AsosiyDunyo
4670

​Axlat-qutini eslatuvchi uyda yashovchi erkak

'​Axlat-qutini eslatuvchi uyda yashovchi erkak'ning rasmi

Nyu-Yorklik uysiz erkak quyosh batareyalari bilan jihozlangan, axlat konteynerini eslatuvchi quti-uyda yashaydi, deb xabar berdi Tjournal.ru nashri.

Trinadadlik 39 yoshli Demian Kammings (Damian Cummings) bir necha oylardan beri Nyu-Yorkning Manxetten tumanidagi Soxo kvartalida joylashgan, quyosh bateryali, USB-portlari bilan jihozlangan yog`och qutida yashamoqda.

Kammings 37 yoshli muhandis Sheyn Daffi (Shane Duffy) va 28 yoshli “Amerikacha top-model” ko`rsatuvi ishtirokchisi Fil Sallivan (Phil Sullivan)lar bilan uchrashgandan keyin mazkur quti-uyga ko`chib o`tdi. Sheyn va Fil 2015 yilda uysiz-joysiz odamlarga homiylik qiluvchi, ularning oyoqqa turishiga ko`maklashish uchun ijtimoiy tarmoqlarda mablag` yig`uvchi “I Am Supported” xayriya tashkilotiga asos solishdi.

Tashkilot asoschilari to`rt kun mobaynida o`zlari suratga olayotgan hujjatli film uchun prototip bo`ladigan uysiz-joysiz odamni qidirishdi va 39 yoshli Demian Kammingsni uchratishdi. Soxadagi Starbucks qahvaxonasida ular Kammings bilan suhbatlashishdi va maqsadlarini yashirib, o`zlarini uysiz, daydi deb tanishtirishdi. Kammings qaerda uxlash, qanday qilib qorin to`ydirish mumkinligi haqida ma`lumot berib, issiq adyollarini ular bilan bo`lishdi.

Oradan ikki hafta o`tgach, Daffi va Sallivan Kammingsning oldiga kelib, bor haqiqatni tan olishdi va ular uysiz-joysiz emasligini, unga yordam bermoqchi ekanliklarini aytishdi.

“Dinning oldiga qaytib, o`zi uysiz-joysiz bo`lsa-da, bizga yordam bergani uchun minnatdorchilik bildirdik va unga qanday yordam ko`rsatishimiz mumkinligini so`radik. Shunda u balki yashashim uchun uycha qurib berarsizlar, dedi”, deb xotirlaydi Daffi.

Daffi va Sallivan presslangan taxtadan yasalgan, quyosh batareyalari va USB-portlari bilan jihozlangan mazkur uychani qurish uchun bir yarim ming dollar pul sarflashdi. Barcha axlat qutilari binolarga bog`lab, mahkamlanib qo`yilganligini ko`rgandan keyin ularda axlat konteynerini eslatuvchi uycha qurish g`oyasi tug`ildi.


“Aksariyat odamlar uyimga axlat solingan paketlarni tashlashga, uning qopqog`ini ochishga harakat qilishadi, bu juda kulgili holat. Bir kuni eshigimni ochgan yigit “Salom!” dedi, men ham uning salomiga alik oldim va kulib yubordim. Uychamning qopqog`i ochilmaydi, men uning yonidagi eshik orqali ichkariga kiraman”, deydi Din.

Daffi va Sallivan mahalliy hokimiyat Kammingsni qaerda yashayotganligini tezda aniqlasa kerak, deb o`ylagandi, ammo bundan ikki oy muqaddam uning uychasiga mahalliy hokimiyat vakillaridan biri kelib, yashayotgan joyini toza saqlash va sanitariya holatiga e`tibor qaratish haqida maslahat berdi.

“Bu erning odamlari juda mehmondo`st va yaxshi odamlar ekan. Bir kuni uxlab yotsam, shu erda yashovchi mahalliy yigitlardan biri tirqishga yigirma dollar qistirib ketibdi”, deydi Kammings.

Kammings shahar cherkovida yuvinadi, kirlarni yuvadi. U endi hech narsadan xavotir olmay, quti-uyida kiyim-kechaklarini, noutbugini saqlaydi.

“Quti-uy hayotimni tubdan o`zgartirdi, endi yaxshi ish topishimga imonim komil”, deydi Kammings.

Hozirda u uychasida o`tirgan holda, noutbugi orqali teleseriallarni tomosha qiladi, qutiga o`rnatilgan plitada vegetarian taomlarini tayyorlaydi.

Daffi va Sallivan esa unga hamon yordam berishmoqda. Ular ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalari orqali Kammingsga boshpana sotib olish uchun mablag` to`plashmoqda va muhojir sifatida rasmiy hujjatlarni tayyorlashda ko`maklashishmoqda. Kammings mahalliy restoranlarda ishlab, yuk tushirib kun kechirmoqda.

“Biz yana bitta ko`chada yashovchi odamning kamayishiga erishdik. Bu ishni yana davom ettirish niyatimiz bor”, dedi Daffi va Sallivan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar