AsosiyJamiyat

​Shavkat Mirziyoev 78-umumta`lim maktabni borib ko`rdi

'​Shavkat Mirziyoev 78-umumta`lim maktabni borib ko`rdi'ning rasmi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 78-umumta`lim maktabini borib ko`rdi.

Mamlakatimizda yosh avlod ta`lim-tarbiyasiga alohida e`tibor qaratilmoqda. O`g`il-qizlarning zamonaviy bilim olishi, yuksak ma`naviyatli bo`lib ulg`ayishi uchun zarur sharoit yaratish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Uchtepa tumanidagi 78-maktab 1967 yilda qurilgan. Maktabni qayta ta`mirlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash rejalashtirilmoqda.

Prezidentimiz maktab bilan kollejlar o`rtasidagi bog`liqlikni mustahkamlash, xususan, ushbu maktabda tajriba sifatida 11 yillik ta`limni qayta tiklash, uning qoshida o`quv-kasb korxonasi tashkil etish zarurligini ta`kidladi.

Yuqori sinflarda bolalar shaxs bo`lib, jamoa bo`lib shakllanadi, dedi davlatimiz rahbari. Ayni o`sha paytda ularni o`zlari o`rgangan muhitdan ajratib qo`ymaslik kerak. Bu yoshlarning ruhiyatiga, davomatiga, oxir-oqibatda ta`lim-tarbiyasiga salbiy ta`sir qilishi mumkin. Shu bois ta`lim jarayonining usluksizligini ta`minlash, o`quv dasturlarini takomillashtirish zarur.

Shavkat Mirziyoev 15 iyun kuni Toshkentda bo`lib o`tgan "Ijtimoiy barqarorlikni ta`minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi" mavzuidagi anjumanda so`zlagan nutqida yosh avlod tarbiyasi haqida alohida to`xtalib o`tdi.

“Bizni hamisha o`ylantirib keladigan yana bir muhim masala – bu yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, bir so`z bilan aytganda, dunyoqarashi bilan bog`liq. Bugun zamon shiddat bilan o`zgaryapti. Bu o`zgarishlarni hammadan ham ko`proq his etadigan kim – yoshlar. Mayli, yoshlar o`z davrining talablari bilan uyg`un bo`lsin. Lekin ayni paytda o`zligini ham unutmasin. Biz kimmiz, qanday ulug` zotlarning avlodimiz, degan da`vat ularning qalbida doimo aks-sado berib, o`zligiga sodiq qolishga undab tursin. Bunga nimaning hisobidan erishamiz? Tarbiya, tarbiya va faqat tarbiya hisobidan”, deya ta`kidladi Prezidentimiz.

Bu vazifalar maktab, oila, mahalla, butun jamoatchilikka katta mas`uliyat yuklaydi. Mamlakatimizda ta`lim-tarbiya sohasining barcha bo`g`inlari – maktabgacha ta`lim, maktab, o`rta maxsus va oliy ta`lim tizimini takomillashtirish, yangi muassasalar bunyod etish va mavjudlarini qayta ta`mirlash bo`yicha olib borilayotgan ishlar yoshlar kamolotida o`z samarasini beradi.

Shu erda 1-sinf o`quvchilariga beriladigan “Prezident sovg`asi” komplekti, maktab o`quvchilariga mo`ljallangan badiiy adabiyotlar, xalq ta`limi muassasalarini yangi o`quv yiliga tayyorlash rejasi namoyish etildi.

Boshqa yangiliklar