1

​Andijon voqealari haqidagi afsonalar qanday to`qilgan?

Jamiyat 19.05.2017, 21:06
Teglar: Andijon
​Andijon voqealari haqidagi afsonalar qanday to`qilgan?

“Har bahorda shu bo`lar takror” deganlaridek may oyi kirib kelishi bilan turli ommaviy axborot vositalarida 2005 yilgi Andijon voqealari haqida turkum maqolalar urchiydi. Ushbu materiallar mualliflari yillar o`tsa-da bir xil mazmundagi gap-so`zlarni chaynayveradi. Ular o`n ikki yildan beri Andijondagi fojeali kunlar haqida bir tomonlama baho berishdan nariga o`ta olishmayapti.

Ba`zi ommaviy axborot vositalari “tinch namoyishchilar o`qqa tutildi” deya o`z homiylari, ya`ni xalqaro nohukumat tashkilotlar tomonidan uqtirilgan gaplarni takrorlashga majbur bo`lmoqda. “Pulini to`lagan qo`shiqqa buyurtma beradi”, deb bejizga aytishmaydi. E`tiborli jihati, bunda aniq dalillar, ishonchli faktlar asosida emas, balki o`z aqli yoki ongi doirasida, ya`ni o`z bilganicha xulosa chiqarishga urinishadi.

2016 yilning oktyabrida J.Xopkins universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz institutida bo`lib o`tgan “Andijon [voqealari]ga yangicha nazar” deb nomlangan seminarda qilingan ma`ruzalar bunday mo`jmal gap-so`zlarning butunlay teskarisini ko`rsatdi. Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti direktori Frederik Starr, mazkur institutning etakchi ilmiy xodimi J. Deyli hamda Pentagon vakili, 2005 yilda AQShning Toshkentdagi elchixonasi xodimi bo`lib ishlagan J. Xartman mazkur seminar tashkilotchilari bo`lishdi.

F. Starr seminarni ochar ekan, Andijonda o`sha kunlardagi “vaziyatni baholashda to`g`ri yondashish zarurligi”ni ta`kidladi. Uning fikricha, o`shanda “shahardagi vaziyat ekstremistik kuchlar mamlakatda hokimiyatni qo`lga olish uchun uringanining barcha belgilari borligini ko`rsatdi”.

J. Xartmanning qayd etishicha, bugun hech qanday shubha yo`qki, o`shanda jangarilar mahalliy davlat hokimiyati organlari va jazoni ijro etish idoralariga hujum qilish orqali davlat to`ntarishini amalga oshirishga uringan. Ekstremistlarning oldindan o`ylangan harakati tufayli qurbonlar soni ko`p bo`ldi. Hukumat kuchlari va jangarilar o`rtasidagi to`qnashuvda ikki tomondan 200 ga yaqin kishi halok bo`lgan.

J. Xartman yana shuni alohida qayd etdiki, o`sha kuni Amerikaning biror-bir yirik gazetasi yoki telekanali Toshkentda o`z muxbiriga ega emas edi. Bu atrofda faqatgina Moskvada amerikalik muxbir bor edi. Amerika ommaviy axborot vositalarining Rossiyadagi xodimlari esa o`zbek tilini umuman bilmas, O`zbekiston haqida axborotga ega emas edi. Shuning uchun ular faqatgina xalqaro tashkilotlarning ma`ruzalariga asoslanib ish tutishga majbur bo`lishgan.

Shu sababli Andijon haqida materiallarning juda kam qismi ishonchli bo`lib, aksariyat qismi haqiqatga to`g`ri kelmasdi.

Amerikalik diplomatning fikricha, G`arb ommaviy axborot vositalari o`rtasidagi nosog`lom raqobat bunga sabab bo`ldi. Chunki ular “yangiliklar poygasi”da ishonchli axborotni emas, balki “qaynoq axborot”ni berishga kirishib ketgan edi.

J. Deylining ta`kidlashicha, o`sha kundagi voqea haqida bevosita guvohlar, uni o`z ko`zi bilan ko`rganlar yozishmadi. Natijada qurbonlar soni tasavvurga sig`mas darajada o`sdi, shunchaki bo`rttirib ko`rsatildi. G`arb ommaviy axborot vositalari va nohukumat tashkilotlari tomonidan to`qib chiqarilgan “Andijon kartinasi”ga mantiqan to`g`ri kelmaydigan dalillarga ko`z yumildi. Har kuni ushbu shaharda aslida nima bo`lganini tushunish murakkablashib bordi. Haqiqat esa siyosiy maqsad ortiga yashiringan ekan.

Shu bilan birga, J. Deyli ma`lum qilishicha, O`zbekiston hukumati jangarilar shaharda tartibsizlik, alg`ov-dalg`ovni yuzaga keltirish maqsadida zo`ravonlikka qo`l urganini alohida ta`kidlagan. Ekstremistlar qo`lida qurol-yarog`, asirlar borligi, har joyda snayperlar, “Molotov kokteyli” bilan qurollangan shaxslar joylashtirilgani, terroristlarning inqirozni tinch yo`l bilan hal qilish bo`yicha hokimiyat bilan muzokaralarga keskin qarshi bo`lgani dalil sifatida keltirilgan.

Amerikalik ekspertning fikricha, g`arb mamlakatlari ommaviy axborot vositalari va nohukumat tashkilotlarining Andijon voqealari bo`yicha tusmollari, ya`ni to`qima afsonalari O`zbekiston tomonidan ishonchli dalillar asosida rad etilgan. 2006 yilda voqea joyidan olingan videotasvirlar G`arb mamlakatlarigacha etib bordi. Ularda O`zbekiston hukumatining xulosalari amalda o`z tasdig`ini topdi. Ammo g`arb jamoatchiligi ongida o`sha voqealar bo`yicha stereotip qarashlar allaqachon shakllanib bo`lgan edi. G`arb nohukumat tashkilotlari o`z aybini tan olmasdan, xatolarini iloji boricha yashirishga harakat qilishdi. Oqibatda “videodalillar”ga yo e`tibor qaratilmadi, yo “o`zbek hukumatining tashviqot materiali” deb bong urildi.

Andijon fojeasidagi eng muhim jihat shundaki, ushbu voqealar yosh dunyoviy mamlakatimiz uchun og`ir sinov bo`ldi. Dunyo jamoatchiligi esa G`arb ommaviy axborot vositalari va xalqaro nohukumat tashkilotlari tomonidan “to`qilgan afsonalar” ta`siriga tushib qoldi. Agar G`arb ekstremizm va terrorizmga qarshi haqiqatan ham kurashmoqchi bo`lsa, oxirgi paytlarda Evropaning katta-kichik shaharlarini qamrab olayotgan terroristik hujumlarni inobatga olgan holda Andijon voqealaridan saboq chiqarishi, to`g`ri xulosa qilishi lozim.

Erkin Ilhomov,

mustaqil siyosatshunos.

Sharhlar

Rahbarlik lavozimlariga tayinlovlar amalga oshirildi

01.05.2024, 15:06

Andijon, Marhamat va Buloqboshi tumaniga yangi hokim tayinlandi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi. Andijon tumaniga yangi hokim tayinlandi.Yo`ldoshev Boburbek Bahodirovich - Andijon tumani...
Andijonda aka-ukani urib ketib, ulardan birining o`limiga sababchi bo`lgan YPX xodimi jazosiz qolayotgani aytilmoqda

10.08.2023, 20:43

Ijtimoiy tarmoqda “Asaka tumanida YHXB xodimi tomonidan 2 nafar shaxsga nisbatan yo`l transport hodisasi sodir etilsada, jazo muqarrarligi ta`minlanmaganligi haqida xabar joylashtirildi. Xabarga ko`ra, Asakada...
⚡️Shavkat Mirziyoev Andijonga jo`nab ketdi

01.02.2023, 09:59

Prezident Shavkat Mirziyoev hududlar iqtisodiyoti, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida Andijon viloyatiga jo`nab ketdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.Ma`lum qilinishicha, tashrif davomida...
Andijonda qizlar o`rtasida ommaviy mushtlashuv bo`ldi (video)

21.12.2022, 09:11

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Paxtaobod tumanida qizlar o`rtasida janjal yuz bergani aks etgan videoxabar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIB matbuot xizmati ma`lumot taqdim etdi.Ma`lum qilinishicha, 7...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1