Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining Xorazm viloyati filialida Rossiyaning A.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi ilmiy-amaliy markazi direktori, akademik Leo Bokeriya ishtirokida mahorat darslari o`tkazildi, deb yozadi O`zA.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 2017 yil 27-28 yanvar kunlari Xorazm viloyatiga qilgan tashrifi davomida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining Xorazm filiali faoliyati bilan tanishdi. Filial faoliyatini yanada yaxshilash bo`yicha fikr va tavsiyalarini bildirib, shifoxona negizida Rossiyaning A.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi ilmiy-amaliy markazi filialini tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berdi. Mazkur shifoxona kelajakda Qoraqalpog`iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlari aholisi uchun mintaqaviy markaz bo`lishi ko`zda tutilgan.
Yurtimizga kelgan mashhur kardiojarroh Leo Bokeriya ushbu filial faoliyati bilan tanishdi. Tanishuv davomida Rossiya Federasiyasining A.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi ilmiy-amaliy markazi bilan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining Xorazm viloyati filiali o`rtasida o`zaro hamkorlik bo`yicha bitim imzolandi.
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi Xorazm viloyati filialiga angiografiya tibbiyot uskunasi o`rnatilgani yurak holatini chuqur o`rganish barobarida, o`pka arteriyasi bosimini ham mukammal tahlil qilish imkonini beradi. Bu bilan kardiojarrohlikda eng murakkab amaliyot hisoblanadigan qon tomirlarini stendlash, aorta koronar shuntlash amaliyoti o`tkazish uchun zarur sharoit yaratiladi.
Leo Bokeriya filial mutaxassislari bilan hamkorlikda tug`ma yurak nuqsoni – qorinchalararo to`siq nuqsoni bilan og`rigan bemor, Bog`ot tumanida yashovchi Maqsadbek Yo`ldoshevda jarrohlik amaliyotini o`tkazdi.
– O`zbekistonlik mutaxassislar bilan hamkorlikdagi jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o`tdi, – deydi Leo Bokeriya. – 16 yoshli o`smirda tug`ma yurak nuqsoni – qorinchalararo to`siq nuqsonini plastika qilish jarrohlik amaliyotini sun`iy qon aylantirish sharoitida o`tkazdik. Yuqori malakali shifokorlar bilan ishlash menga zavq bag`ishladi. Mening nazarimda biz go`yo ko`p yillardan buyon birga ishlagandekmiz. Bu erdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, shifokor va bemorlar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar tahsinga loyiq. Tibbiyot hamshiralarining jarrohlik amaliyotidagi ishi ham yuqori darajada. Dori-darmon bilan ta`minlash ham yaxshi yo`lga qo`yilgan.
Rossiyalik kardiojarroh ishtirokida mahalliy kardiojarrohlar uchun mahorat darslari o`tkazildi. Yurak-qon tomir kasalliklarining og`ir asoratli turlari bilan og`rigan bemorlar ko`rikdan o`tkazilib, zarur maslahatlar berildi.
Imzolangan hamkorlik bitimiga ko`ra, mahalliy shifokorlar rossiyalik hamkasblari bilan muntazam tajriba almashish imkoniyatiga ega bo`ldi. Bu mamlakatimizda aholi salomatligini yanada mustahkamlash, mahalliy mutaxassislarning yuqori texnologiyaga asoslangan eng murakkab kardiojarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirishdagi tajribasini boyitishga xizmat qiladi.
Xorazm viloyatidagi tarixiy obidalarga sayohat mehmonda katta taassurot qoldirdi.