning 25 fevralida barcha elchilar birlashib, yana Xitoy tomon yo`l oladilar va 24 avgust kuni Xitoy hududiga kiradilar.

Naqqoshning yozishicha, Xitoyga qarashli birinchi katta shahar So`kjuda imperatorning xos nadimlari elchilarni katta tantana va ehtirom bilan kutib olganlar va katta dasturxon yozib ziyofat beradilar. Ma`lumotlarga ko`ra, mazkur karvon tarkibida 500 dan ortiq odam bo`lgan. Elchilarning poytaxtga bexatar kirishlari uchun har bir bekatda maxsus xizmatchilar kutib olishib, ularni joy, oziq-ovqat bilan ta`minlashgan, keyingi bekatgacha kuzatib borishgan.

Naqqosh Pekin shahridagi imperator saroyi va undagi qabul marosimlarini to`liq tafsilotlar bilan bayon etadi. Saroyda yuz mingdan ortiq odam imperatorga salom berish uchun peshonasini erga qo`yib, kutib turishi yoziladi.

Ma`lumki, 1420 yilda Min sulolasi vakili imperator Chju Di o`zi uchun qurilgan yangi saroyga ko`chib o`tadi. Ayni paytda ham mazkur inshootlar Er yuzidagi hukmdorlar saroylari orasida eng kattasi sanaladi. Temuriylar saltanatining elchilari ana shu tarixiy voqeaning guvohi bo`lishadi va shu munosabat bilan o`tkazilgan bayram tantanalarida ham ishtirok etishadi.

Pekinda elchilar sharafiga shohona dasturxonlar tuzatiladi. Ular 16 fevraldagi Xitoy yangi yilining kirishi, bayram kunlarida poytaxt ko`chalaridagi mushakbozliklar, kechalari fonarlar bilan yoritilgan ko`chalar, turli xil janglyorlik tomoshalari, alohida did-e`tibor bilan bezatilgan dasturxonlar, xitoy taomlari elchilarda zo`r taassurot qoldirgan. Imperator tomonidan elchilarga ov qushlari, tilla va kumush buyumlar, ipak matolar va boshqa sovg`a-salomlar hadya etiladi.

Shu tariqa Movarounnahr va Xurosondan borgan elchilar 1421 yilning 8 mayida Xonbaliqdan yo`lga chiqib, 1422 yilning 2 sentyabrida Hirotga qaytib keladilar.

G`iyosiddin Naqqosh o`z “sayohatnom”sida Xitoy an`analari, urf odatlari, xususan Xitoy yangi yili, elchilarni qabul qilish marosmi, xalq o`yinlari, taomlari, bozorlari, ibodatxonlari, rasm-rusumlari haqida batafsil ma`lumot beradi.

Elchi o`z kundaligida Xitoydagi jazolash tizimiga ham alohida e`tibor qaratadi. Uning yozishicha, o`lim jazosiga loyiq jinoyatga qo`l urganlar olis viloyatlardan poytaxtga keltirilar, aybdorning qilmishi taxtachaga yozilib, bo`yniga osib qo`yilarkan. Imperatorning o`n ikki devoni bo`lib, jinoyatchining aybi har bir devon tomonidan tasdiqlanishi kerak ekan. Agar shu devonlardan loaqal bittasi aybsiz deb topsa, jinoyatchi afv etilishi mumkin ekan. Shuningdek, agar ayblanuvchining aybsizligini isbot eta oladigan guvoh olti oylik masofada yashashi ma`lum bo`lsa ham, o`sha guvohni topib kelisharkan.

Umuman olganda ushbu tarixiy asar nafaqat o`zbek diplomatiyasi tarixi, balki, Xitoy xalqining tarixi, an`ana va urf-odatlarini o`rganishda ham muhim o`rin tutadi.

Oqqan ariq oqmasdan qolmas

Istiqlol yillarida O`zbekiston va Xitoy o`rtasidagi har taraflama aloqalar sezilarli darajada ortdi.

Yaqinda Xitoyda nashr etiladigan “Diplomat Magazine” jurnali O`zbekiston va XXR o`rtasida diplomatiya munosabatlari o`rnatilganining 25 yilligiga bag`ishlangan maqolani chop etdi. Unda zamonaviy bosqichda O`zbekiston - Xitoy o`rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar turli yo`nalishlarda muvaffaqiyat bilan rivojlanayotgani qayd etilgan. Bugungi kunda Xitoy Xalq Respublikasi O`zbekistonning jahon miqyosidagi eng muhim sheriklaridan, o`zbek iqtisodiyotini modernizasiyalash bo`yicha uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etayotgan yirik sarmoyadorlaridan biri sanaladi.

Uzoq muddatli va samarali O`zbekiston - Xitoy muloqotining asosiy tamoyillari Do`stlik, hamkorlik va sheriklik munosabatlari to`g`risidagi shartnoma (2005), Strategik sheriklik o`rnatish to`g`risidagi qo`shma deklarasiya (2012), shuningdek, 2013-yili imzolangan Do`stlik va hamkorlik to`g`risidagi shartnoma hamda Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish to`g`risidagi qo`shma deklarasiyada muhrlab qo`yilgan. Umuman olganda, O`zbekiston - Xitoy aloqalarining shartnomaviy-huquqiy zamini turli yo`nalishlarni qamrab olgan 220 dan ortiq hujjatdan iboratdir.

Nashr ta`kidlaganidek, jahon iqtisodiyotida beqarorlik sharoiti saqlanib qolayotganiga qaramasdan, O`zbekiston va Xitoy o`rtasidagi o`zaro savdo-sotiq hajmi yuqoriligicha qolmoqda. Mamlakatda faoliyat ko`rsatayotgan Xitoy kompaniyalari sonining izchil oshib borayotgani XXR ishbilarmonlar hamjamiyati O`zbekistonga katta qiziqish bilan qarayotganini tasdiqlaydi.

Shu o`rinda keng qamrovli loyiha - Angren - Pop elektrlashtirilgan temir yo`li va Qamchiq tunneli qurilishi ko`p qirrali hamkorlikning yaqqol misoli ekanligi ta`kidlash o`rinlidir. O`tgan yilning 22 iyun kuni mazkur tunnelning ochilish marosimida O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinning ishtirok etganini ham o`ziga xos tarixiy voqea bo`ldi.

Do`stona hamkorlik samarasi

O`zbek va xitoy xalqlari azaldan o`zaro savdo-sotiq qilgan, bir-birining madaniyatini boyitgan. Bugungi kunda O`zbekiston va Xitoy munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko`tarilgan. Mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlik siyosat, iqtisodiyot, savdo, sanoat, qurilish, ilm-fan, ta`lim, madaniyat kabi sohalarda izchil davom ettirilmoqda.

Ikki davlatning xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar bo`yicha pozisiya va yondashuvlari o`xshash yoki yaqindir. Bu mamlakatlarimizning o`zaro va ko`p tomonlama aloqalarida muhim o`rin tutmoqda. O`zbekiston va Xitoy xalqaro maydonda bir-birini qo`llab-quvvatlab kelmoqda. BMT, ShHT singari xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik kengayib bormoqda.

Mamlakatlarimiz o`rtasida savdo-sotiq sohasida eng ko`p qulaylik yaratish tartibi joriy qilingan. Xitoy O`zbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklaridan. O`zaro tovar ayirboshlash hajmi muttasil o`sib bormoqda. Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokida tashkil etilgan 650 dan ziyod korxona faoliyat ko`rsatmoqda.

O`zaro hamkorlikda qator yirik investisiyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. 2013 yilda tashkil etilgan O`zbekiston – Xitoy yuqori texnologiyalar sanoat parki – “Jizzax” maxsus industrial zonasi buning yorqin namunasidir. Ushbu industrial zonada mobil telefonlar, tikuv mashinalari, qurilish materiallari, quyosh kollektorlari va boshqa xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Mamlakatlarimiz o`rtasida madaniyat, fan, ta`lim, turizm sohalaridagi hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. “O`zbekiston – Xitoy” hamda “Xitoy Xalq Respublikasi – Markaziy Osiyo mamlakatlari” do`stlik jamiyatlari ishlab turibdi. Fan-texnika muassasalari o`rtasida ilmiy hamkorlik, oliy o`quv yurtlari orasida talabalar almashuvi kengaymoqda. Xitoy Markaziy millatlar va Pekin xorijiy tillar universitetlarida o`zbek tili fan sifatida o`qitiladi. O`zbekistonda bir qator oliy o`quv yurtlarida xitoy tili o`rgatilmoqda. Shanxay universiteti huzuridagi ShHT Jamoat diplomatiyasi ilmiy tadqiqot instituti negizida O`zbekiston tadqiqotlari va ta`lim almashuvlari markazi ochilgan.

Mamlakatlarimizda o`zaro madaniy hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan madany-ma`rifiy tadbirlar, ko`rgazmalar, festivallar muntazam o`tkazilmoqda. Xitoylik san`atkorlar har ikki yilda Samarqandda o`tadigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida ham muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda.

Toshkent va Shanxay, Samarqand va Sian, Samarqand viloyati va Shensi provinsiyasi o`rtasida birodarlik munosabatlari o`rnatilganini ham ana shu azaliy do`stlikning bugungi samaralari deya ta`kidlash lozim. Umuman olganda, O`zbekiston va Xitoy har sohada bir-biri bilan do`stona hamkorlikni amalga oshirishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

Rustam JABBOROV

Sharhlar

O`zbekiston TIV Xitoy va Braziliyaga hamdardlik bildirdi

03.05.2024, 18:04

Xitoy va Braziliyada kuchli yog`ingarchiliklar yuz bergani oqibatida ko`plab insonlar vafot etgani edi. Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Xitoy va Braziliya davlatlariga hamdardlik bildirdi.Ma`lum bo`lishicha, Braziliya...
O`zbekiston Eronni mag`lub etib, Osiyo kubogiga yo`llanmani qo`lga kiritdi (video)

13.09.2023, 11:02

Osiyo kubogi uchun saralash o`yinlari yakunlandi, deya xabar bermoqda "darakchi.uz" muxbiri. Ma`lum bo`lishicha, so`nggi 6 o`yinda raqiblari darvozasiga 25 ta gol kiritib, 3 ta gol  o`tkazib...
⚡️Qirg`iziston va O`zbekiston hamkorlikda ishlab chiqaradigan avtomobillarning narxlari e`lon qilindi

24.01.2023, 10:47

Avval xabar qilganimizdek, O`zbekiston va Qirg`iziston hamkorlikda 19 turdagi engil avtomobillar, jumladan mikroavtobus, pikap, sedan va boshqalarni ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Qirg`izistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar narxi 13...
Putin O`zbekistondagi g`ayritabiiy sovuqlar haqida fikr bildirdi (video)

18.01.2023, 11:45

Rossiya prezidenti Vladimir Putin iqtisodiy masalalar bo`yicha yig`ilish o`tkazdi va unda Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi sovuqlar haqida fikr bildirdi. Rossiya rahbari bosh vazir Mixail Mishustindan agrosanoat majmuasida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1