Amerikalik erkak yo`l bo`yidan ichiga pul solingan sumka topdi, deb xabar berdi ichidan Tjournal.ru nashri.
2017 yilning 8 aprel kuni Amerikaning Ogayo shtatidagi Kolumbis shahrida yashovchi Jeyk Bauers (Jake Bowers) rafiqasi va ikki farzandi bilan sayr qilish uchun xiyobonga ketayotganda yo`l bo`yida yotgan sumkaga ko`zi tushdi. U buni noutbuk solingan sumka, deb o`yladi. Shuning uchun rafiqasidan to`xtashni so`radi. Sumkani ochganda, ichiga yuz dollarlik kupyuralar to`ldirilganini ko`rdi. Sumkada 14 ming dollardan tashqari, hujjatlar ham bor edi. Jeyk farzandlariga namuna bo`lish uchun pul solingan sumkani polisiya uchastkasiga topshirdi.
“Bu pullar yordamida mashina uchun olingan kreditni yopishim yoki ta`tilda biror joyda dam olishim, ehtiyojim uchun zarur bo`lgan oziq-ovqat mahsulotlari yoki birorta kerakli buyumni sotib olishim mumkin edi”, deydi Jeyk Bauers.
Sumkadan topilgan hujjat yordamida uning egasi topildi. U o`sha kuni avtomobil sotib olish uchun yo`lga chiqqan, ammo mashina sotib olmagan va sumkani mashina tomida esdan chiqarib qoldirgan. Mashina yo`lga tushgach, sumka erga tushib qolgan.