Joriy yil 23 iyun kuni O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O`zRFA huzuridagi Sharqshunoslik instituti, “YuNESKOning O`zbekistondagi vakolatxonasi, “Uzbekistan Today” axborot agentligi, “Mening yurtim” va “Karavan-TV” telekanallari tomonidan O`zEOAVMA Media hall”da “Uzoq o`tmishdan maktublar: ta`lim, ma`rifat, tinchlik va bunyodkorlik o`zbek xalqining abadiy qadriyatlari sifatida” mavzuidagi xalqaro media-anjuman o`tkaziladi.
Tadbir doirasida, olimlar, xalqaro tashkilotlar vakillari loyiha borasida o`zilarining fikr-mulohazalari bilan o`rtoqlashdilar:
Edvard Rtveladze, O`zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi:
- Bu ishdan ko`zlangan asosiy maqsad O`zbekiston me`moriy obidalaridagi epigrafik bitiklarni izlab topish, o`rganish va e`lon qilishdan iborat. Juda ulug` ish qilindi. Mualliflar ilgari o`qilgan va e`lon qilingan arab, fors va turkiy tillardagi bitiklarni to`ldirish va tuzatish, ilgari mutaxassislar o`qiy olmagan va shu sababli tadqiqotchilar uchun noma`lum bo`lib qolayotgan juda katta hajmdagi epigrafik materiallarni ilmiy munozaraga tashlash vazifalarini uddalashdi.
Hamad bin Muhammad ad-Davyoniy, Ummon sultonligi Vazirlar Mahkamasi Milliy devoni devonxonasi raisi:
- Ushbu kitoblar tufayli biz ajdodlardan meros bo`lib kelayotgan arxitektura yodgorliklari bilan tanishish va ulardagi bitiklarning mag`zini chaqish imkoniga ega bo`lamiz. Bundan tashqari, e`lon qilingan materiallar o`zbek xalqining donishmandligi va buyuk salohiyatidan, bu zaminda yashab o`tgan olim va mutafakkirlarning ulkan tafakkuridan, mamlakatning yuksak tamaddunidan darak beradi.
Jon Makgregor, EXHT loyihalarining O`zbekistondagi koordinatori:
-Taqdim etilgan epigrafika haqidagi bu kitob-albomlar O`zbekistonning betakror tarixiy yodgorliklari bilan tanishish, olis ajdodlar qoldirgan bitiklar mohiyatini anglashda juda katta ahamiyat kasb etadi. Bu murakkab ish nafaqat sizning mamlakatingiz, balki boshqa davlatlar uchun ham ahamiyatlidir. Bu boradagi ishlar davom etayotgani ham juda quvonarli.
Myusha Sever, “Mintaqaviy muloqot” tashkilotining O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari:
- Men ushbu loyiha doirasida chop etilgan O`zbekiston epigrafikasi haqidagi bir qancha kitoblar bilan tanishib chiqdim. O`z taassurotlarimni ifodalashga so`z topolmayapman. Ular haqiqatan asrlar qa`ridan yo`llangan nomalar, bilimlar xazinasidir. Boshqarcharoq aytadigan bo`lsak, Sharq va G`arb o`rtasidagi o`ziga xos ko`prikning behisob g`ishtlaridir.
Anjumanda “O`zbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumiga kiritilgan 13-jild, ya`ni Toshkent viloyatiga bag`ishlangan kitob-albom taqdimoti ham bo`lib o`tdi. Mazkur kitob viloyatdagi “Zangi ota” me`moriy majmuasi va bir qancha osori atiqalardagi bitiklarga bag`ishlangan.
Tadbirning muhim voqeasi sifatida “O`zbekiston obidalaridagi bitiklar” loyihasining 3250 dona kitob-albomini o`z ichiga olgan 250 ta to`plamni ilmiy-ta`lim muassasalari, milliy va jahon kutubxonalari hamda muzeylar vakillari, diplomatik missiyalar rahbarlariga hadya sifatida taqdim etishga bag`ishlangan ilmiy-ma`rifiy aksiya o`tkazildi.
Ilmiy-ma`rifiy aksiya doirasida “Darakchi inform service” MChJ tomonidan to`plamlarni hadya sifatida olish huquqini beruvchi sertifikatlar tantanali topshirildi.






