Prezident Shavkat Mirziyoev Erkin Vohidov nomidagi Marg`ilon shahar madaniyat va istirohat bog`ini rekonstruksiya qilish loyihasi bilan tanishdi, deb xabar beradi O`zA.
O`zbekiston Qahramoni, O`zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning o`zlikni anglash, milliy g`urur-iftixor tuyg`ulari yuksak pardalarda tarannum etilgan asarlari har birimizni tinchlik-xotirjamlikni qadrlashga, chin insoniy fazilatlar sohibi bo`lishga undaydi. E.Vohidov ”Tong nafasi”, “Qo`shig`im sizga”, “Aql va yurak”, “Mening yulduzim”, “Yoshlik devoni”, “Tirik sayyoralar”, “Sharqiy qirg`oq”, “Kelajakka maktub” kabi she`riy to`plamlari, “Nido”, “Quyosh maskani”, “Ruhlar isyoni”, “Ko`hinur” kabi dostonlari, “Oltin devor”, “Istanbul fojiasi” singari sahna asarlari, “So`z latofati” risolasi, jahon adabiyotining mumtoz namoyandalari merosidan qilgan tarjimalari bilan o`ziga xos ijodiy maktab yaratgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2016 yil 7 dekabrdagi “O`zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligini nishonlash to`g`risida”gi qarori ijrosi doirasida o`zbek adabiyotining yirik vakili ijodiy merosini keng o`rganish, uning mazmun-mohiyatini yoshlarga etkazish borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirildi. Mamlakatimiz bo`ylab Erkin Vohidovning 80 yillik yubileyi keng nishonlandi. Marg`ilon shahridagi madaniyat va istirohat bog`iga Erkin Vohidov nomi berilib, qayta rekonstruksiya qilinmoqda.
Istirohat bog`ining maydoni 9 gektardan 16 gektarga etkazildi. Bog`ning kirish qismida yozuvchi-ijodkorlar xiyoboni tashkil etish, unga Erkin Vohidovning haykalini o`rnatish ko`zda tutilgan.
Turli tadbirlar o`tkaziladigan amfiteatr, osh markazi va boshqa infratuzilma ob`ektlari barpo etish belgilangan. Erkin Vohidov nomidagi yosh ijodkorlar maktabi ochiladi. Bundan tashqari, bog`da turli attraksionlar o`rnatilib, bir necha choyxona aholiga xizmat ko`rsatadi. Istirohat bog`iga turli mevali va manzarali daraxtlar, gullar ekiladi.
Prezidentimiz qahramon shoirimiz nomi bilan ataladigan ushbu bog` har tomonlama mukammal bo`lishi, uni yoshlar ma`naviyatini yuksaltiradigan maskanga aylantirish, xiyobonga Erkin Vohidovning eng sara she`rlaridan namunalar yozilgan lavhalar o`rnatish zarurligini ta`kidladi. Bu erga keluvchilar Erkin Vohidov she`rlaridan bahramand bo`lib, ma`naviy olamini yanada boyitib olsin, dedi davlatimiz rahbari.
Istirohat bog`iga ekiladigan har daraxtga alohida e`tibor qaratish, zamonaviy attraksionlar o`rnatish, uni zamonaviy so`lim maskanlardan biriga aylantirish yuzasidan mutasaddilarga ko`rsatmalar berildi.
Shu erda Farg`ona viloyati tuman va shaharlari markazlarini zamonaviy shaharsozlik talablari asosida rivojlantirish bosh rejasi, Marg`ilonda turizmni rivojlantirish dasturi, tijorat banklari tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti ham bo`lib o`tdi. Dastur doirasida uy-joy qurish, sanoat, qishloq xo`jaligi va xizmat ko`rsatish, yo`l-transport, muhandislik-kommunikasiya tizimlari, ijtimoiy soha infratuzilmasini yanada rivojlantirish sohalarida o`nlab loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari Marg`ilon hunarmandlar markazini tashkil etish, soha xodimlari uchun qulay soliq imtiyozlari, zarur shart-sharoitlar yaratish, boshqa loyihalarni ham yanada mukammallashtirish, qurilish ishlarini o`z vaqtida amalga oshirish bo`yicha mutasaddilarga tegishli ko`rsatmalar berdi.