Ramazon oyi ma`naviy-ruhiy hayotimizda, jamiyatimizdagi o`zaro ahillik va mehr-oqibat muhitini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega. Xalqimiz azal-azaldan ushbu muborak kunlarda o`zgalarga alohida mehr-muruvvat ko`rsatgan, bemorlar holidan xabar olgan, ko`makka muhtoj insonlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlagan. Bu an`ana mamlakatimizda olib borilayotgan kuchli ijtimoiy himoya siyosatiga ham uyg`undir, deb yozadi O`zA.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 20 iyundagi “Ramazon hayitini nishonlash to`g`risida”gi qaroriga binoan ushbu ayyom ezgulik, xayru saxovat ruhida o`tmoqda. Keksalar, bemorlar holidan xabar olinmoqda.
Ana shu an`anaga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 26 iyun kuni Toshkent shahar ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasini borib ko`rdi.
Toshkent shahar ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi 1896 yilda qurilgan. Shifoxonada kasalliklar turi, davolash usullari, bemorlar holatiga ixtisoslashgan 18 bo`lim tashkil etilgan. Klinik-biokimyo laboratoriyasi, rentgen, UTT, ensefalografiya, ekspertiza xonalari zarur vosita va malakali mutaxassislar bilan ta`minlangan. Shifoxona Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining ruhiy kasalliklar kafedralari uchun klinik baza hisoblanadi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 25 iyuldagi ruhiy-tibbiy xizmat faoliyatini takomillashtirishga oid qaroriga muvofiq, shifoxonada qurilish-rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. 2015-2016 yillarda 4 yangi bino foydalanishga topshirildi. Ikki qavatli yana bir korpus qurilmoqda.
Prezidentimiz shifoxona eski binolarini yangilash borasidagi loyihalar bilan tanishdi. Bemorlarga yaratilgan sharoitlarni ko`zdan kechirdi.
Bemorlarga munosib sharoitlar yaratish kerak, dedi davlatimiz rahbari. Shifoxonaning tashqi va ichki ko`rinishini tartibga keltirish, bu erda ishlayotgan tibbiyot xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, xususan, ularni uy-joy bilan ta`minlash bo`yicha ko`rsatmalar berildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Mirzo Ulug`bek tumanidagi “Muruvvat” uyida ham bo`lib, bemorlar uchun yaratilgan sharoit bilan tanishdi.
Internat uyi 1979 yilda qurilgan.
Bugungi kunda bino va uning konstruktiv elementlarining texnik holati ta`mirtalab. Davlatimiz rahbariga mazkur internat hududini kengaytirish va qo`shimcha binolar qurish loyihasi haqida ma`lumot berildi.
Internatda ruhiy kasal nogiron erkaklar davolanadi.
Ulug` ayyom kunlari bunday savob ishlarni qilish, bemorlar holidan xabar olish har birimizning e`tiborimizda bo`lmog`i zarur, dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz mazkur shifoxona hududi yonida qo`shimcha qurilish ishlari olib borish, kasalliklarning turiga qarab alohida binolar qurish va joylashtirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.






