1

​Ramazon oyining oxirgi o`n kuni fazilati

Jamiyat 15.06.2017, 13:59
Teglar: Muborak Ramazon
​Ramazon oyining oxirgi o`n kuni fazilati

Barchamizga ma`lumki, Ramazon oyining uch o`n kunligi uch xil fazilatga egadir. Ya`ni, birinchi o`n kunlik Allohning rahmati nozil bo`ladigan kunlardir. Ikkinchi o`n kunlik esa, Allohning mag`firati keng bo`lgan kunlardir. Uchinchi o`n kunlik esa, ro`zador bandalar do`zaxdan ozod qilinadigan kunlardir. Ushbu o`rinda uchinchi o`n kunning fazilati haqida so`z yuritamiz:

Ramazonning oxirgi o`n kunining bir nechta fazilatlari bor bo`lib, ular quyidagilardir:

1. Bu kunlarning fazilati sababli Alloh taolo bandalarini do`zaxga kirishdan ozod qiladi. Bu haqida Salmon al-Forisiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “...U (Ramazon) uning avvali rahmat, o`rtasi mag`firat, oxiri do`zaxdan ozod qilish bo`lgan oydir....”, deganlar. Bayhaqiy rivoyat qilgan.

Ro`zadorlar birinchi o`n kunlikda Allohning rahmatiga sazovor bo`lib, ikkinchi o`n kunlikda gunohlari mag`firat qilinib, uchinchi o`n kunlikda esa, do`zaxdan ozod qilinadi. Shuning uchun, har kim bu ulug` kunlarni g`animat bilib, foydalanib qolish lozim.

2. Ramazoning oxirgi o`n kechalari ichida “Qadr” kechasi bor.

Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ : « تَحَرَّوْا لَيْلَةَ الْقَدْرِ فِي الْعَشْرِ الْأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ » . رَوَاهُ مُسْلِمٌ .

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o`nligidan qidiringlar”, dedilar. Muslim rivoyat qilgan.

Boshqa bir rivoyatda, oxirgi o`n kunning toq kechalaridan Qadr kechasini izlash haqida aytilgan:

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ : « تَحَرَّوْا لَيْلَةَ القَدْرِ في الوَتْرِ مِنَ العَشْرِ الأوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ » . رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ .

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o`n (kechasining) toq (kechalari)dan qidiringlar”, dedilar. Buxoriy rivoyat qilgan.

Demak, bu o`n kun kechalarining birida Qadr kechasi borligi sababli bu o`n kun boshqa kunlardan fazilatli bo`ldi. Kim Qadr kechasining fazilatiga ega bo`lmoqchi bo`lsa, Ramazoning oxirgi o`n kechalarini ibodatlar bilan bedor o`tkazishi lozim bo`ladi.

3. Nabiy alayhissalom Ramazonning oxirgi o`n kunida e`tikof o`tirganlar.

Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ يَعْتَكِفُ العَشْرَ الأَوَاخِرَ مِنْ رَمَضَانَ ، حَتَّى تَوَفَّاهُ اللهُ تَعَالَى ، ثُمَّ اعْتَكَفَ أزْوَاجُهُ مِنْ بَعْدِهِ . مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ .

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam Alloh taolo u kishini vafot ettirgunicha Ramazonning oxirgi o`n (kunida) e`tikof o`tirar edilar. So`ngra, u zotdan keyin, xotinlari e`tikof o`tirishdi”. Muttafaqun alayh.

Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bu kunlarda e`tikof o`tirishlari ham, oxirgi o`n kunlarning fazilatli ekaniga dalolat qiladi.

4. Payg`ambarimiz alayhissalom Ramazoning oxirgi o`n kuni kirishi bilan ibodatga qattiq bel bog`lardilar.

Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:

عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَجْتَهِدُ فِي الْعَشْرِ الْأَوَاخِرِ مِا لا يَجْتَهِدُ فِي غَيْرِهِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ .

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oxirgi o`nlikdan boshqasida qilmagan harakatini oxirgi o`n kunlikda qilar edilar”. Muslim rivoyat qilgan.

Yana bir boshqa hadisda shunday deyilgan:

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا قَالَتْ كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا دَخَلَ الْعَشْرُ شَدَّ مِئْزَرَهُ وَأَحْيَا لَيْلَهُ وَأَيْقَظَ أَهْلَهُ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: U aytdi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam oxirgi o`nlik kirgan vaqtda, belni mahkam bog`lardilar va uning kechasini tiriltirar va o`z ahllarini ham uyg`otar edilar”. Muslim rivoyat qilgan.

Nabiy alayhissalom bu o`n kunlikda nafaqat o`zlari ibodat bilan mashg`ul bo`lganlar, balki ahli oilasini ham shunga targ`ib qilib, ularni ham kechalarda ibodat uchun uyg`otar ekanlar. U zotning bu amallarini barchamiz o`zimizga lozim tutsak, muhim sunnatga amal qilgan bo`lamiz. Payg`ambarimiz alayhissalomning bu kunlarda ibodatlarga qattiq kirishishlari ham bu kunlarning fazilatiga dalolat qiladi.

5. Ramazonning oxirgi kechasida ro`zadorlarning mag`firat qilinishi.

Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: أَنَّهُ قَالَ: يُغْفَرُ لأُمَّتِهِ فِي آخِرِ لَيْلَةٍ مِنْ رَمَضَانَ ، قِيلَ : يَا رَسُولَ اللَّهِ أَهِيَ لَيْلَةُ الْقَدْرِ ؟ قَالَ : « لا ، وَلَكِنَّ الْعَامِلَ إنَّمَا يُوَفَّى أَجْرَهُ إذَا قَضَى عَمَلَهُ » . رَوَاهُ أَحْمَدُ .

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ramazonning oxirgi kechasida o`zining ummatini mag`firat qilinadi”, dedilar.

“Ey, Allohning Rasuli! U (oxirgi kecha) Qadr kechasimi?”-deyildi.

U zot: “Yo`q. Lekin amal qiluvchi o`z amalini bajarib bo`lsa, ajrini unga to`liq qilinadi”, dedilar. Ahmad rivoyat qilgan.

Bu hadisi sharifda ro`zador kishi bir oy mobaynida qilgan ibodatlari sababli erishgan ajr va savoblari unga Ramazoning oxirgi kechasida to`liq qilib berilishi haqida aytilmoqda.

Yuqoridagi hadisi shariflardan Ramazon oyining oxirgi o`n kuni naqadar fazilatli ekani barchamizga ma`lum bo`ldi. Shunga ko`ra, barchamiz bu ulug` kunlarni g`animat bilib, savoblarimizni ko`paytirib, gunohlardan poklanib olishga harakat qilaylik. Zero, Ramazoning ham sanoqli kunlari qolyapti. Bu imkoniyatni qo`ldan chiqarib, keyin afsuslanib yurmaylik. Alloh taolo bu ulug` oy sababidan barchamizning gunohlarimizni kechirsin, savoblarimizni ko`paytirib bersin.

“Ko`kaldosh” Toshkent o`rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi Madaminov Shokirjon.

Muslim.uz saytidan olindi

Sharhlar

Qadr kechasi uchun 27 tavsiya

11.06.2018, 14:50

Kechasi tetik turish uchun peshindan keyin biroz dam oling.Ibodatga xalal bermaslik uchun iftorda ko`p ovqat emang.Bu kechani ibodat bilan o`tkazayotganda tavba qilishga azm qilish.Barcha mo`minlar...
Qadr kechasi: eng buyuk tun

11.06.2018, 14:39

Bolaligimda, bir sehrli kechada laylak uchib kelishi, u uchib o`tayotganda inson nimani ushlasa, o`sha narsa oltinga aylanib qolishi haqidagi rivoyatni eshitganimdagi hayrat va hayajonni hozir...
Qadr kechasi: fazilatlari va alomatlari

07.06.2018, 15:49

Ramazon xususida biz bandalarga uchta mag`firat va`da qilindi. Dastlabkisida “kim Ramazon ro`zasini imon va ajr umidida tutsa, uning o`tgan gunohlari mag`firat qilinadi”, deyilgan. Keyingisida “Kim...
Ramazon oyida bo`lgan tarixiy hodisalar

21.05.2018, 11:27

Ramazon oyida juda katta tarixiy voqealar sodir bo`lgan. Shu o`rinda muslim.uz nashri ulardan ayrimlarini sanab o`tdi:Milodiy 610 yili, hazrati Muhammadga (sollallohu alayhi va sallam) qirq...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1