AsosiyDunyo

Hashamatni yoqtirmaydigan, ammo xayriya uchun pul ayamaydigan mashhurlar

'Hashamatni yoqtirmaydigan, ammo xayriya uchun pul ayamaydigan mashhurlar'ning rasmi

Ko`pincha biz mashhurlar restoranlarda ovqatlanishadi, dabdabali avtomobillarda yurishadi, qimmatbaho liboslarni kiyishadi, deb o`ylaymiz. Quyida misli ko`rilmagan gonorar olishsa-da, kamtaringina yashaydigan mashhurlar bilan tanishing.

Jennifer Lourens


“Ochlik o`yinlari” qahramoni Jennifer peshona teri bilan topayotgan “aqcha”larini zoe qilmaydi, desak, mubolag`a bo`lmaydi. O`zining shaxsiy Volkswagen Eos rusumli mashinasida yuradi, do`kondagi arzongarov mahsulotlardan xarid qiladi. Aktrisaning ona shahri Luisvilldagi bolalar kasalxonasining kardiologik bo`limiga Jennifer Lawrence Foundation Cardiac Intensive Care Unit (Kosair Hospital) nomi berilgan. Jennifer bu shifoxonaga 2 mln. dollarni xayriya qilgan.

Sara Jessika Parker


Aktrisa pullarini tejamkorlik bilan ishlatadi va farzandlarini ham shunga o`rgatgan. Sara bolalariga o`zi kiyim tikib beradi.

Vinsent Kartayzer

“Aqldan ozganlar” serialining yulduzi jamoat transportida yurishni maqbul ko`radi va odmigina uyga yashaydi. Serialning asta-sekin mashhur bo`lishi bilan chor-atrofini o`rab borayotgan buyumlar Vinsentning jahlini chiqardi. Shunda u ancha-muncha buyumlarini odamlarga tarqatib yubordi.

Kristian Beyl


“Mio, bolajonim Mio”dagi Yum-Yumni taniyotgan bo`lsangiz kerak. Vaqt o`tib rejissyor Kristofer Nolanning “Betmen”ida super qahramonni yaratgan Kristian Beyl hatto mashhurlikka erishgach ham uzoq vaqtgacha bir xonali kvartirasida oilasi bilan istiqomat qilavergan, uning na telefoni, na tansoqchisi bo`lgan. “Mol-dunyo men uchun sariq chaqalik ahamiyatga ega emas. Mabodo bitta-yarimta o`g`ri uyimni tunashga tushsa, o`tirvolib yig`lay boshlashi turgan gap”, ¬– degandi aktyor intervyularidan birida. Yaqinda katta ekranlarga chiqariladigan yangi “Va`da” filmidan tushadigan pullarni aktyor xayr-ehsonga tortiq etishni rejalashtirgan.

Leonardo Di Kaprio


Katta gonorar to`lanadigan aktyorga aylanganda ham Leo oddiy Toyota Prius rusumli mashinasida yuravergan. Di Kaprio nufuzli samolyotlarda emas, balki sal “mundayroq” samolyotlarda uchishni ma`qul ko`radi. 1998 yili aktyor Leonardo Di Caprio Foundation xayriya fondini tashkil qilib, o`ttizdan ortiq xayriya tashkilotlariga, jumladan, Amazon Watch, National Geographic: Pristine Seas, Save the Elephants and the World Wild life Fund kabilarga 15 mln. dollar o`tkazib bergan.

Jennifer Garner


Jennifer Hollivud yulduzi bo`lishi bilan birga uy bekasi uy bekasi ekanini ham unutmaydi. Garner ko`pincha ul-bul olib kelgani bozorga o`zi chiqadi. Aktrisa Save the Children (bolalar huquqi va ta`limi bo`yicha shug`ullanuvchi fond) fondi bilan o`n yildan beri hamkorlik qilib keladi.

Rassel Krou


Oskar mukofoti sovrindori to`kin-sochin hayotni o`ziga ep ko`rmaydi. U Avstraliyaga ko`chib o`tib, oddiy rancho bilan eski jip sotib oldi. Krouning aytishicha, u anchadan beri izlayotgani – xotirjamlik va tabiatni topdi. Rassel tez-tez turli tashkilotlarga, xususan, 2004 yili teraktdan jabr ko`rgan Monrealdagi maktabga yirik summalarini ajratib turadi.

Riz Uizerspun


Aktrisa pullarini ehtiyotkorlik bilan ishlatadi va ozmi-ko`pmi pul yig`ib qo`yishni odat qilgan. Bolalarini ham o`ta erkalatib yubormaydi, ularni moliyaviy tartib ga o`rgatgan. Riz AQSh va Kanadadagi qashshoq bolalar uchun buyumlar yig`ish kampaniyasida ishtirok etib turadi.

Jessika Alba


Jessika – juda tejamkor ona va ekologik toza The Honest Company tagliklari kompaniyasining asoschisidir. Aktrisa katta qizining tor kelib qolgan kiyimlarini tashlab yubormasdan, ularni kichkina qizalog`iga kiydiradi. Amerikaning Forbes jurnali Jessika Albani AQshning eng boy ayollari ro`yxatiga kiritgan bo`lsa-da, aktrisa jamoat transportida yurishdan uyalmaydi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar