AsosiyShou-biznes

​Ruslan Sharipov ketma-ket kelgan omadsizliklar, yaqinlarining ko`magi, kelajakdagi rejalari haqida(Eksklyuziv)

'​Ruslan Sharipov ketma-ket kelgan omadsizliklar, yaqinlarining ko`magi, kelajakdagi rejalari haqida(Eksklyuziv) 'ning rasmi

O`tgan yilning yoz oylarida Ruslan Sharipovning ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo`lgan suratlari ko`pchilikni hayratga solgani aniq. Ammo san`atkorni muxlislari yolg`izlatib qo`yishmadi. Ularning yozib qoldirgan izoh va murojaatlari uni ruhan qo`llab-quvvatlab turdi. Bugun sevimli san`atkorimiz irodasini mustahkam qilib, o`zini qo`lga olishga qaror qilgan. Ayni kunlarda shifoxonada davolanayotgan O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist, bastakor, Yurtimizning birinchi prodyuseri Ruslan Sharipovni yo`qlash uchun biz ham yo`lga chiqdik. U bilan bog`lanishda bizga turmush o`rtog`i Go`zal opa yordam berdi. Xonanda bizni ancha tetik va yaxshi kayfiyatda qarshi oldi...

— Ruslan aka, davolanayotganingizga qaramay, bizga vaqt ajratganingizdan xursandmiz. Ko`rinishingiz yomon emas.

— Vaqt va e`tiboringizni ajratib, meni yo`qlab kelibsizlar, rahmat.

— Yana oyoqqa turib, ijodga qaytishga harakat qilayotganingizni eshitish quvonarli. Sizni sog`ingan muxlislaringiz juda ko`p...

— Bu iliqlik va samimiylikni sezish men uchun katta baxt. “Mening yurtim” telekanalining Navro`z bayramiga bag`ishlangan tadbirida ishtirok etdim. Keyin yana shu telekanal televizion konsertimni ham efirga berdi. Afsus, shifoxonada bo`lganim bois uni o`zim ko`rolmadim. Biroq yonimdagilar tomosha qilganlarning fikrlarini internetdan o`qib berishdi. Ana o`sha payt naqadar baxtli san`atkor ekanimni anglab etdim. Ularning har bir yozgan gapi qalbimning tub-tubida turgan, ammo unutilayotgan hislarni uyg`otdi. Fursatdan foydalanib, men uchun duo qilgan, shirin so`zlari bilan meni qo`llab turganlarning barchasiga o`z tashakkurimni aytaman. Boringizga shukr!

— Siz bilan uchrashuvni ancha vaqt kutdik. Shuning uchun ham savollarimiz yig`ilib qolgan. Keling, hozir biroz ortga nazar tashlasak. Bugungi holatga kelib qolganingizga sabab nima deb o`ylaysiz?

— Bizni oldinda nimalar kutayotganini hech qachon bilmaymiz. Bo`lib o`tgan voqealarning hammasi men uchun sinov bo`ldi, deb qabul qilyapman. Faol ijodiy faoliyat yuritayotgan vaqtimda kutilmagan zarbalarni ola boshladim. Bulardan birinchisi, xorijiy radio va telekanallarga noto`g`ri ma`lumotlar aytib, intervyu berganlikda ayblandim va televidenie efirlaridan olib tashlandim. Surishtirish ishlarida ma`lum bo`ldiki, aslida intervyu bergan inson men bilan ism-familiyasi bir xil bo`lgan jurnalist yigit ekan. Keyinroq esa noqonuniy ishlar bilan qamalgan, degan gaplarni ham tarqatishdi... Bu tuhmatlarga oydinlik kiritilgunga qadar yana ekranga chiqmadim. Birovlar o`ylab topgan yolg`on gaplar qurboniga aylanganim menga qattiq ta`sir qildi. Ustiga-ustak, “Xo`ja” guruhi bilan birgalikda boshlagan ishlarimiz ham ortga keta boshladi. Qo`shiq yozib, ijod qilamiz, degan orzu-havasda ochgan ovoz yozish studiyasining ishi o`ngidan kelmadi. Xullas, tadbirkorligimiz ayrim sabablarga ko`ra kasodga uchradi. Ijodkor inson bu kabi ketma-ket omadsizliklarni ko`tara olmas ekan. Tushkunlikka tushib, ichkilikka bog`lanib qoldim. Irodamning biroz bo`shligi sabab qaddimni tik tutolmadim.

— Vaqtida siz qo`llab-quvvatlagan va mashhurligiga sabab bo`lgan shogirdlaringiz kelib xabar olmagani haqidagi gaplarni qanday izohlaysiz?

— Bilasizmi, bugun o`tgan hayotimni ko`z oldimdan o`tkazar ekanman, biroz sodda bo`lganimni tan olmasdan ilojim yo`q. Misol uchun, chet ellik hamkasblarimiz qonunga asoslanib ishlaydi. Prodyuser biror bir xonandani sahnaga olib chiqdimi, albatta ularning o`zaro shart­nomasi bo`ladi. Bu bilan ular o`z kelajagini, moliya­viy holatini ta`minlagan bo`ladi. O`ylab qarasam, o`sha paytda bu narsalarga aqlim etmagan ekan. Biroq nima bo`lganda ham, men uchun birinchi o`rinda insoniylik va qalb. Birov haqida yomon gapirishni xohlamayman. Omma oldida ularni muhokama qilishim noto`g`ri. Asosiysi, bugun hamma o`z yo`lini topgan, millionlab muxlislarining olqishini olyapti. Ularga faqat omad tilab qolaman.

— Bunday paytlarda oila va yaqinlarning o`rni katta, deyishadi.

— Oilamiz — eng katta boyligimiz. Qalban cho`kib, yo`limdan adashganimda ham, ularni yo`qotmadim. Onam, rafiqam va qizlarim yonimda bo`lishdi.

— Ichkilikka ruju qo`yishingizga turmush o`rtog`ingizni ayblaganlar ham bo`ldi.

— Tashqarida turib, birovning oilasida nima bo`layotganini bilib bo`lmaydi. Bugungi kunim uchun esa hech kimni ayblamayman. Oilamni, munosabatlarimni muhokama qilishga hech kimning haqqi yo`q. Hamma o`zi uchun o`zi javob berishi kerak, deb hisoblayman. Bilasizmi, hozir o`ylab qarasam, shou-biznesda eng “sara” mish-mishlar qurboniga aylangan ekanman.

— Hozirgina “Do`st” qo`shig`ingizni qayta eshitdim. Ayting-chi, do`stlar haqiqatan ham faqat boyliging bo`lsa, do`stmi?

— Samarqanddan Toshkentga ko`chib kelgan yillarimda ko`p xiyonatga duch keldim. Qanchadan-qancha sinovlarni boshimdan o`tkazdim. Afsus, ular bugungacha davom etyapti. Bugun vafodor do`st topish qiyin...

— Bo`lib o`tgan voqealardan qattiq xafa bo`ldingizmi?

— Gap-so`zlardan ta`sirlanganim rost. Qalbim og`ridi, siqildim. Lekin ginalarni o`zimda saqlamayman.

— “Yo`qchilik yiqitar yigit zo`rini” qo`shig`ini o`zingiz haqingizda kuylagandeksiz...

— Bu qo`shiqni Yulduz Usmonova taklif etgandi. “Men ayol bo`lib bu mavzuda kuylashim, tinglovchiga erish tuyiladi”, degandi o`shanda. Menga esa uning so`zlari juda yoqqan. Ovoz yozish studiyasida ham maza qilib kuylagandim. Kim bilibdi deysiz, bir vaqtlar kuylagan qo`shiqlardagi so`zlarim bugun hayotimda qaytarilishini. Bundan keyin o`zimga so`z berdim. Endi faqat sevgi-muhabbat va hayotning go`zalligi haqida kuylayman.

— Qiyin vaziyatlardan chiqishingizda yana kimlar sizga yordam beryapti?

— 2000 yil yaxshi bir inson bilan tanishgan edim. Oradan 16 yil o`tib, u bilan yana uchrashib qoldik. Bugun oilam va Muhabbat hoji ona (Rahimovlar oilasi)ning yordamida o`zimga kelyapman. Nasib qilsa, muolajalarni to`liq olib, menga bildirilgan ishonchni oqlashga astoydil harakat qilaman. Hali hammasi yaxshi bo`lishiga ishonaman. Mavridi kelganda yana bir ma`lumotni aytib o`tmoqchi edim, san`atkorlar, jurnalistlar ichida ham men uchun qayg`urgan, hurmat qilib ijodimni kutganlar borligidan quvondim. Masalan, bir necha oy oldin Yulduz Usmonova bilan uchrashib qoldik. “Bo`ldi, o`zingni qo`lga ol. Mendan nima yordam kerak bo`lsa, tayyorman”, dedi. Bundan tashqari, yakkaxon konsert dasturiga taklif etgandi, afsuski, salomatligim tufayli qatnasholmadim. Konsertda jonli ijroda kuylash kerak. Ammo yillar davomida biroz ziyon etgan ovozni sozlash uchun menga vaqt kerak. Biroq kelajakda Yulduz Usmonova bilan albatta, yana hamkorlik qilishimizga ishonaman.

— Yana nimalar haqida o`ylayapsiz?

— Rejalarim juda ko`p. Sog`ligim tiklangach, ijodimni yo`lga qo`yaman. Kimlardir uchun emas, o`zim uchun qo`shiq yozishni istayman. Yaqindagina bir tanishim kelib, qo`shiq yozib berishimni iltimos qildi. Rad etdim. Unga ham “Endi xudbin insonga aylanishga ahd qildim”, dedim. Bu hazil emas, kelajagimning haqiqati. Rostdan ham birovlarning kelajagini o`ylashni istamayman. Yana bir maqsadim — farzandlarimning kelajagi. Ikki qizimda ham iqtidor bor. Kamila hozir Estrada va sirk kollejida ta`lim olyapti. Ovoz imkoniyatlarini eshitib, xursand bo`laman. Bir-ikki yil ichida u bilan shug`ullanib, qizlarning yangi guruhini tuzishni rejalashtirdik. O`ylaymanki, uning kelajagi porloq.

— Bugungi estradani ham kuzatib turibsizmi?

— Albatta! Men ayrim tengdosh san`atkorlar singari yosh xonandalarni tanqid qilishdan yiroqman. Chunki ularning shijoa­ti, harakati va yangilik yaratishini ko`rib, hayratlanaman. Yangi asr, yangi zamonning yoshlari shunaqa faol bo`lishlari shart. Yoshlardan Shahzoda, Rayhon, Munisa Rizaeva, Nilufar Usmonova, Manzura, Ulug`bek Rahmatullaev, Shohrux va Shahriyor reperlar, “Bojalar” guruhining ijodi yoqadi. Hammasi o`z yo`nalishiga ega, yangilikka o`ch. Bugungi kunda meni faqat bir narsa xafa qilishi mumkin, xolos. U ham bo`lsa, bugungi avlod musiqa yo`nalishlarini biroz qorishtirib yubor­yapti. Janrlarni qorishtirish noto`g`ri deb o`ylayman.

— Konsert berishni rejalashtirganingizni eshitdik...

— Shunday niyatimiz ham bor. Bu konsert yakkaxon tarzda bo`lmaydi. Unda bugunning eng yorqin xonandalari ham ishtirok etishadi. Katta shou uzoq yillik tanaffusga yaxshi javob bo`ladi.

Ruslan Sharipov bilan suhbatimiz anchagacha davom etdi. U uzoq yillik ijodiy faoliyatining har bir kunini xotirasida saqlab qolgan. Ijodini endigina boshlagan damlarini, muvaffaqiyatlarini o`zgacha xursandchilik va faxr bilan gapirib berdi. U bilan gaplasha turib, Ruslan Sharipov egilsa-da, ammo sinmadi, degan xulosaga keldik. O`zbek san`ati uchun hali ko`p rejalar tuzayotganini angladik. O`zida bolalarcha samimiylikni saqlab qolgan Ruslan Sharipovga mustahkam sog`liq va ijodiy muvaffaqiyatlar tilab, xayrlashdik...

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar