AsosiyJamiyat

​Toshkentda 2 tonna 4,5 kilogramm giyohvandlik vositasi yo`q qilindi

'​Toshkentda 2 tonna 4,5 kilogramm giyohvandlik vositasi yo`q qilindi'ning rasmi

Xalqaro giyohvandlikka va giyohvand vositalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash kuni arafasida poytaxtimizda Milliy xavfsizlik xizmati mamlakat huquq-tartibot idoralari tomonidan musodara qilingan 2 tonna 4,5 kilogramm giyohvandlik vositasini yo`q qilish tadbirini o`tkazdi.

Giyohvandlikka qarshi kurash oyligi doirasida o`tgan tadbirda tegishli idora va muassasalar, xalqaro tashkilotlar, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Unda so`zga chiqqanlar bu illatning insoniyat boshiga solayotgan mislsiz fojialari, bugunga kunda xalqaro miqyosda va mamlakatimizda giyohvandlikka kurash borasida olib borilayotgan ishlar xususida so`z yuritdilar.

Mamlakatimizning janubiy sarhadlari ortidagi Afg`oniston bugungi kunda ham narkotik moddalarning asosiy manbai bo`lib qolayotir. Bu O`zbekistondagi vaziyatga ham o`z ta`sirini o`tkazmay qolmaydi. Xalqaro ekspertlarning ma`lumotlariga ko`ra, o`tgan yili ushbu qo`shni o`lkada 201 ming gektar maydonda 4800 tonna opiy etishtirilgan. Bu ko`rsatkich 2015 yilga nisbatan 18 ming gektar va 1,5 ming tonna ko`p demakdir.

Ma`lumotlarga ko`ra, mamlakatimizda birgina o`tgan yilning o`zida huquq-tartibot idoralari tomonidan giyohvand moddalar bilan bog`liq 6646 ta jinoyat fosh etilgan, noqonuniy aylanishda bo`lgan uch yarim tonnadan ortiq kilogramm giyohvand modda musodara qilingan.

Respublikamizga narkotik moddalar asosan Tojikiston va Qirg`izistondan hamda to`g`ridan to`g`ri Afg`onistondan kiriladi. Misollarga murojaat qiladigan bo`lsak, o`tgan yilning 6 yanvar kuni Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida Afg`oniston fuqarosi gulmamat Xudoyberdi o`g`li 30 kilogrammag chqin opiyni yurtimiz hududiga olib kirayotganda qo`lga olingan. O`tgan yilning 3 fevra kuni mazkur tumanda gashish moddasini o`tkazish va sotish bilan shug`ullanayotgan jinoyat guruh qo`lga olindi. Guruh a`zolaridan birining uyida tintuv o`tkazilganda 15,5 kg giyohvand modda topildi. Shuningdek, 2016 yilning 9 mart kuni Toshkent viloyati Bekobod tumanida o`tkazilgan tezkor tadbir davomida 4 kilogrammga yaqin geroin musodara qilindi.

Ma`lumotlarga ko`ra, o`tgan yili giyohvandlik vositalari bilan bog`liv jinoyatlarni sodir etgani uchun ushlangan shaxslarning 110 nafari chet el fuqarolaridir.

Ta`kidlash joizki, mamlakatimizda mustaqillikning ilk yillaridn boshlab, narkobiznesga qarshi kurash yo`lida keng qamrovli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. O`zbekiston 1995 yildayoq BMTning giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi bir qator konvensiyalariga qo`shilgan. 1999 yilda O`zbekiston Respublikasining “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalari to`g`risidagi qonuni” qabul qilingan.

Mamlakatimizda amal qilayotgan tartibga muvofiq, sudda ashyoviy dalil sifatida ko`rsatilgan giyohvandlik vositalari hukm qonuniy kuchga kirgach, maxsus pechlarda yoqib yuboriladi. O`zbekistonda 1994 yildan buyon 57 tonna 443 kilogramm giyohvand moddalar shu tartibda yo`q qilingan.

Boshqa yangiliklar