O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Andijon viloyatining Bo`z tumani «Chorvador» mahalla fuqarolar yig`ini hududida qurilgan arzon uy-joylarni borib ko`rdi, deya xabar bermoqda O`zA.
«Prezident Akmal va Zilolaxon Rahmonovlar xonadonida bo`lib, bu erda yaratilgan sharoitlar, oilaning turmushi, farzandlar tarbiyasi bilan qiziqdi», — deyiladi agentlik xabarida.
Ushbu mahallada maydoni 2 sotixli, uch xonali 10 zamonaviy uy bunyod etilgan. Ularda yotoqxona, mehmonxona, oshxona, xo`jalik binolari mavjud. Uylar tabiiy gaz, toza ichimlik suvi va elektr energiyasi bilan ta`minlangan.
Shavkat Mirziyoev bunday turar joylarni ko`proq qurib, odamlarga munosib sharoitlar yaratish doimo e`tiborda bo`lmog`i zarurligini ta`kidladi. Mutasaddilarga uy-joylarni aholi va zamon talablari asosida loyihalashtirish va bunyod etish yuzasidan tavsiyalar berdi.
Ma`lumot uchun, O`zbekiston Prezidentining 2016 yil 21 oktyabrdagi «2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo`yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to`g`risida»gi qaroriga muvofiq barcha joylarda arzon uylar qurilishi davom etmoqda.






