O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yildagi Toshkent metropolitenining Sergeli yo`nalishini hamda Yunusobod yo`lining 2-bosqichini qurish to`g`risidagi qarorlariga muvofiq bugungi kunda ulkan hajmdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur hujjatlarga ko`ra uzunligi 7,1 kilometr bo`lgan metroning Sergeli yo`nalishi 2017-2020 yillar mobaynida qurib foydalanishga topshirilishi ko`zda tutilgan, deya xabar beradi “O`zbekiston temir yo`llar” AJ Axborot xizmati.
“Ko`prik qurilish tresti” unitar korxonasining yuqori tajriba ega mutaxassislari tomonidan zamonaviy texnikalar yordamida ish jarayonlari sifatli va belgilangan reja asosida amalga oshirilmoqda. Qurilish ob`ektiga zarur bo`lgan temir-beton hamda boshqa mahsulotlar o`z vaqtida etkazib berilayapti.
Loyihaga ko`ra, Toshkent metropolitenining Sergeli yo`nalishi 6 bekatdan iborat bo`lib, undan 3 tasi shu yilning o`zida bitiriladi. “Engil metro” tizimi er ustidan estakadalar orqali o`tadi. Shu bois 2017 yilning yakuniga qadar loyihaning 2,5 kilometr estakada qismini barpo etish rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar 30 dan ortiq tayanch ustuni oralig`ida poydevor qazish va betonlash ishlari yakunlanmoqda. Shuningdek, ob`ektda 5000 kub metr tuproq va 2100 kub metrdan ziyod beton olish ishlari bajarildi.

Toshkent metropoliteni Yunusobod yo`nalishining 2-bosqichini barpo etish ishlari ham qizg`in davom etmoqda. Mazkur yo`lning uzunligi 2,7 kilometr bo`lib, 2 ta bekatdan iborat bo`ladi.
Bugungi kunga qadar loyiha doirasida jami 135 ming kubmetr tuproq ishlari, 220 kubmetr betonlash ishlari bajarildi. Hozirda mavjud 2 ta shaxta va tunnellarda modernizasiya jarayoni amalga oshirilayapti.
Shuni alohida ta`kidlash joizki, 2001 yilning avgust oyida Toshkent shahrining aholisi zich joylashgan mavzelaridan biri bo`lgan Yunusobod tumanida uzunligi 7,6 kilometr bo`lgan metropolitenning 6 ta bekatidan iborat yo`lning birinchi bosqichi ishga tushirilgan edi.
Hozirgi kunga kelib, Toshkent metropolitenida 3 ta yo`nalishda 29 ta stansiya mavjud bo`lib, ularning uzunligi 39 kilometrga etgan. Yangi bunyod etilayotgan Sergeli va Yunusobod yo`nalishidagi qurilish ishlari tugatilib, foydalanishga topshirilsa, mavjud stansiyalar soni 37 taga, metropolitenning umumiy uzunligi esa 48,8 kilometrni tashkil etadi. Bu esa poytaxtimiz aholisi va mehmonlariga juda katta qulayliklar yaratadi.






