Yigirmanchi farzand tug`ilishini kutayotgan mazkur oilani Britaniya OAVlari “Mamlakatning eng serfarzand oilasi”, deb ataydi, deya xabar berdi Deti.mail.ru nashri.
Xeyshem shahrida yashovchi er-xotin — 41 yoshli Syu va 46 yoshli Noel Redfordlar Facebook sahifalariga ularning oilasida nechta qiz va o`g`il borligi, yana bir homiladorlikni tasdiqlovchi UTT natijasi haqidagi ma`lumotnoma ilingan doska suratini joylashtirishdi. Bu surat 33 ming nafar layk to`pladi, foydalanuvchilar ularni yana bir farzand tug`ilishi bilan tabriklab, izoh qoldirishdi.
Fibi – Redfrdlar oilasidagi o`n to`qqizinchi farzanddir. U o`tgan yilning iyul oyida tug`ilgan. Oradan ko`p vaqt o`tmaganiga qaramay, Syu yana homilador. Tug`ilishi kutilayotgan yigirmanchi farzand er-xotinning hisobi bo`yicha 2017 yilning setyabr oyida dunyoga kelishi lozim. Ammo ular bu haqda gapirishdan xavfsiramoqda, chunki 2014 yilda Syu 23 haftalik homilasidan ayrilgan edi. Oilaning to`ng`ich farzandi bo`lgan Kris hozir 27 yoshda. Syu ilk marotaba 14 yoshida homilador bo`lgan. Ular hali voyaga etmagan bo`lsalar-da, Krisni o`zlari katta qilishdi. Chunki Syu va Noelni yoshligida begona oilalar asrab olgan, shuning uchun ham farzandlarini birov voyaga etkizishini istashmadi.
Bunday katta oilani moddiy jihatdan ta`minlash uchun Noel soat beshda turib, o`ziga tegishli novvoyxonaga jo`naydi. Oradan bir necha soat o`tgach, uyga qaytadi va bolalarni kiyintirib, mikroavtobusda maktabga olib boradi. Bu paytda Syu uyda qolgan kichkintoylar bilan mashg`ul bo`ladi. Syu Redford har kuni kamida 9 marta kir yuvadi. Oilaning oziq-ovqat sotib olishi uchun haftasiga 300 funt sarflanadi. Bundan tashqari bolalarning ertalabki nonushtasiga 9 litr sut va uch quti suli yormasi sotib olinadi.
Serfarzand oilaning hayotini Facebook sahifasida 250 ming foydalanuvchi, Instagram sahifasini esa 22 ming kishi kuzatib boradi.