AsosiyJamiyat

​Prezidentning Davlat maslahatchisi Chilonzor tumanida o`tkazgan sayyor qabulida fuqarolarning muammolariga echim topdi

'​Prezidentning Davlat maslahatchisi Chilonzor tumanida o`tkazgan sayyor qabulida fuqarolarning muammolariga echim topdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.Xudoyberganov poytaxtimizning Chilonzor tumanida sayyor qabul o`tkazdi.

Sayyor qabul davomida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga Chilonzor tumani aholisi tomonidan yo`llangan murojaatlar atroflicha ko`rib chiqildi, deb yozadi O`zA.

Joriy yilning 3 aprel kuniga qadar O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga kelib tushgan Chilonzor tumani bo`yicha murojaatlar soni jami 15,5 mingdan ortiq. Ularning 89,1 foizi ko`rib chiqilgan. Qolgani ko`rib chiqilmoqda. Mazkur tumandan tushgan murojaatlar sohalar bo`yicha o`rganilganda ularning asosiy qismini uy-joy olish, uy qurish uchun er ajratish, sud, bank-moliya, fuqarolik, moddiy yordam, pensiya ta`minoti hamda sog`liqni saqlash, mehnat, bandlik, ta`lim, tadbirkorlik, obodonlashtirish kabi masalalar tashkil etishi ma`lum bo`ldi.

Sayyor qabul jarayonida fuqarolar va tadbirkorlar o`zlarini qiynayotgan muammolar yuzasidan bevosita tegishli sohalarga mas`ul bo`lgan rahbarlarga murojaat qilish va ular yuzasidan javob olish imkoniga ega bo`ldi.

Shu kuni murojaatlarning aksariyat qismi joyida echimini topdi, qo`shimcha o`rganish va vaqt talab qiladigan murojaatlar bo`yicha mutasaddi idora va tashkilotlar vakillariga topshiriqlar berildi.

Misol uchun, fuqaro Faxriddin Sharipovga gipospadiya xastaligi yuzasidan shu erning o`zida bepul operasiya uchun order berilishi ma`lum qilindi. Tumandagi 201-maktabda chuqurlashtirilgan xorijiy tillar sinflarini tashkil etish zarurligi yuzasidan Mastura Ortiqova bildirgan taklif o`rinli, deb topildi. Farzandlarimizning kamolotiga xizmat qiladigan bu masalani hal etishni mutasaddilar o`z zimmasiga oldi. Fuqaro Maftuna Rajabovaning reklama menejeri sifatida qilgan xizmatlari uchun haq ololmayotgani sud tomonidan ko`rib chiqiladigan bo`ldi. Fuqaro Navro`za Rasulova garchi Toshkent shahrida xususiy uy-joyi bo`lmasa ham doimiy propiskaga qo`yishni so`rab qilgan murojaati yuzasidan mutaxassislar belgilangan qonun-qoida bo`yicha tushuntirish berdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahri va Chilonzor tumanidagi Xalq qabulxonalari tomonidan tashkil etilgan sayyor qabulda O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo`jalik sudi, Markaziy bank, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Oliy va o`rta maxsus ta`lim, Xalq ta`limi, Sog`liqni saqlash, Mudofaa, Moliya, Mehnat, Adliya vazirliklari, davlat qo`mitalari rahbarlari, Toshkent shahar va Chilonzor tumani hokimliklari mas`ul xodimlari ishtirok etib, fuqarolardan tushgan savollarga bevosita javob qaytardi. Har bir masala echimi uchun tegishli soha vakillari javobgarlikni o`z zimmasiga oldi.

Bugun, 5 aprel kuni ana shunday qabul Toshkentning Yakkasaroy tumanida joylashgan Toshkent to`qimachilik va engil sanoat institutida hamda Yunusobod tumanidagi Toshkent axborot texnologiyalari institutida ham o`tkaziladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar