O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida shu yil 11 aprel kuni kengaytirilgan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Yig`ilishda Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, mamlakatimizning barcha shahar va tumanlarida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari hamda davlatimiz rahbarining Virtual qabulxonasi tashkil etilib, o`z faoliyatini boshlagani xalq manfaatlarini ta`minlash, mamlakatni yangilash va demokratlashtirish yo`lidagi ulkan amaliy qadam bo`lgani alohida ta`kidlandi.
Joriy yil boshidan buyon Virtual qabulxonaga 315 mingta murojaat kelib tushgan. Joylardagi Xalq qabulxonalarida 47 mingdan ortiq fuqaro qabul qilingan va ularni qiynayotgan muammolarni hal etish bo`yicha amaliy yordam ko`rsatilgan.
Shu bilan birga, joylarda ba`zi rahbarlarning aholining eng muhim hayotiy ehtiyojlari va haqli talablariga befarq munosabatda bo`layotgani ko`zga tashlanmoqda. Shikoyatlarning 70 foizi bevosita mahalliy hokimlik va idoralarning vakolatiga kiradigan masalalar bo`yicha bo`lsa-da, afsuski, ko`tarilayotgan muammolar joyida hal etilmasdan qolmoqda. Shuning uchun aholi va yuridik shaxslar markaziy idoralarga murojaat qilishga majbur bo`lmoqda.






