AsosiySport

Viktor Jalilov: Eronni avval ham o`z maydonida mag`lubiyatga uchratganmiz

'Viktor Jalilov: Eronni avval ham o`z maydonida mag`lubiyatga uchratganmiz'ning rasmi

O`zbekiston milliy terma jamoasi ertaga, 12 iyun kuni JCh–2018 saralash bosqichi 8-turida Eron futbolchilariga qarshi bahs olib boradi. Uchrashuvdan oldin o`tkazilgan matbuot anjumanida Viktor Jalilov va Murod Xolmuhammedov qatnashib, bo`lajak o`yin borasida o`z fikrlarini bildirib o`tdi.

“So`nggi saralash bosqichi oxiriga etay deb qoldi va bizni oldinda juda muhim o`yinlar kutib turibdi. Guruhdagi vaziyatga e`tibor qatarsak, hali hech narsa hal bo`lmaganini ko`rishimiz mumkin. Jamoalar ikkitadan ortiq to`p farqi bilan g`alaba qozonmagan va bu raqobat kuchli ekanidan dalolatdir. Guruhda har bir jamoa o`z oldiga aniq bir maqsadni qo`ygan.

Guruhimizda asosiy kurash Eron, Janubiy Koreya va O`zbekiston o`rtasida kechmoqda, ammo Suriya, Xitoy va Qatar yaxshi o`yin ko`rsatib, yuqori pog`onada turgan jamoalarga muammolar tug`dirmoqda. Bo`lajak o`yinlarda aynan jadvalning quyi qismidagi jamoalar yuqoridagi ikki o`rin uchun kurashayotganlarga muammo keltirishi mumkin.

“2012 yilda Eronni o`z maydonida mag`lub qilganmiz, demak, har qanday jamoani mag`lubiyatga uchratish mumkin. To`g`ri, Eron so`nggi saralash bosqichida hali gol o`tkazmadi, lekin bu futbol va unda har narsa bo`lishi mumkin, kutilmagan natijalar qayd etilishi mumkin. Nima uchun biz Eronga gol urmasligimiz kerak. Buni uddalay olamiz deb o`ylayman”, – dedi Viktor Jalilov.

“Toshkentdagi o`yinda deyarli tengma-teng o`yin guvohiga aylangandik. O`zbekiston g`alaba uchun maydonga tushgandi, biroq o`sha o`yindagi hakamlarning kutilmagan qarori tufayli standart vaziyat belgilangan va davrozamizdan to`p olib chiqqandik. Eron terma jamoasi va shaxsan Karlush Keyrushga tayyorlab qo`ygan sovg`amiz bor. Umid qilamanki, ertaga g`alaba qozonib, 3 ochko bilan Toshkentga qaytamiz.

Eron tarkibida alohida bir o`yinchini ajratmagan bo`lardim. Raqib jamoaviy o`yin namoyish qilishi orqali yaxshi tanilgan. Faqatgina, Eronning himoya chizig`i kuchli va tartibli o`yin ko`rsatishini ayta olaman”, – dedi Murod Xolmuhammedov.

Eslatib o`tamiz, Eron – O`zbekiston uchrashuvi ertaga, 12 iyun kuni Tehron shahridagi “Ozodi” stadionida bo`lib o`tadi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan 21:45 da boshlanadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar