1

​O`zbekistonlik ishbilarmonlar Shveysariyadagi biznes forumda ishtirok etdi

Jamiyat 22.06.2017, 10:05
Teglar: Biznes-forum
​O`zbekistonlik ishbilarmonlar Shveysariyadagi biznes forumda ishtirok etdi

Syurix shahrida O`zbekiston va Shveysariya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo`lib o`tdi, deb yozadi O`zA.

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, “O`zfarmsanoat” aksiyadorlik konserni, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari eksportini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi, shuningdek, mamlakatimiz to`qimachilik va farmasevtika sohasida faoliyat yuritayotgan o`nga yaqin kompaniya vakillari ishtirok etdi.

Forumda shveysariyalik biznesmenlarga O`zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining eksport salohiyati, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari eksportini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi ko`rsatayotgan xizmatlar, ikki tomonlama hamkorlik yo`lida erishilgan natijalar va ustuvor yo`nalishlar, o`zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning xorijiy xaridorlar uchun tijorat takliflari to`g`risida ma`lumotlar taqdim etildi.

Biznes-forum doirasida erishilgan kelishuvga muvofiq, Shveysariya va Evropa Ittifoqi davlatlaridagi import qiluvchi korxonalar, yirik savdo tarmoqlari va riteyl-kompaniyalar, tadbirkorlar uyushmalari, birlashmalari va boshqa hamkor tashkilotlar bilan hamkorlik o`rnatish, uni yanada faollashtirish, xususan, ushbu mamlakatlar bozorida O`zbekiston kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari mahsulotlarini eksportga etkazib berishni yo`lga qo`yish, yurtimiz tadbirkorlarining yirik ko`rgazma va yarmarkalarda ishtirok etishi, qo`shma tadbirlar o`tkazish, zarur lisenziya va sertifikatlar olish ishlarini tashkil etish ko`zda tutilgan.

Jamg`armaning Shveysariya va Evropa Ittifoqi davlatlaridagi vakolatxonalari tizimli asosda bozor kon`yunkturasini o`rganadi, marketing tadqiqotlar o`tkazib, mazkur davlatlarga O`zbekiston mahsulotlarini eksport qilish bo`yicha qonunchilik sohasiga oid axborot bilan almashadi.

Ikki tomonlama muzokaralar chog`ida tomonlar tegishli sohalarda hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yish masalasini muhokama qildi. Shveysariya kompaniyalari vakillari O`zbekiston kompaniyalarining tijorat takliflari, hamkorlikda amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar bilan tanishdi.

O`zbekiston delegasiyasi Shveysariyaning alohida saqlashni talab etadigan farmasevtika preparatlari va substansiyalarini tashishda qo`llaniladigan maxsus farmasevtika konteynerlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “SkyCell AG” kompaniyasida bo`ldi. “Uzgermed Pharm” qo`shma korxonasi va “SkyCell AG” kompaniyasi o`rtasida o`zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini xorij bozoriga etkazib berish bo`yicha hamkorlik o`rnatish to`g`risida kelishuvga erishildi.

Ayni paytda Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari eksportini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi mamlakatimizning Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi bilan hamkorlikda konservalangan palovni Germaniya va Shveysariya bozorlariga eksport qilishni tashkil etish masalasini ko`rib chiqmoqda. Xorijiy mamlakatlar bilan ushbu mahsulot turini import qilish uchun Evropa Ittifoqi qonunchiligiga muvofiq talab etiladigan sertifikatni olish borasida muzokaralar olib borilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1