O`zbek va qozoq xalqlarining do`stona munosabatlari olis tarixga borib taqaladi. Bugungi kunda ham ikki mamlakat o`rtasidagi har tomonlama hamkorlik kun sayin rivojlanib bormoqda. Davlatimiz rahbarining qo`shni yurtga joriy yilning mart-aprel oyidagi tashriflari ham azaliy aloqalarni yangi bosqichga ko`tarishga xizmat qilmoqda. Bugun ushbu do`st mamlakatning iqtisodiyot, ilm-fan va texnologiyalar sohasidagi yutuqlariga bir nazar tashlamoqchimiz.
Kecha va bugun
Bugungi kunda Qozog`iston texnologik inqilob borasida misli ko`rilmagan darajadagi yutuqlarni qo`lga kiritmoqda. Jadal avtotmatlashtirish, robotlashtirish, sun`iy ongni rivojlantirish va xalqaro texnoparklar ayrim hududlarda hali-hanuz fantastika bo`lib tuyulsa, Qozog`iston uchun yaqin kelajak manzaralariga aylandi. Prezident Nursulton Nazarboev 2025 yilgacha mamlakat iqtisodiyotini yangi bosqichga ko`tarish bo`yicha ko`rsatma bergan.
Qozog`iston yana bir karra o`z so`zini elga sovurmasligini amalda ko`rsatdi. O`n yillikning boshlarida mamlakatni dunyoning 30 ta rivojlangan mamlakatlari safiga olib chiqish masalasi qo`yilgan, ammo bu ko`pchilik siyosatchilarga shunchaki balandparvoz shior yoki ushalmas orzu bo`lib tuyulgan edi. Ammo vaqt o`tgani sari bu rejaning qanchalik haqiqatga yaqinligi oydinlashmoqda. Qozog`iston ayni paytda eski tarmoqlarni unutmagan holda, yangi yuqori texnologiyalar sohalarini yanada rivojlantirish yo`lidan borayotir.
Qozog`istonning “Silikon vodiysi”
Mamlakatda barcha hududlarda optik tolali infratuzilmalardan foydalanish imkonini beruvchi “Raqamli Qozog`iston” dasturini ishga tushirish mo`ljallangan. AQShdagi Kaliforniya shtatidagi texnologik yangilanish markazi bo`lgan “Silikon vodiysi” haqida eshitgan bo`lsangiz kerak. Ana shu maqsadda Qozog`iston ham startaplarning xalqaro texnoparki – o`z “Silikon vodiysi”ni ochish arafasida. Bu hudud uchun xorijlik investor va tadbirkorlarga soliq, viza va mehnat imtiyozlari berish ko`zda tutilmoqda.
Bugungi kunda ko`pgina davlatlardan juda ko`p iqtidorli dasturchilar, g`ayratli tadbirkorlar o`z imkoniyatlaridan to`la-to`kis foydalanish maqsadida G`arbga emas, Qozog`istonga kelayotgani ham bejiz emas. Insof bilan aytganda, bugun bu mamlakatda o`z Vataniga sodiq yoshlar kamol topayotir. Yangi texnologiyalarin chuqurroq o`zlashtirish maqsadida maktablarda ingliz tilidagi dars soatlari sezilarli darajada ko`paytirilgan. Hatto boshqa ko`plab fanlar ham aynan ingliz tilida o`tiladi. Shuningdek, mamlakatdagi ta`lim muassasalarida bepul kasbiy texnik ta`lim ham yo`lga qo`yilgan. Bu imtiyozdan barcha yoshdagilar, kasb o`rganishni istaganlar foydalanishi mumkin. Shu bilan birga mamlakatda yuqori texnologiyadlar bilan juda yaxshi chiqisha oladigan malakali mutaxassislar tayyorlashga katta e`tibor qaratilyapti.
«Made in Kazakhstan»
Aytish joizki, Qozog`iston hukumati nafaqat ta`lim, balki ijtimoiy sohalarga ham katta e`tibor qaratmoqda. Pensiya va nafaqalar ham muntazam oshirib borilmoqda.
Qozog`iston iqtisodiy islohotlar uchun ham qulay fursatni tanlay oldi. Bir paytlar mamlakat byudjetining asosiy qismi neft eksportidan kelgan bo`lsa, bugungi kunda ishlab chiqarishning boshqa tarmoqlari ham shiddat bilan rivojlanmoqda, yangi texnologiyalar joriy etilmoqda, yangi sanoat tarmoqlari shakllanmoqda.
Xususan, hukumat mamlakatni qishloq xo`jaligini yanada rivojlantirish, ekologik jihatdan eng toza agrar mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar qatoriga olib chiqishga intilmoqda. Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun Qozog`istonning ichki imkoniyatlari etarli: hosildor erlar, mo``tadil iqlim bunga imkon beradi. Ya`ni kelgusida faqat xom ashyo emas, qayta ishlangan qishloq xo`jaligi mahsulotlari miqdori ham ortib bormoqda. Tez orada «made in Kazakhstan» tamg`asi bilan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni dunyoning chekka hududlarida ham uchratish mumkin bo`ladi. Zero, yaqin besh yil ichida Qozog`iston oziq-ovqat mahsulotlari hajmini salkam yarim baravar oshirishni ko`zda tutmoqda. 2025 yilga borib, tayyor va yarim tayyor mahsulotlar eksporti miqdori ikki baravar ortadi.
Bu Qozog`istonni modernizasiyalash jarayonining ayrim jihatlari xolos. 2025 yilgacha mamlakat nafaqat barcha faoliyat turlarida raqamli texnologiyalarni joriy qilish va agrar sektorni yangi bosqichga ko`tarish, balki o`z hududidan o`tadigan tranzit tovarlar miqdorini oshirish, aholini ko`proq tadbirkorlikka jalb etish va bank tizimini yanada mustahkamlashga ham katta e`tibor qaratayotir.
Shu tariqa, Qozog`iston iqtisodiy o`sishning o`ziga xos modelini yaratmoqda. Zotan mamlakat rivojlangan davlatlarning sinalgan tajribalaridan oqilona foydalangan holda, iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni hayotga jadal tatbiq etib bormoqda.
R.JABBOROV tayyorladi