AsosiyJamiyat

​FVV: Chirchiq daryosining 11 ta uchastkasida hozirda suv bosish xavfi yuqori

'​FVV: Chirchiq daryosining 11 ta uchastkasida hozirda suv bosish xavfi yuqori 'ning rasmi

“O`zgidromet” markazidan olingan ma`lumotga ko`ra, ob-havo haroratining keskin ko`tarilishi natijasida, Toshkent viloyatining yuqori tog`li hududlaridagi mavjud qor qatlamlarining jadal erishi tufayli Chirchiq daryosining suv sarfi ko`payib daryo qirg`oqlarini emirilishiga olib kelishi aniqlandi.

Hozirda, mutaxassislar tomonidan Chirchiq daryosining jami 11 ta uchastkalarida (Yuqorichirchiq – 4 ta, Qibray – 2 ta, Quyichirchiq – 3 ta va Yangiyo`l – 2 ta) qirg`oqlarining emirish holatlari hamda suv bosish xavfi yuqoriligi ta`kidlanmoqda. Mazkur hududda jami 254 ta xo`jalik (1615 nafar fuqaro), 23 ta dala xovlilar va 80 ga ekin er maydonlari mavjud.

Ayni damda FVV, Qishloq va suv xo`jaligi vazirligi, O`zgidromet, Davlat sanitariya va epidemiologiya nazorati markazi, Ergeodezkadastr davlat qo`mitasi, Toshkent viloyati hokimligi mas`ul xodimlaridan iborat 6 ta guruh tashkil etilgan bo`lib, ular tomonidan Chirchiq daryosi qirg`oq muxofaza zonasini o`rganish bo`yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Suv bosishi mumkin bo`lgan hududlarni oldini olish, kelgusida aholini va ekin er maydonlarni sodir bo`lishi mumkin bo`lgan suv toshqini bilan bog`liq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish borasida kechiktirib bo`lmaydigan muhandislik-texnik va boshqa himoya ishlarni amalga oshirish maqsadida, Chirchiq daryosining qirg`oqlarida 7 iyun holatiga jami bo`lib, 3230 m3 xarsang tosh, 480 m3 beton, 1760 m3 tosh-shag`al ishlari bajarildi.

Amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida, Toshkent viloyati hokimligida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasi mas`ul xodimlari, tegishli vazirlik va idora vakillaridan iborat tezkor shtab tashkil etilgan.

Chirchiq daryosi yaqinidagi hududlarda mavsum davomida suv satxining ko`tarilishi natijasida qirg`oq yaqinidagi binolarning zarar ko`rishi hamda insonlar hayotiga xavf tug`dirishi mumkinligini inobatga olgan holda, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Chirchiq daryosi qirg`oq muhofaza zonasida xavfsizlik qoidalariga rioya qilishingizni so`raydi.

Qirg`oqlarga suv toshishi bilan bog`liq hodisalar bo`yicha savol va muammolar bo`lsa 233-43-56, 234-87-20 va (+99895) 198-57-02 telefonlariga murojaat qilishingiz mumkin.

Boshqa yangiliklar