Prezident Shavkat Mirziyoev Farg`ona viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni Farg`ona shahridagi Nuroniylar maskanida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, deb xabar beradi O`zA.
Mamlakatimizda nuroniylarga hurmat-ehtirom ko`rsatish, ularni ijtimoiy muhofaza qilish, turmush sharoitini yanada yaxshilashga alohida e`tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2016 yil 28 dekabrdagi “O`zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg`armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo`lmoqda.
Joylarda faxriylarning vaqtini mazmunli o`tkazishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Farg`onadagi Nuroniylar maskani Al-Farg`oniy nomidagi madaniyat va istirohat bog`ida barpo etilgan. Bu erda keksalar uchun zarur bo`ladigan barcha jihatlar e`tiborga olingan. O`zbek va jahon adabiyotlari bilan boyitilgan kutubxona, zamonaviy sport anjomlari bilan jihozlangan sport zali, tibbiyot xonasi, fitobar, choyxona nuroniylar xizmatida.
Mohir hunarmandlar qo`lida sayqal topgan ayvonlar, naqshinkor ustunlar ijtimoiy markaz husniga husn qo`shgan.
Prezidentimiz bu erdagi sharoitlarni yanada yaxshilash, xususan, keksalar uchun avtobus ajratish zarurligini ta`kidladi. Nuroniylarning yoshlar bilan ishlashining izchilligini ta`minlash, jamiyatimiz ma`naviy barqarorligini mustahkamlashda ularning o`rnini oshirish bo`yicha tavsiyalar bildirdi.






