O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkmanistonga amaliy tashrifi davomida "Avaza" milliy sayyohlik zonasining "Kamalak" bolalar ko`ngilochar bog`ida o`zbekistonlik bolalar bilan uchrashdi.
Joriy yilning may oyi boshida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev bilan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqotida Turkmaniston Prezidenti Kaspiy sohilidagi bolalar sog`lomlashtirish markazlari o`zbekistonlik bolalarni qabul qilishga tayyorligini bildirgan edi.
Mazkur taklifga binoan Qoraqalpog`iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlaridan 100 nafar bola “Dayanch” bolalar sog`lomlashtirish markaziga yuborildi. Shavkat Mirziyoev bolalar bilan dam olish taassurotlari, turkmanistonlik tengdoshlari bilan do`stlik munosabatlari to`g`risida suhbatlashdi, sog`lomlashtirish markazida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bolalarga sovg`alar berdi, deb yozadi O`zA.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkmanistonga amaliy tashrifi davom etmoqda.