1

Mistika: Jarlikda o`qilgan nikoh

Mutolaa 27.06.2017, 12:11
Mistika: Jarlikda o`qilgan nikoh

Bu voqeani menga so`zlab berishayotganidayoq, zamonaviy og`zaki ijodga mansub mistik voqelik ekanini payqadim. Odatda og`izdan-og`izga ko`chib yuradigan sirli va qo`rqinchli voqealar mistikaga yo`yiladi. Ehtimol, shundaydir, ammo men qishloq chetidagi jarlikda o`qilgan nikoh haqida eshitib, unda boshqa bir narsani ko`rdim. Aytmoqchi bo`lganim, ramziylik ortidagi tarix edi.

* * *

Voqea oq eshak mingan oq soqolli bir cholning allaqayoqdan kelib, soy yaqinidagi so`qmoqdan o`z qishlog`iga o`tib ketayotganidan boshlangandek tuyuladi kishiga. O`sha damda qop-qora bulut shimoldan paydo bo`ldi-da, qishloq ustida to`xtab qoldi. Soy bo`yida mol boqib yurgan bolalar yomg`ir sharros quyib berishini anglab, qo`y-mollarini qishloqqa haydab qochdilar. Faqat uch qiz bir-birlariga sirlarini aytib, buloq boshida uzoq qolib ketishdi. Ular yomg`ir nafasidan emas, tomirlarida jo`sh urayotgan telbavor ishqdan mast edilar. Har biri nargiz guli kabi o`ziga mahliyo edi, har biri faqat o`zi baxtli bo`lishiga, faqat o`zi haqiqiy muhabbatiga erishishiga ishonardi.

– Qayoqqa ketayapsizlar, ona qizlarim? – deb so`radi oq soqolli bobo ular hali buloqqa tushmaslaridan burun.

– Buloq boshiga tushmoqchimiz, – deb javob berishdi qizlar. – Huv anavi erda, pastlikda, shundoqqina soy bo`yida buloq bor.

– Qishloqda birorta erkak yo`qmi quduq-puduq qazib, suv chiqarib beradigan?

– Arteziandan suv chiqib turgandi. Lekin bugun svet yo`q, demak, suv ham yo`q-da, bobojon.

– Yo`q-yo`q deysizlar, – eshagini to`xtatdi chol. – Ayb kimda?

– Ayb? – kulib yuborishdi qizlar. – Shu ham aybmi? Umuman olganda, ayb bizda emas.

– Suvning yo`qligi madaniyatning orqaga ketishi, – dedi chol. – Sizlar esa shu madaniyatning orqaga ketishini yanada tezlatib pastlikka qarab tushayapsizlar. Suvni qishloqdan topa bilish kerak. Aqlni ishlatinglar.

– Rahmat, bobojon, suvni kelgusi safar qishloqdan topamiz, – deb qizlar g`alati cholni ortda qoldirib, soy tomon chopqilab ketishdi. Chol ham o`z yo`lida davom etdi.

Xursandoy ro`molini echib, qaytadan tang`idi. Loyqalanib oqayotgan soyga, so`ng bulutlarga ko`z yugurtirdi. Soyning narigi tomonidagi tepalikda tashvishli manzarani ko`rdi: hozirgina o`ynab yurgan bola va u boqayotgan qizil sigir ham tepalik oshib, ko`zdan yo`qolgan edi.

– Hamma qochib ketdi, – dedi Rayhon peshonasini tirishtirib. – Yomg`ir yog`masdan biz ham choramizni ko`raylik, dugonajonlar.

Do`nglik ustida o`tirgan Xursandoy o`rnidan turib, chor tarafga ko`z yugurtirdi.

– Yomg`irda qolsak bormi, yo`l shiltaga aylanib, bu qiyalikdan chiqolmay qolamiz.

– Ketdik, – deya Rayhon chelaklariga qo`l uzatdi.

Soy suviga termulib o`tirgan Osiyo soyning narigi tomonidagi, shimolroqdagi qamishlar bilan to`silgan jarlikka sehrlangancha qarab qoldi.

– Uzoq-uzoqlarga ketgim kelayapti, – dedi u.

– Ketmay o`l! – birdan tutaqdi Xursandoy. – Yomg`ir yog`sa, tepaga chiqolmay, soy bo`yida qolib ketasan deyapman! Boyagi oq eshak mingan bobo bekorga bizning ovloqda yurishimizni yomon ko`rmadi.

Ular chelaklarini ko`tarib, tepalik sari yurishdi. Shu payt osmon qarsillab yorildi-yu yomg`ir sharros quyib berdi. Buloq bo`yidan tepalik boshigacha yuz qadamcha yuqorilash kerak edi. Qizlarning qarshisidan sariq loy aralash suv oqib keldi. Uchalasi ham birin-ketin toyg`onib yiqildi.

– Endi nima qilamiz, qizlar, – yig`lamsiradi ust-boshi loyga belangan Osiyo.

Yomg`ir kuchaydi. Soy quturib toshib, buloq joylashgan «yarim orol»ni ham suv bosib, uchalasini oqizib ketadigandek edi. Qizlar chelaklarini tashlab, o`zlarini qutqarish payida yuqoriga qo`shqo`llab tirmashdilar. So`qmoq chetidagi yantoq ildizlari jonga ora kiradigandek tuyular, ammo qorin bilan yotib ham yuqorilab bo`lmasdi. Yomg`ir chelaklab quya boshladi. Tevarak quyuq bulutlar soyasida yanada vahimali manzara kasb etdi.

Shuncha vahima etmagandek soy suvi haqiqatan ham o`zanidan toshib chiqdi. Buloqning tip-tiniq ko`zi bir zumda loyqa bo`tana ostida qolib, chelaklarni yamlamay yutib yubordi. Suv uch qizning naq oyoqlari ostida mavjlanardi. Sho`rliklar so`qmoq poyida erga qapishgancha qichqirishar, yordam so`rashar, lekin qishloq tepada qolgan, soy bo`yida ne voqealar yuz berayotganidan dunyo ahli bexabar edi.

Nimadir yalt-yult etdi-yu soyning narigi tomonidagi tol lovillab o`t oldi. Qizlar endi esdan og`ib qolgandek chinqirishar, jon holatda yuqoriga talpinishar, ammo loy oqimiga qo`shilib, yana eski joylariga qaytib tushishardi. Undan ham pastroqqa sirg`anib ketishsa bormi, bo`tana ostida qolgan «yarim orol»da hukm surayotgan toshqin yutib yuborib, halok etishi hech gap emasdi. Poda boqadigan bolalar bu erni bekorga «Chiqolmas soy» deb atashmas ekan.

Har bir qizning ko`ziga faqat o`z joni ko`rindi. O`lim sharpasi charx urdi. «O`ldim» deb o`yladi har biri. Oq soqolli chol ham allaqachon bu erlardan uzoqlashib ketgandi.

Shu lahzada Osiyoning qulog`iga soy tomondan ovoz eshitilgandek tuyuldi. Ko`p o`tmay ovoz takrorlandi va kimdir mayin ohangda cho`zib-cho`zib: «O-si-yo-yo! O-si-yo-yo!..» deb chaqirdi. U qalt-qalt titragan ko`yi quturib oqayotgan soyga tikildi: hech kimni ko`rmadi.

– Meni birov chaqirayapti, – dedi u joni bo`g`ziga kelib.

Qizlar uning gapini eshitmadi.

– Chaqirayapti! – ho`ng`rab yig`ladi Osiyo.

U dahshat ichra yana ortiga o`girilganida, yonayotgan daraxt yonida qo`l siltayotgan, aniqrog`i, imlab chaqirayotgan yigitni ko`rdi. Oq ko`ylak, qora shim kiygan, boshida do`ppi, xuddi kuyov yigitga o`xshardi. Qo`lida qandaydir qizil mato bor edi.

Osiyoning qo`llari shalvirab, ko`zining oqi ko`rindi.

* * *

Ko`zini ochganida tabiat sokinlik qo`ynida dam olardi. Osiyo jarlikdan o`pirilgan tuproq uyumini quchib yotardi, yarim beligacha loyga ko`milgan. Quyosh botib, qorong`ilik bostirib kelmoqda edi. Xursandoy ham, Rayhon ham ko`rinmas, allaqaerda qurbaqalar vaqillardi.

– Osiyo!.. – degan ovoz eshitildi yana.

Qiz ovoz kelgan tomonga qo`rquv to`la nigohini qaratdi. Soyning narigi qirg`og`idan yigirma chog`li odam o`tib borardi. Chopon, mahsi-kalish kiyib olgan bu kishilar ko`zlarini erdan uzmay, bir tekis qadam tashlar, na so`zlashar, na tiq etgan sado chiqarar edi.

Yigit kuygan daraxt yonidagi kichik do`nglik ustida turardi. Qiz hushiga kelganidan suyunib, darhol soyni kechib o`tdi.

– Sen ularning eng chiroylisi ekansan, – dedi yigit, – sevib qoldim. – Shunday deya u Osiyoning bilagiga qizil latta bog`lab qo`ydi. – Bu kelajakda kerak bo`ladi.

– Nima? – Osiyoning boshi g`uvilladi. – Kimsiz?

– Biznikiga yur, keyin gaplashamiz, – deb yigit Osiyoning qo`lidan etaklab, jarlikka eltuvchi qamishzorga boshladi.

Bu erda so`qmoq borligini qiz bilmagan edi. Ikki tomonda jarlik devorlari enkayib turar, soy qamishlar bilan to`silib orqada qolgan, oldinda qanday uy yoki qishloq bo`lishi mumkinligiga Osiyoning aqli etmasdi. Axir, bu jarlik ikki qishloqning o`rtasida joylashgan bo`lib, bir uchi qabristonga tutashib ketgandi.

Osiyo qichqiray desa ovozi yo`qligini, yurmayin desa oyoq-qo`li o`ziga bo`ysunmayotganini anglab, «tush ko`rayapman shekilli» deb o`yladi.

Nihoyat, bir kulbaning ro`parasidan chiqishdi. Osiyoning qulog`iga it akillagani, qo`y ma`ragani eshitilgandek bo`ldi, lekin kulbadagi chiroq yorug`idan lip etib o`tgan soyadan bo`lak tirik jon alomati ko`rinmadi. Nazarida, qo`ylar ko`p edi, lekin ma`rashga qo`rqishayotgandi.

Uydan moy isi kelardi. Osiyo jajji qizaloqlik vaqtida momosinikiga borganini, chol-kampirning eski uyi xuddi shunaqa ekanligini esladi. Shirin o`tmish ortda qolib ketgan edi.

– O`tiringlar, – dedi kulbadagi qora soqolli mulla. – Kim bo`lishlaringdan qat`i nazar, nikoh o`qish vojib. Biz baribir musulmonmiz. Partiya, inqilob, isyon, hatto anavi qizil mato ham nikoh o`qimaslikka sabab bo`lolmaydi.

– Ha, bizga nikoh o`qisangiz, – so`zladi yigit. – Bu erning odati shunaqa ekan, nima ham derdim.

– Qo`ldan kelganicha, – dedi mulla va so`radi: – Shu erda yashashga rozimi?

– Rozimisan? – tikildi yigit Osiyoga.

Osiyo yigitning yuz-ko`zini aniq-tiniq ko`rdi: rangida qon yo`q, ko`zlari shisha misoli jonsiz, sovuq va nursiz. Lablari yorilgan. U og`ir gunoh ishga qo`l urib, qarg`ishga qolgan edi, chamasi. Biroq qanday gunohga botganini bilish dargumon edi.

– Rozimisan? – so`radi mulla ham.

Osiyo fikr-xayolini jamlashga urinar, aynan nimaga rozilik berish kerakligini tushunmas, nuqul «kelin-kuyov mullaning qarshisida uyalib, gapirmasdan o`tirishi lozim» deb o`ylardi. Erkinlik qo`ldan ketgan edi. Ixtiyori qanday qaytib kelishiga ham ong-tafakkuri etmayotgandi. Qo`ylarning tuyoqlaridan chiqqan dupur-dupur eshitilgandek tuyuldi. Cho`pondan umid yo`q, aftidan cho`pon ham shu yigitning o`zi edi.

Keyin jarlik tagidagi kulbaga oqshom payti notanish yigit bilan birga kelganligini o`ylab, vujudini yana qo`rquv egalladi. Mulla esa pichirlab allanimalarni o`qiy boshladi. «U nikohimni o`qiyapti, tamom, endi bir umr shu yigitning xotiniman, hayotim jarlikda o`tadi», deb o`yladi Osiyo.

Kosadagi suv jimirlamoqda, nimaningdir aksi paydo bo`lmoqda edi. Osiyo kosadan ko`z uzmadi va ancha yillar burun vafot etgan momosining «qani ayt» deya undayotgan siymosini ko`rdi. Marhuma momosi qachon shu holatni namoyon qilardi, Osiyoning yodiga keldi: ha, kampir bechora kalimani o`rgatayotgan chog`ida…

– La ilaha ilalloh, – dedi qiz.

Kimdir ingradi, mulla qiyofali qariya pichirlashdan to`xtadi.

– Men sizlarni tanimayman, – tilga kirdi Osiyo, – ixtiyorim ota-onamda. Ularning roziligini olmasdan, tanimagan-bilmagan yigitga, to`ysiz, guvohsiz nikohlanish…

Osiyoning gapi bo`g`zida qoldi. Yigitning chap ko`ksi qonga bo`yalib ketgan edi.

Osiyo chinqirib yubordi-da, kulbadan otilib chiqdi. Yantoqlarga, jiyda tomirlariga chalinib, yiqila-yiqila soy bo`yiga yugurdi.

– Mening ismim Asad! – ingroq tovush ta`qib qildi qizni. – Quloq sol, bu erdan chiqib ketolmaysan, chunki sen o`lgansan!

Qiz javob bermadi. Yuqoriga qarab jar labini, porlayotgan yulduzlarni ko`rdi; traktorning tarillashini, olisdan kimningdir «Bormi?!» deb baqirganini eshitdi.

– Yaqinlashmang menga, yaqinlashmang! – yig`ladi qiz, keyin dod solib yordamga odam chaqirdi.

Ko`p o`tmay oyog`i botqoqqa botib, yuztuban yiqildi.

– Yomon yigit emasman, – dedi Asad og`ir kasal kabi. – Menga nikohlangan xotin kerak… Kel, ey go`zal qiz, yorim bo`l. Nikohni oxirigacha o`qitaman. Rozilik ber. Sen o`zing egasiz qanday yashaysan?.. Meniki bo`l…

Osiyo ichki bir idrok bilan angladiki, bu yigit ularni buloq boshida kuzatgan, payt poylagan, «sovchi kelsa, turmushga chiqardik» deb aljirashlarini tinglaganu duch kelgan yigitga rozilik berib yuboradi, degan xayolga borgan.

– Dugonamga uylaning, – dedi Osiyo. – Xursandoyning sevgan yigit yo`q, u rozi bo`ladi.

Asad jar devoriga suyanib, chuqur-chuqur nafas oldi.

– Ko`ngil qo`ygan yigiting bormi? – deb so`radi u.

– Ha, – boshini ko`tardi Osiyo.

– Xursandoy keladimi?

– Keladi… O`zim tanishtiraman, – dedi Osiyo ta`qibchidan xalos bo`lish imkonini yo`qotmaslik uchun tirishib. – Aldab bo`lsayam olib kelaman, menga ishoning. Faqat meni tinch qo`ysangiz bas, og`ajon!

– Qasam ich!

Qiz ont ichdi. Shundan so`ng yigit dedi:

– Etti kundan keyin erta tongda buloq boshida…

* * *

Osiyo kimdir ko`tarib olganida hushiga keldi. Etti-sakkiz kishini, qo`l fonarlarini, traktor yonida yig`layotgan ayollarni ko`rdi.

– Bolam… Bolajonim!.. – onasining ovozi unga yaqinlashdi.

Osiyo o`zini ko`tarib ketayotgan erkakning xudoga shukrona aytayotganini eshitdi, nigohida yulduzli osmon jo bo`ldi, dimog`iga soyning salqin epkini urildi. Hammasi yaxshilik bilan tugagandek, jarlikdagi yigit chindan-da og`alik qilgandek tuyuldi.

Uch kun davolandi. Uni buloqdan ancha quyidagi loy botqog`idan topib olishibdi. Soy qirg`og`ining o`pirilib tushishidan hosil bo`lgan mitti orolchaga qizning ilakishib, botib qolishi omadi emish, aks holda cho`kib o`larkan. Ikki dugonasining aytishicha, «meni birov chaqirayapti» deyishi bilan kimdir etagidan tortgandek suv ichiga sirg`alib kirib ketibdi, keyin soy o`rtasida oqib borayotganini ko`ribdilar. Dugonalari bir amallab ajal komidan qutulib, falokat haqida qishloqqa xabar berishibdi.

– Xursandoy, – dedi Osiyo, – buloqqa biron kun boramiz. Yiqilgan joyimizni ko`rmoqchiman.

– Qishloqda haligacha suv yo`q, Chiqolmas soyga odamlar noiloj suvga borishayapti, – gapni ilib ketdi Rayhon. – Biz loyda toyg`ongan enish joyni ketmoncha bilan qazib, zinapoya qilib qo`yishibdi. Odamlar buloq boshiga oson tushib chiqsin, deyishgan-da.

– Soyning suvi pasayibdimi?

– Shunday pasayibdiki, o`rtasidagi toshlari ham ko`rinib yotibdi, – Rayhon bamaylixotir qo`l silkidi. – Kecha ayam yana suvga borishimga ruxsat berdi. Biz ishtonlarimizni tizzagacha ko`tarib, suv kechdik, qo`shiq aytdik. Jala quymasa, yaxshi joy, dugonajon.

– Qaysi qo`shiqni? – Osiyo gavdasini tuyqus ko`tardi. – «Yor-yor», sevgi-muhabbat emasmi?

– Boshqa qo`shiqni nima qilaman? – qoshlarini qoqdi Rayhon. – Qiziqsan-da!

– Bu ersirab qolgan, – deya Xursandoy uning elkasiga hazilona musht urdi.

– Men-ku holimni bilaman, – bo`sh kelmadi Rayhon, – xudoga shukr, shoir yigitim kollejni tugatsa, sovchi yuboradi. Senga hozircha ruxsat berishmaydi-da, a, Osiyo? Borganingda qamishzordan chiqqan ovchi yigitni gapga olarding. Xursandoy bilan sening yigiting yo`qligi aslida fojia. Chunki kelajakni o`ylaydigan vaqtimiz kelgan. Yigiting bo`lsa yaxshi-da. Himoya qiladi.

Osiyoning yuragi gupillab urib ketdi. U qanday qilib boshini ko`rpaga burkab, yig`lab yuborganini bilmay qoldi.

– Senga nima bo`ldi, Osiyo? – so`rashdi ikki dugona bir-biriga qarab olib.

– Qo`rqayapman… Uni gapirma… Gapirma uni…

– Hazillashdim, Osiyo, hazillashdim, – yupatgan bo`ldi Rayhon. – U ovchi emas, Mamat cho`ponning o`g`li edi. Ikkita echkisi qabriston etagidagi jarlikka tushib yo`qolgan ekan. Cho`pon yigit soy tomondagi qamishzordan kirib haydab chiqibdi. O`l-e, yig`lama, yuragimni yording! Nima bo`ldi senga, Osiyo?

Xursandoy yolg`onning chuvi chiqdimi degandek Rayhonga tilini ko`rsatdi.

– Bo`ldi, soy bo`yiga umrbod bormaysan, qutulding, – dedi Rayhon.

Biroq Osiyo bergan va`dasini eslab, o`yga toldi. So`ng:

– Boraman, faqat Xursandoy bilan, – deb pichirladi.

Ettinchi kuni ertalab – poda qo`shiladigan payt Osiyo va Xursandoy bo`sh chelaklarini ko`tarib tepalik yonbag`ridagi so`qmoqdan soyga tushdilar. Haqiqatan qiyalikni ketmon bilan o`yib, qo`lbola zinapoya yasagandilar. Buloqqa yaqin qolishganida uyqusiragan Xursandoy noroziligini ifodaladi:

– Bunchalar erta kelishning nima xosiyati bor, tushunmadim? Uydagilar yana shu erga kelganimizni bilsa, o`ldiradi.

– Yuraver, seni bir yigit bilan tanishtiraman, – dedi Osiyo.

– Nima deding? – hayratlandi Xursandoy. – Shu gap sendan chiqayaptimi, Osiyo? Erta-saharda, soyda, yigit bilan uchrashuv… Yo tush-pushingga kirdimi?

– Yur, nega to`xtading?

– Osiyo, u yigit kim? Qachon ko`rdingu qachon tanishding? Faqat to`g`risini ayt.

– Suvga oqqan kunim, – yig`lamoqdan beri bo`ldi qiz. – Sen bilan tanishtiraman deb qasam ichdim, iltimos, yura qol. Balki u qo`shni qishloqlik Asaddir. Ismim Asad dedi.

Xursandoyning ko`zlari yarq etib ochildiyu yoqasiga tufladi.

– Qo`shni qishloqda Asad degan yigit yo`q… Bor edi, lekin u o`lib ketgan.

– Taniysanmi, Xursandoy? – ajablandi Osiyo.

– Ancha yillar oldin o`lgan. Sal kamroq, boshi aylanganroq yigit ekan. Uning otasi rus bo`lgan. Bobomdan kecha eshitdim, shu vaqtgacha hech kimga aytmagan bir sirni aytdilar. Bir zamonlar, ya`ni o`sha Asaddan ellik-oltmish yil avval shu atrofda boshqa bir Asad degan yigit to`yidan bir kun avval o`ldirilgan ekan. Bobom yoshligida narigi qishloqdan qaytayotganida uning arvohini ko`ribdi. Bobomning orqasidan «Nikoh o`qishni bilasizmi? Qiz topdim, benikoh qolsak ular o`ldirishadi, ana, kelayapti!» deb yalinib-yolvoribdi. Ammo Asadni bobom elas-elas bilgani uchun «Nari ket, sen arvohsan» deya qochib qolibdi. Bilasanmi, «kimdir chaqirayapti» degan gapingni bobom eshitib, «bechoraning arvohi haligacha bezovta ekan-da» dedi. Biz «Kimning?» deb so`radik. Keyin bizga o`sha voqeani so`zlab berdi.

– Yolg`on! – Osiyoning yuzi dokadek oqarib ketdi.

– Yolg`on bo`lsa ayt-chi, suvga tushib, hushingni yo`qotgan holingda tirik odam bilan gaplasha olasanmi? Tirik odam yordam berardi, qishloqqa kelib, qaerda yotganingni aytardi. Osiyo, ketaylik! Sen arvohni ko`rganga o`xshaysan. Bobomning gapini afsona deb o`ylagan men ahmoq…

Shu payt buloq tomondan «Ho`v qizlar!» degan chaqiriq eshitilib, ikkovi ham sehrlanib qolishdi. Bir-bir qadam tashlab, qiyalikka yaqinlashishdi va soydan ko`tarilayotgan sahargi hovur ichidan oq ko`ylakli yigit chiqib keldi.

– Bu yoqqa tush, gaplashamiz, – imladi Asad muloyimlik bilan.

«U arvoh emas, oddiy yigitga o`xshaydi, – o`yladi Osiyo. – Qaysi birimizni chaqirayapti ekan?»

– Bu yoqqa kel… – Yigitning ovozi soy bo`yiga aks-sadoday taraldi: – Bu yoqqa kel… Bu yoqqa kel…

– Seni chaqirayapti, – Osiyo dugonasining bilagidan tutib, olg`a siltadi.

Qo`rqib ketgan Xursandoy qichqirib yubordiyu g`ayritabiiy ravishda qiyalikdan sirpanib, chelaklari bilan birga buloq boshiga dumaladi. Osiyoning nazarida, u soyga tushib cho`kib o`ladigandek edi.

Osiyo qishloqqa qochdi. Qo`y boqib yurgan Mamat cho`pon qichqiriqni eshitib, shoshib kelayotgan edi, qiz soyga ishora qilib «dugonam, dugonam…» deb yig`ladi. Cho`pon lapanglab yugurdi, ammo buloq atrofida hech kimni ko`rmadi, chelaklar dumalab yotardi, xolos.

Yuz bergan hodisadan boxabar bo`lgan odamlar yana soy bo`yiga jo`nashdi. Bu safar o`kingandan so`kingan ko`p edi. Ular qo`llaridan bir ish kelishidan ko`ra ish kelmasligini sezib asabiylashardilar. Tinch kun yaxshi edi-da. Tinchlikka nima etsin.

Osiyo ham sirli yigit haqida endi gapirib o`tiribdi. Birov Asadni arvoh desa, boshqasi «tuman markazidan kelgan ondatra ovchisi» derdi. Aytishlaricha telpakchi yigitlarning ayrimlari giyohvand ekan, ovloqda yakka-yolg`iz yurgan qizlarni avrar emish.

Soy bo`yining tit-pitini chiqarishdi. Jarlik ham tekshirib chiqildi. Ba`zilar Xursandoyning cho`kkaniga ishona boshlagan payt qabriston tarafdan bir bola eshagini choptirib keldi.

– Mamat bova! – yaqinroqdagi cho`ponga murojaat qildi u. – Xursandoy opam mozorning yonidan o`tib, qishloqqa ketibdi, qorovul aytdi.

Xalq tushundiki, Xursandoy jarlik tubidagi so`qmoqdan yurib, narigi boshidan, ya`ni qabriston tomondan chiqqan. U tirik. Bundan chiqdi, bu bir o`yin.

* * *

Rayhon tonggi fojiani eshitib, «dugonajonim» deya ko`cha eshikka yurdiyu Xursandoyga to`qnashib ketdi. Bir lahza gapirishni ham, gapirmaslikni ham bilmay tikilib qoldi. U Xursandoyni o`ldi deb ishonib bo`lgandi.

– Tinchlikmi, Xursandoy? – so`radi Rayhon tutilib. – Yomon gaplar eshitdim…

Xursandoy dugonasini bag`riga mahkam bosdi, ko`z yoshlari Rayhonning bo`ynini kuydirdi.

– Osiyoga hazil qilaman deb baloga qoldim, – dedi qiz qayg`urib. – Tunov kuni oqib ketganida arvoh bilan gaplashgan emish. Meni atayin ergashtirib bordi. O`zing o`yla, dugon, shunaqa narsalarga ishonamanmi? Bunday qarasam, «rayon»dan kelib-ketib yuruvchi ondatra ovlovchi yigit yuribdi. Bir gal u bilan gaplashgandim…

– Voy, telpakchilarni yomon yigit deyishadi-ku, – ortiga tislandi Rayhon.

– Bilmasam, menga yoquvdi.

– Pismiq! – dedi Rayhon dugonasini ichkariga boshlab. – Ko`ylaging loy bo`lib ketibdi-ku. Kir ichkariga! Nima ishlar qilib qo`yding?

– Bu yoqqa kelishimning sababiyam shu. Toza ko`ylagingni berib tur. Hech nima bo`lmadi, yiqilib tushdim, xolos. Hozir uyga borsam, akamlar urishadi. Osiyo yur deganiga ertalabdan suvga borgandim. Uydan so`roqsiz chiqqanman.

– Qishloq shov-shuv bo`lib ketdi. Urish eshitmasdan qolmaysan endi, Xursandoy.

– O`sha yigit bilan gaplashib tursam, Osiyo odamlarni chaqirib kep qoldi. Meni «cho`kdi, o`ldi, arvoh urdi» – har bola degan-da, yashshamagur. Sharmanda bo`lmaslik uchun jarlikdan tubidan qochib, qabristondan chiqdik, qara ahvolimga.

Rayhon engil tortdi, harholda, dugonasi tirik, mana qarshisida turibdi. Ammo Xursandoyning qovog`i hamon ochilmagandi. Ko`ylagini almashtirayotib ham Rayhonga ma`noli-ma`noli qarab qo`ydi.

– Dugonajon, – dedi nihoyat sirli tarzda, – «taloq» degani nima?

– Shuniyam bilmaysanmi? Er xotinidan ajralish uchun «taloqsan» deydi. Nega so`rayapsan?

– O`zim. Birdan esimga tushib ketdi-da.

Ular ko`chaga mo`ralashganda, quyoshning zarrin nurlari ko`zlarini qamashtirdilar.

– Kechqurun men bilan bir joyga borasanmi? – so`radi Xursandoy ko`zini oftobdan bekitib.

– Voy, topishib oldinglarmi? Hoynahoy, uchrashuvgadir-da?

– Buncha topqirsan, – dedi Xursandoy, – faqat hech kimga aytma. Asad bilan hammasini pishitdik, shu yil to`yimiz.

Rayhon kulib yubordi.

– Ismi Asadmi?

Xursandoy labini tishladi, ammo Rayhon shubhaga o`rin qoldirmadi:

– Chiroyli ism ekan, Xursand, baxtli bo`l.

Qancha koyish, gap-so`zlar bo`lmasin, qorong`i tushishi bilanoq Xursandoy o`sha kuni uyidan qochib chiqdi. U Osiyoni o`ziga dushman deb hisoblardi, shu bilan birga Rayhonni ham endilikda dugona o`rnida ko`rmasdi. Qizig`i, Osiyo unga qanchalik yomonlik qilgan bo`lsa, o`zi ham Rayhonga shuncha yomonlikni ravo ko`rayotgandi.

Qishloqda ko`pchilik Osiyoning gaplarini alahsirashga yo`ydi. Xursandoy «hech qanaqa yigitni ko`rganim yo`q, men hazillashib, undan yashirindim» deb turib oldi. Dushman uch qizdan birimi yo jarlikdagi yigitmi, xalq g`aflatda qolaverdi.

Mish-mishlar boshqa qishloqlarga ham tarqalgan bo`lib, tog`da yashovchi to`qson yoshli oq soqolli chol «men axtarayotgan joy o`sha yoqda ekan» deb yo`lga chiqishga qaror qildi.

– Voqea qaysi qishloqda bo`lganini aniq bilmaymiz, – deyishdi nevaralari. – Uch qiz buloqqa suv olishga borib, jalada qolib ketganiyu qandaydir arvoh ta`qib qilgani haqidagi mishmish qaerdan chiqqanini axtarib zarilmi sizga? Bu osonmas.

– Yanglishmasam, men ularni yo`lda uchratganman, – dedi bobo. – O`shanda uchalasi ham chelaklarini ko`tarib, suvga ketayotgandi…

* * *

Rayhon ham uyidan yashirincha chiqdi. Ular qishloq chetiga yaqinlashgach, Rayhonni shubha-gumonlar iskanjaga oldi.

– Xursandoy, tag`in mish-mishlar rost bo`lmasin, – dedi cho`chib.

– Kelib-kelib menga emas, begonalarga ishonasanmi? – dedi Xursandoy dugonasining qo`lidan mahkam tutib. – Biz uch dugona – uchta xonmiz, hech kim engolmaydi.

– Qanaqa xon?

– Xonimmiz demoqchi edim.

Tez orada qishloq ortda qolib, qabriston tepaligi qorayib ko`rindi.

– Nega Asad seni ovloqqa chaqirdi? – so`radi Rayhon.

Jarlik labiga yaqin qolishgan edi. Xursandoy Rayhonni sudray boshladi.

– Besh daqiqa gaplashamiz, ketamiz, – dedi u. – Shu ergacha kelding, yana ozroq yur… Ana! Ana! Dugonajon, buncha qo`rqasan?! Qichqirma! Seni eb qo`ymaydi!

Rayhon kasofat yoqasiga kelib qolganini tushundi. Ikkoviyam beixtiyor taqqa to`xtadi. Oq sharpa yaqinlashib, odam qiyofasi namoyon bo`ldi.

– Kedingmi? – dedi yigit mutlaqo so`roq ohangsiz.

– Taloq ayting! – qichqirdi Xursandoy. – Aytgan qizingizni olib keldim, endi javobimni bering. Istamayman… istamayman sizga xotin bo`lishni! Meni tinch qo`ying!

Rayhon:

– Mening yigitim bor-ku, – deya oldi zo`rg`a.

Yigitning ko`zlarida yashil nur jilolandi, chap ko`ksi qoraydi.

– Beri kel, – deya qo`l cho`zdi u Rayhonga qarab.

Xursandoy dugonasining sharpa tomon itarib yubordi, kuchi etmadi shekilli, ikki qo`llab tashlandi, ammo Rayhon yantoqni changallab qoldiyu Xursandoyning o`zi jarlikka quladi…

Dahshatli qichqiriqni qishloqdagilar ham eshitdi.

* * *

To`qsonga kirgan bobo oq eshak ustida zo`rg`a o`tirardi. Nevarasi esa yonida atrofga qiziqsinib qaragancha katta qadamlar tashlab lo`killab kelardi. Ular so`ragan qishloqni ko`rsatishgan odamlar janozadan qaytishmoqda edi, chol va nevarasini ham marhumaning qarindoshlari deb o`ylashdi.

– Qornini yormabdimi? – so`radi chol janozadan bo`layotgan xonadonga kiraverishda.

Odamlar cholning g`alati gapini tushunishmadi. Shundan so`ng bobo qaysi qishloqdan nima maqsadda kelganini, kim ekanligini yosh-qariga ma`lum qildi.

– Yo`q, – bosh chayqadi ko`zlari yig`idan qizargan kishi, – ekspertiza qildirmadik. Jarlikdan yiqilib tushgan. Lekin yuzi ko`kargan, bo`yni shilingan.

Janozaga kelayotgan ayollar ko`chadayoq dod-faryod ko`tarishdi:

– Xursandoy jigarim-a!.. Kechagina o`ynab-kulib yurgan eding-a!

Boshqasi ilib ketdi:

– Qanday yaxshi singilchamiz bor edi-ya!..

– To`y ko`rmay ketdi… Chimildiq ko`rmay ketdi-i-i…

Shovqin-suronda cholning gapi eshitilmay qolgach, nevarasi do`rilladi:

– Akalar, bobom mayitni bir ko`rsam deyapti. Qiz o`lmagan bo`lishi ham mumkin ekan. Shokmi, shunaqa bir holatda yotgandir, chunki… – Yigitcha jon-jahdi bilan tushuntira ketdi: – …chunki o`sha jarlikni bobom ancha yildan beri axtaradi, u er shahid joy, Asad degan yigitni bobom bilan otasi o`ldirib ketganlar, aniqrog`i, bobomning otasi otgan, bobom o`shanda yosh bola bo`lganlar. Yaqinda tushiga o`lgan yigitning arvohi kirib, «yosh qizlarning umriga zomin bo`laman, butun avlodni yo`ldan uraman» debdi. Bobom aytdilarki, qiz uning domiga tushib qolgan, sirtdan o`likdek ko`rinarkan…

Dunyo ko`ziga qorong`i bo`lgan odamlar cholning maqsadini tushunishdi. Xursandoy jarlikka yiqilish asnosida jiddiy jarohat olmagan edi: qo`l-oyoqlari, boshi, bo`yni but edi.

– Balki rostdan o`lmagan bo`lishi mumkin, – dedi ko`zoynakli kishi. – Do`xtirlarga ko`rsatishmabdi, ekspertiza qildirishmabdi, bobo bekorga gapirmayapti. Hayotda mo``jizadan ham ko`ra, umid hammasidan katta kuch.

Chol marhumaning yuziga tikildi. Xonada odamlar tiqilinch edi, havo dimiqib, boboning peshonasi terladi.

– Taloq! – qo`llarini siltadi bobo. – Asad senga taloq aytayapti! Endi ozodsan!

Ayrim ayollar erkaklarni sekin turtib, esi og`ib qolgan cholni haydab yuborish kerakligini uqtirishdi. Shu onda Xursandoyning peshonasida ter tomchilari paydo bo`ldi, lablari qimirladi. Odamlar hayratdan uyni boshiga ko`tarib «o`-o`» dedilar. Darrov shifokorga xabar berishdi. «O`lmaganini men ham sezib turgandim, aytishga ikkilanayotgandim», «Do`xtirga aytsam, o`likni yoradi, shundan qo`rqib indamagandim», «Tanasi issiqday tuyulgandi, bir aytay dedim…» qabilidagi gaplar quloqqa chalindi.

– Qiz yiqilgan jarlikka meni olib boringlar, – dedi chol.

Odamlar qo`li olti, oyog`i etti bo`lib avliyo cholning buyrug`ini bajo keltirishdi.

– Afsusdaman, – dedi nevarasi yordamida eshagidan tushgan chol, – otam o`shanda navnihol yigitni o`ldirdi. Men bola edim, otamning otiga mingashib olgandim. Endi o`ylasam, shu atroflarda opam bilan oshiq yigitni quvib etgan ekanmiz… «Sen qizimni qaergacha olib qochasan? Kofirlardan o`rganganing shumi?» – o`shqirdi otam miltig`ini o`qlab. Yigit bechoraning rangi quv o`chgan, opam esa otamning oyoqlari ostiga o`zini tashladi. «Ertaga to`yimiz… ichimda bolam bor», dedi. Otam birgina gap aytdi: «Nikoh o`qitganmi?» Opam nima deb javob berganini eshitmadim. So`ng… miltiq gumburladi… «Yurtni oldinglar, ammo dinni ololmaysanlar, imonni ololmaysanlar», dedi otam. Menimcha, Asad qizil askarlarga qo`shilib ketgani uchun otam avvaldan yomon ko`rardi. Otam boy odam bo`lgan... erli, suvli, ming qo`yli…

Chol duo o`qiy boshlagach, butun olam sukunatga cho`mdi.

– Xursandoy, – dedi chol axiyri, – u senga ortiq chang sololmaydi, ozodsan. Senga nikoh o`qitmoqchi edi, ammo o`ziga nikoh emas, janoza o`qilishi kerakligini tushunmadi. Bechora bir hovuch tuproqqa aylanib ketdi. Qachonlardir sen ham bir hovuch xok bo`lguncha hali ancha vaqt bor. Bir ajoyib qiz bo`l. Hech qachon dugonalaringni sotma, qishlog`ingga xiyonat qilma. Nomusu iymoningga mahkam bo`l. O`sha kuni ham aytganman, suvni avvalo qishloqdan topa bilish kerak… – So`ngra atrofdagilarga qaradi. – Bu gapni uchala qizga ham etkazib qo`yinglar. Qolaversa, hammaga taalluqli.

Shuncha odamning huzurida yana bir marosim ado etildi. Asadga janoza o`qilib, qabriga tuproq tashlagan kabi jarlikka bir hovuchdan xok sepildi.

Bobo yana duoga qo`l ochdi:

– Yurtda halol to`ylar bo`lsin, harom to`y hech birimizga kerakmas. Topgan-tutganimiz faqat halol to`ylarga buyursin, harom to`ylarga emas.

Xursandoyning uyida esa tirilgan qizni qurshab olgan xotinlar «bugun to`y… to`y…» deb hayqira boshladilar.

…Yashin tushgan tol tagida o`sha kecha qandaydir sharpalar bezovta charx urishdi. Agar kimgadir bu sharpalarni ko`rish nasib etganida, ayrimlarini tanirdilar. Hech bo`lmasa, qizil lattasi ularning kimligini oshkor etardi.

Yomg`ir esa tarixdan yo`qolib ketmaydi. U soylarni quturtirib, so`qmoqlarni loyga belashi tabiat qonuni kabi ro`y beradigan hodisa. Shunday ekan, aqlni ishlating. Xursandoy kabi hayotga qaytmoq yana bir marta, yana kimgadir nasib etishiga hech qachon ishonmang. Ramziylik ortidagi tarixning xulosasi shudir.

Azamat QORJOVOV

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1