Qoraqalpog`iston Respublikasining Mo`ynoq tumani hududida joylashgan Sudoche ko`lida ayni paytda qushlar saltanati hukm surmoqda. Umumiy maydoni 50 ming gektardan oshadigan ushbu ko`llar tizimida hozirda 230dan ortiq turdagi minglab ko`chmanchi va doimiy yashovchi qushlar mavjud bo`lib, ularning orasidan flamingo qushlar to`dasini ham uchratish mumkin.
Sudoche ko`li o`zining joylashishi bo`yicha Sibir va Tundradan janubga va janubiy-sharqga, issiq mamlakatlarga va orqaga uchadigan transkontinental migrant qushlarning g`arbiy-osiyo migrasion yo`lida joylashgan. Mazkur ko`l Qoraqalpog`iston Respublikasining shimoliy-g`arbida joylashgan va bir necha ko`llar tizimidan tashkil topgan (kichik va katta Sudoche, Qarateren, Begdulla aydin, Omar salim, Qarajar, Aqushpa va h.). Bu ko`llar tizimi qushlarning uya qo`yish, uchub o`tuvchi qushlarning dam olish, uchish oldidan oziqlanish o`rni bo`lib xizmat qiladi.
Sudoche ko`llar tizimida O`zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kirgan 40 turdagi qushlarning 30 turi, Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro tashkilotining «Yo`q bo`lib ketish xavfi ostidagi turlarning Qizil ro`yxati»ga kiritilgan 24 turdagi qushning 18 turi yashaydi.
Shunday qizil kitobga kirgan qushlarning biri – flamingo qushining to`dasi keyingi 10 yil ichida Sudoche ko`lida paydo bo`ldi. O`zining co`lim tabiati, go`zal manzarasi bilan nafaqat mahalliy aholining, balki xorijiy turistlarning ham e`tiborini qozonib kelayotgan «Sudoche» ko`llar tizimida tabiatda noyob sanaladigan pushti rang flamingo qushlarining mavjudligi va ushbu qushning shu joyda uyalarining topilganligi respublikamiz ornitolog-olimlarining katta ilmiy kashfiyoti bo`ldi.
Keyingi o`n yilliklarda Janubiy Orol atrofida flamingoning uchrashi sezilarli darajada yuqoriladi, - deya tasdiqlaydi yosh ornitolog-olim Islambek Arepbaev. Bu joyda flamingo uchib o`tuvchi qush turi sifatida belgili. Lekin, 2014 yili 23 may kuni Sudoche ko`llar tizimida olib borilgan ornitologik tadqiqotlar vaqtida ko`lning sharqiy chegarasidagi kichikroq orolda flamingoning katta uyalovchi koloniyasi topildi. Bu haqiqiy ilmiy yangilik bo`ldi. Biz orolda flamingoning 7000 osobi va 3000 ga yaqin uyasini sanadik. Bu O`zbekistondagi eng katta koloniya bo`lib, u butun dunyodagi populyasiyaning 1,4 foizini tashkil qiladi.
Qoraqalpoq davlat universiteti o`qituvchisi, biologiya fanlari nomzodi Ya.Ametovning ta`kidlashicha, «Sudoche» ko`li ko`chmanchi qushlarning olis-olislarga uchishi uchun kuch to`plash maqsadida qo`nim topadigan mo`l ozuqa manbai ham sanaladi. Flamingo qushlari Qoraqalpog`istonning bir-necha joylarida, xususan Vozrojdenie orolida, Mo`ynoqda, g`arbiy Qarateren ko`lida, Shegeko`lda (Mejdureche suv saqlag`ichi), Sariqamish ko`lida, Amudaryoning o`ng qirg`og`ida, Jaltirbas ko`lida va boshqa joylarda uchragan, lekin «Sudoche»dagi kabi yirik koloniyaning paydo bo`lishi avval kuzatilmagan.
Ornitolog-olimlarning bildirishicha, hozirgi paytda Sudoche ko`lida flamingo va boshqa kamyob uchraydigan qushlar uchun birinchi xavf va muammo bu – suvning etishmovchiligi. Bu qushlarning tirikchiligi va uyalashi uchun ma`lum miqdorda suv kerak bo`ladi. Sababi bular suvda va suv qirg`og`ida yashovchi qushlar. Ikkinchi xavf va muammo bu – noqonuniy ovchilik yoki brakonerlik.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning rahnamoligida Orolbo`yi hududini, ayniqsa Mo`ynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilmoqda va bu sohada qator muhim hujjatlar qabul qilindi. Qabul qilingan hujjatlarda Mo`ynoq tumanida turizmni rivojlantirishga alohida urg`u berilgan. «Sudoche» ko`lida har yili bahor-kuz oylarida minglab ko`chmanchi qushlarning qo`nim topishi g`oyat ajoyib manzarani namoyon qiladi. Bu esa hududda ekoturizmning yanada rivojlanishiga katta hissa qo`shishi tabiiy, deydi biz bilan suhbatda «Mo`ynoq akva sanoat» DUK direktori Ruslan Mambetkadirov.
Qoraqalpog`iston deyilganda ko`pchilikning tasavvurida o`ta ayanchli ekologik ahvoldagi hudud paydo bo`ladi. Lekin, Sudoche ko`lini, Orol dengizi akvatoriyasini, Ustyurt chinklarini, kanonlarni va Ustyurt kengliklaridagi necha asrlar tarixini sir saqlayotgan obidalar, arxeologik topilmalarni ko`rgan kishi bir umr bu diyorga cheksiz muhabbati ortishi tabiiy.
Maqola Qoraqalpoq davlat universiteti OTUS ornitologik klubi materiallari asosida tayyorlandi
Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Axborot xizmati