“Islom davlati” terrorchilik guruhi yil boshidan beri eng katta ommaviy qatlni amalga oshirdi, deb xabar berdi Lenta.ru nashri.
Bu haqda Londonda joylashgan inson huquqlari bo`yicha Suriya observatoriyasi ma`lum qildi. Huquqshunoslar bergan ma`lumotga ko`ra, Deyr-ez-Zor shahri yaqinidagi cho`lda jihodchilar 18 yoshdan 25 yoshgacha bo`lgan 33 nafar odamni radikallar tomonidan oldindan qazilgan o`ra yonida o`tkir tig`li jism bilan qatl etishgan. Jangarilar aynan kimni — hukumat armiyasi askarlarinimi, Suriya oppozisiyasi jangchilarinimi yoki tinch aholini qatl etganmi, hozircha noma`lum.
Omma oldida qatlni amalga oshirish “Islom davlati” terrorchilik guruhi jangarilarining eng yaxshi ko`rgan usullaridan biridir. Iroq razvedkasining bergan ma`lumotiga ko`ra, jihodchilar 22 oktyabr kuni Mosul shahri yaqinida 300 ga yaqin odamni qatl etgan. Deyr-ez-Zor shahri 2014 yildan beri qamalda qolgan. Hukumat qo`shinlari ham qurshovda harakat qilishga majbur bo`lmoqda. Armiya va tinch aholi faqat havo orqali kerakli mahsulotlar bilan ta`minlanmoqda. Shaharga eltuvchi barcha yo`llar ekstremistlar tomonidan yopib qo`yilgan.