“O`zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni imzolandi.
Ushbu Farmon bilan mamlakatimizning suv-energetika resurslarini boshqarishning yagona tizimini shakllantirish, gidroenergetikani rivojlantirishga izchil ravishda xorijiy investisiyalarni keng jalb etish va shu asosda korxonalar va aholining elektr energiyaga bo`lgan ehtiyoji to`liq qondirilishini ta`minlash maqsadida ilgari “O`zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kirgan, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo`jaligi vazirligining “O`zsuvenergo” birlashmasiga qarashli bo`lgan barcha gidroelektrostansiyalarni birlashtiruvchi “O`zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish ko`zda tutilgan.
Aytish joizki, gidroelektrostansiyalarning umumiy sonidan yiliga o`rtacha 5,2 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega 28 tasi “O`zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati tizimiga kiradi, yiliga o`rtacha 1,3 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega 8 ta gidroelektrostansiya esa Qishloq va suv xo`jaligi vazirligi tasarrufidagi «O`zsuvenergo» birlashmasi tasarrufidadir. Bu kabi bo`linish pirovardida gidroenergetika sohasini texnik boshqarishning zaruriy yaxlitligini ta`minlamaydi.
“O`zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati zimmasiga quyidagi muhim vazifalar yuklanmoqda:
gidroelektrostansiyalarda elektr energiya ishlab chiqarish sohasida yagona texnik siyosatni amalga oshirish, gidrotexnik inshootlardan xavfsiz va samarali foydalanishni ta`minlash, shuningdek, gidroenergetika ob`ektlarini markazlashtirilgan texnologik boshqarish;
gidroenergetika salohiyatini kompleks o`zlashtirish asosida gidroenergetika sohasini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda respublikamizning energetika balansi tarkibida gidroenergetikaning ulushini ko`paytirishni ta`minlash;
yirik, o`rta, kichik va mikro gidroelektrostansiyalarni loyihalashtirish va qurish sohasida zamonaviy va har tomonlama chuqur asoslangan ilmiy-texnik echimlar asosida yangi gidroelektrostansiyalar qurish va ishlab turganlarini modernizasiyalash bo`yicha investisiya loyihalarini amalga oshirish;
yangi gidroelektrostansiyalar qurish va ishlab turganlarini modernizasiya qilish bo`yicha loyihalarni amalga oshirishga xorijiy investisiyalar va ilg`or texnologiyalarni jalb etish bo`yicha xalqaro kompaniyalar va moliya institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish;
respublikamizning suv salohiyatiga tejamkorlik bilan munosabatda bo`lishni ta`minlash, gidrotexnika inshootlarini qurish va ulardan foydalanishda mavjud flora va faunani saqlash, shuningdek, mamlakatimizning iqlim, tabiiy va boshqa xususiyatlarini hisobga olgan holda suv resurslarini samarali boshqarish;
gidroenergetika sohasida oliy va o`rta maxsus ma`lumotga ega bo`lgan kadrlarni tizimli asosda tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish.
O`z navbatida, “O`zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatiga O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 maydagi PQ-2947- sonli qarori bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturini o`z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo`yicha ijro etuvchi va mas`ul organ funksiyalari yuklatilganligini ta`kidlash lozim.
Qarornining to`liq matni va unga yozilgan sharh bilan O`zAda tanishish mumkin.






