AsosiyJamiyat

​Madaniyat va san`at sohasini yanada rivojlantirish bo`yicha 2017-2021 yillarga mo`ljallangan dastur tasdiqlandi

'​Madaniyat va san`at sohasini yanada rivojlantirish bo`yicha 2017-2021 yillarga mo`ljallangan dastur tasdiqlandi'ning rasmi

Madaniyat va san`at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori imzolandi.

Mamlakatimizni yangilash va modernizasiya qilishning bugungi yangi bosqichida madaniyat va san`atning hayotimizdagi o`rni va ahamiyatini oshirish, yosh avlodimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ona yurtga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida O`zbekiston Respublikasida madaniyat va san`at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirish bo`yicha 2017-2021 yillarga mo`ljallangan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Dasturning asosiy yo`nalishlari etib belgilangan quyidagi vazifalar belgilandi:

madaniyat va san`at muassasalari faoliyatini tashkil etish va samaradorligini oshirish borasidagi qonunchilikni takomillashtirish. Jumladan, muzeylar va teatrlar faoliyatini takomillashtirish hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish. Moddiy madaniy meros va arxeologiya ob`ektlarini muhofaza qilish va ulardan samarali foydalanish mexanizmlarini yanada takomillashtirish;

madaniyat va san`at muassasalari, teatrlar, muzeylar, badiiy jamoalar, madaniyat va aholi dam olish maskanlari, madaniyat va istirohat bog`lari faoliyati, moddiy-texnik bazasi holatini atroflicha o`rganish, ularni ta`mirlash va zarur jihozlar, musiqa asboblari bilan ta`minlash, samarali ijodiy faoliyat uchun qulay shart-sharoitlar yaratish. O`zbek milliy raqs va xoreografiya san`atini yanada rivojlantirish, madaniyat va san`at rivojiga katta hissa qo`shgan taniqli san`atkorlar, jahon miqyosidagi nufuzli ko`rik-tanlovlarda yuqori o`rinlarni egallagan yoshlarni moddiy qo`llab-quvvatlash;

yoshlarni san`at maskanlariga, xususan, teatr va muzeylar, konsert tomoshalariga muntazam jalb etish, o`zbek va jahon madaniyatining eng sara namunalaridan bahramand etish orqali ularning ma`naviy-axloqiy, estetik didi va madaniy darajasini yanada yuksaltirish. Madaniyat va istirohat bog`lari hududida “Nuroniylar maskan”larini tashkil etib, faxriylarning madaniy dam olishlari uchun zarur sharoitlar yaratish;

“Seni kuylaymiz, zamondosh!”, “Debyut” kabi teatr san`ati ko`rik-festivallari samaradorligini oshirish orqali buyuk siymolar, zamonamiz qahramonlari obrazi, bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini aks ettirgan, badiiy yuksak sahna asarlarini yaratish. “Bahor nafasi” xalqaro san`at festivali, “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali, “Yoshlik bahori” respublika yosh opera ijrochilari festivali singari tadbirlar, turli xalq sayllarini tashkil etib, ularga xorijiy sayyohlarni keng jalb etish;

madaniyat va san`at yo`nalishidagi ta`lim muassasalarining malakali kadrlar va mutaxassislarga bo`lgan talab va ehtiyojlarini o`rganish, bu borada kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning samarali tizimini yaratish, zamonaviy ilg`or tajribalardan foydalanish, dunyoning mashhur musiqachilari, bastakorlari ishtirokida ijodiy uchrashuvlar, mahorat darslari tashkil etish, madaniyat va san`at yo`nalishidagi ta`lim muassasalarini o`quv dasturlari va notalar, o`quv qo`llanma va darsliklar, ilmiy-metodik adabiyotlar bilan ta`minlash;

O`zbekistonning yuksak madaniyati va san`atini xalqaro maydonda yanada keng targ`ib etish, xalqaro ko`rik-tanlov va festivallarda mamlakatimiz vakillarining ishtirokini kuchaytirish, Samarqand shahrida o`tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali nufuzini yanada oshirish, boshqa turli tadbirlarda chet ellik madaniyat va san`at namoyandalari keng qatnashishlarini ta`minlash, xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish, sohaga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish va ulardan samarali foydalanish.

Dasturni amalga oshirishni moliyalashtirish manbalari etib O`zbekiston Respublikasi Investisiya dasturlari mablag`lari, Davlat byudjeti mablag`lari, Madaniyat vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Madaniyat va san`atni rivojlantirish jamg`armasi mablag`lari; Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari ta`lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg`armasi, tijorat banklarining kredit mablag`lari hamda yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilandi.

Qarorning to`liq matni O`zAda e`lon qilindi.

Boshqa yangiliklar