Tailandning janubida joylashgan Yala provinsiyasida jangarilarning polisiya blokpostiga qilgan hujumi oqibatida 9 nafar polisiyachi yaralandi, deb xabar berdi Vesti.ru nashri.
10 kishidan iborat jangarilar guruhi mahalliy bozor yaqinida bo`lgan polisiyaning blokpostini o`qqa tutdi. Hujum uyushtirgan jangarilar qo`l granatomyotlari va o`q otar quroldan foydalandi. Otishmadan keyin jangarilar noma`lum tomonga qochib ketdi. Shifokorlar 2 nafar polisiyachining ahvolini o`ta darajada og`ir, deb baholamoqda.
Polisiya hujumni islom separatistlari uyushtirdi, deb shubhalanmoqda. Tailandning musulmonlar yashovchi janubiy qismida 13 yildan beri jangarilar guruhi faoliyat yuritib keladi. Ular sultonlik tuzish maqsadida Naratxivat, Pattani va Yala provinsiyalarini qo`lga olishga harakat qilib kelishmoqda. Mazkur hududda ro`y bergan qurolli to`qnashuvlar, otishmalar oqibatida 6,8 mingdan ortiq odam halok bo`ldi.
Naratxivat, Pattani va Yala provinsiyalarida xavfsizlikning maxsus tartibiga rioya etiladi. Mazkur hududga chet ellik sayyohlar umuman tashrif buyurmaydi.