AsosiyJamiyat

​O`zbekiston va Rossiya Prezidentlarining tor doiradagi muzokaralari bo`lib o`tdi

'​O`zbekiston va Rossiya Prezidentlarining tor doiradagi muzokaralari bo`lib o`tdi'ning rasmi

Kremlda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevni rasmiy kutib olish marosimi bo`ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. O`zbekiston va Rossiya davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar Shavkat Mirziyoev va Vladimir Putin faxriy qorovul safi oldidan o`tdilar.

Prezidentlarning tor doiradagi uchrashuvida O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi, deya xabar beradi O`zA.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va istiqboli xususida so`z yuritildi.

Vladimir Putin Shavkat Mirziyoevni Moskvaga davlat tashrifi bilan qutlab, bu tomonlarni qiziqtirgan masalalarni muhokama etish uchun qulay imkoniyat ekanini qayd etdi.

– O`zbekiston bilan hamkorlikni yangi bosqichda davom ettirish biz uchun katta ahamiyatga ega, – dedi Rossiya Prezidenti. - Mamlakatlarimizda o`zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun hali to`la foydalanilmayotgan imkoniyatlar ko`p, ularni ishga solishdan ikki tomon ham manfaatdor.

Shavkat Mirziyoev bu uchrashuv davlatlarimiz o`rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlashda muhim qadam bo`lishini qayd etdi.

– Avvalo, 3 aprel kuni Sankt-Peterburgda ro`y bergan mash`um voqea munosabati bilan Sizga va Rossiya xalqiga chuqur hamdardlik bildiraman, – dedi Shavkat Mirziyoev. – O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi hamkorlik yuksak ishonch va o`zaro hurmat asosida rivojlanmoqda. Turli darajadagi aloqalar faollashgani mamlakatlarimiz ko`p qirrali munosabatlarni kengaytirishdan birdek manfaatdor ekanining tasdig`idir. O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasini yod etish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurganingiz uchun yana bir bor minnatdorlik bildiraman. Ushbu tashrif Islom Karimovga, O`zbekiston xalqiga yuksak hurmatingizdan dalolat beradi.


Boshqa yangiliklar