AsosiyDunyo
9807

​Bishkekda kelinlarni “ijaraga berish” xizmati yo`lga qo`yildi

'​Bishkekda kelinlarni “ijaraga berish” xizmati yo`lga qo`yildi'ning rasmi

Bishkekda “Bir soatlik kelin” xizmati paydo bo`ldi.

Bu haqda Tojikistonning “Dialog” nashriga asoslanib, “Daryo” xabar bermoqda. Yollangan ayollarning majburiyatlariga birinchi navbatda, ziyofatlarda xizmat qilish kiradi: ular dasturxon tuzaydi, taomlarni tayyorlaydi va dasturxonga tortadi, idish-tovoqlarni yuvadi va mehmonlarga hurmat belgilarini namoyon qiladi.

Oilaning o`zida «xizmat ko`rsatish» uchun kelinlar etarli bo`lmasa, endi xuddi boshqa mamlakatlarda xizmatkor yollashganidek, kelinlarni ijaraga olib turish mumkin bo`ldi, deyiladi xabarda.

«Men katta oilada yakka-yu yagona kelinman. Bizda doim to`ylar, bayramlar o`tkaziladi, — dedi «Bir soatlik kelin» biznesi asoschisi Indira Temirkanova. — Ko`pincha bir o`zim ulgurmay qolardim, boshimda esa doim shunday bir servis bo`lsaki, pul evaziga qarindoshlarim oldida mening o`rnimga kelinlik burchini ado etib berishsa, degan fikr aylanardi. Bu g`oya biznes-loyihaga aylandi».

Indira namunali kelin bo`lish qanchalik qiyinligini juda yaxshi bilgani uchun yosh kelinlar hayotini engillashtirishga qaror qilganini ta`kidladi.

Bugungi kunda uning «kelin»larini oilaviy tadbirlar, to`y va boshqa ziyofatlarda ishlash uchun doimiy ravishda taklif qilishadi. Har bitta buyurtma uchun Indira zarur sondagi qizlarni to`playdi. Ular chaqirtirgan uyga borib, dasturxon bezaydi, mehmonlar uchun taomlar va noz-ne`matlar tayyorlaydi.

Bunday tantanalarda «kelin»larning yana bir vazifasi — bolalarni o`ynatib ovutish. Bu ishni ham Indiraning xodimalari a`lo darajada ado etadi.

«Kelin»lar ziyofatdan eng so`nggi mehmon ketib, eng so`nggi likop yuvilmagunicha ishlaydi.

Indira Temirkanova enagadan tortib, murabbiyagacha bo`lgan uy xodimlarini tayyorlash bo`yicha maktab ochish rejalari bilan bo`lishdi.

Ma`lumot uchun, O`zbekistonda ham “bir soatlik er” xizmati mavjud. “Bir soatlik er” xonadondagi buzilgan mebellar va santexnika vositalarini ta`mirlash bilan shug`ullanadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar