Xitoyda mazasi qochib, o`zini yomon his qilgan avtobus haydovchisi avtobusni yo`l chetiga to`xtatgandan keyin bir necha daqiqa o`tgach, infarktdan vafot etdi, deb xabar berdi Vesti.ru nashri.
Voqea Shanxay shahrida yuz berdi. 177-raqamli yo`nalishda harakatlanuvchi avtobus ichida voqea yuz berganda 10 nafar yo`lovchi bo`lgan. Rulni boshqarayotgan 42 yoshli Se Shixay ismli haydovchi mazasi qochganligiga qaramay, tormozni bosishga ulgurdi.
Salondagi kuzatuv kamerasidan erda yotgan haydovchining yuragini massaj qilayotgan yo`lovchilarni ko`rish mumkin. Voqea joyiga etib kelgan “Tez yordam” xodimlari haydovchining hayotini saqlab qololmadi.
Vafot etgan haydovchining sog`ligida muammosi bo`lganligi haqida ma`lumot berilmadi. Endi Se Shixay ishlagan transport kompaniyasining xodimlari har yili majburiy tibbiy ko`rikdan o`tkaziladigan bo`ldi.