O`zbekiston milliy terma jamoasi ertaga, 12 iyun kuni JCh–2018 saralash bosqichi 8-turida Eron futbolchilariga qarshi bahs olib boradi. Uchrashuvdan oldin o`tkazilgan matbuot anjumanida Karlush Keyrush o`z fikrlari bilan o`rtoqlashdi.
“Atrofimizdagi odamlar Jahon chempionati nima ekani haqida noto`g`ri tushunchaga ega bo`lmoqda. Ularning fikricha JCh bu Rossiyaga borib ishtirok etish. Yo`q, unday emas, avval aytganimdek, oldingi o`yinlar, ertangi va bo`lajak bahslar – bularning barchasi Jahon chempionatiga teng. Ertaga O`zbekistonga qarshi maydonga chiqamiz. Bu bizning qiyin raqiblarimizdan biri. Nima bo`lganda ham, ertaga bor kuchimizni ko`rsatamiz va maqsadimizga erishishga harakat qilamiz.
O`zbekiston mazkur guruhdagi eng yaxshi jamoalarda biri. Ularga qarshi har qaysi o`yin doim qiyin kechgan. Salohiyali futbolchilar, tashkiliy o`yin, murabbiylar taktikasi – O`zbekiston aynan shular bilan ajralib turadi. Futbolchilarim ertangi o`yinga tayyor, ular bu bellashuvni intizorlik bilan kutdi. Bundan tashqari biz o`z maydonimizda o`ynaymiz. “Ozodi” stadioni doimo biz uchun 12-o`yinchi bo`lgan va umid qilamanki, bu an`ana ertaga ham davom etadi.
Kuchli raqibga qarshi o`yinda aynan muxlislar bizga ko`mak beradi. Bo`lajak o`yinning barcha 90 daqiqasida bor kuchimiz bilan harakat qilishimiz, xushyorlikni yo`qotmasligimiz talab etiladi. Maydondagi eng yaxshi o`yinchi – bu “Ozodi”ga keladigan muxlislar. Ishonchi komil, yuqorida ta`kidlangan barcha omillar bizga muvaffaqiyat keltiradi.
Futbolda hech narsa osonlikcha kelmaydi, barchasi mehnatni talab qiladi. Guruhda birinchi o`rinda ketayotgan bo`lsak ham, har bir o`yinga xuddi u oxirgisidek maydonga tushamiz. O`zbekiston bilan bo`ladigan o`yin ham bundan mustasno emas. Raqibni hurmat qilgan holda g`alaba sari intilamiz”, – dedi Karlush Keyrush.
Eslatib o`tamiz, Eron – O`zbekiston uchrashuvi ertaga, 12 iyun kuni Tehron shahridagi “Ozodi” stadionida bo`lib o`tadi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan 21:45 da boshlanadi.