Toshkentdagi Simpoziumlar saroyida 30 iyun kuni O`zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyi bo`lib o`tgani va unda O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev nutq so`zlagani haqida xabar bergandik.
O`zAda Prezidentning nutqi e`lon qilindi.
Qadrli anjuman ishtirokchilari!
Avvalo, siz, azizlar bilan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida uchrashib turganimdan xursand ekanimni bildirib, barchangizga o`zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etishga ruxsat bergaysiz.
Ochig`ini aytganda, men bugungi uchrashuvga ko`pdan buyon tayyorgarlik ko`rib kelayotgan edim. Yurtimiz yoshlarining munosib vakillari, ertangi kunimiz egalari bo`lgan siz, aziz o`g`il-qizlarimiz davrasida yoshimiz, lavozimdagi farqlarga e`tibor bermasdan, xuddiki sizlar bilan teng bo`lib, chin dildan, samimiy bir suhbat qurishni anchadan beri orzu qilib kelar edim.
Bugun sizlarning qalbingiz, yuragingizdagi o`y-fikrlar, maqsad-muddaolar, kerak bo`lsa, ushalmay turgan niyatlar bilan yaqindan tanishish, shu asosda yoshlar siyosati bo`yicha olib borayotgan ishlarimizni tanqidiy baholab, tegishli qarorlar qabul qilishni men o`z faoliyatim uchun g`oyat muhim deb hisoblayman.
Ma`lumki, yosh avlod tarbiyasi hamma zamonlarda ham muhim va dolzarb ahamiyatga ega bo`lib kelgan. Ammo biz yashayotgan XXI asrda bu masala haqiqatan ham hayot-mamot masalasiga aylanib bormoqda.
“Tarbiya qancha mukammal bo`lsa, xalq shuncha baxtli yashaydi”, deydi donishmandlar. Tarbiya mukammal bo`lishi uchun esa bu masalada bo`shliq paydo bo`lishiga mutlaqo yo`l qo`yib bo`lmaydi.
Barchangizga ayon, hozirgi kunda dunyo miqyosida beshafqat raqobat, qarama-qarshilik va ziddiyatlar tobora keskin tus olmoqda.
Diniy ekstremizm, terrorizm, giyohvandlik, odam savdosi, noqonuniy migrasiya, “ommaviy madaniyat” kabi xavf-xatarlar kuchayib, odamzot asrlar davomida amal qilib kelgan e`tiqodlar, oilaviy qadriyatlarga putur etkazmoqda.
Mana shunday va boshqa ko`plab tahdidlar insoniyat hayotida jiddiy muammolarni keltirib chiqarayotgani – ayni haqiqat va buni hech kim inkor etolmaydi.
Bugungi uchrashuvimizda ana shu murakkab vaziyatni hisobga olgan holda, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati qanday amalga oshirilyapti, bu sohada qanday muammolar bor, ularni qanday hal qilishimiz kerak, bu borada yoshlar tashkilotining o`rni qanday bo`lishi lozim, degan masalalar haqida atroflicha gaplashib olsak, o`ylaymanki, maqsadga muvofiq bo`ladi.
Hurmatli yig`ilish qatnashchilari!
Bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohalarni modernizasiya qilish va yangilash jarayonlari yangi bosqichda jadal olib borilmoqda.
Hayot talablaridan kelib chiqib, yurtimizdagi ko`pgina davlat va nodavlat tashkilotlarining faoliyati yanada takomillashtirilmoqda.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, nafaqat yoshlarimiz, balki butun xalqimiz taqdiriga daxldor bo`lgan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining bugungi kuni va ertangi istiqboli barchamizni o`ylantirishi tabiiy.
Sizlarga yaxshi ma`lum, bundan 16 yil oldin, ya`ni, 2001 yilda tashkil etilgan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati o`tgan davr mobaynida yoshlar hayotiga kirib borib, ularning ma`lum bir qismini o`z atrofida birlashtirishga, o`z Dasturi va Ustavida belgilangan maqsad va vazifalarni imkon darajasida bajarishga harakat qilib kelmoqda.
Tashkilot tomonidan yoshlarni har taraflama qo`llab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning hayotda o`z o`rnini egallashiga ko`maklashish bo`yicha bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirilganini albatta e`tirof etishimiz kerak.
Ayni vaqtda tahlillar shuni ko`rsatmoqdaki, mohiyat e`tibori bilan yoshlarning haqiqiy tayanchi va suyanchi bo`lishi zarur bo`lgan “Kamolot” harakati faoliyatida jiddiy kamchilik va nuqsonlar ko`zga tashlanmoqda.
Birinchidan, “Kamolot” butun O`zbekiston yoshlarini birlashtirgan, tom ma`nodagi ommaviy harakatga aylana olmadi. U asosan o`z atrofida Harakat faoliyatiga xayrixoh bo`lgan yoshlarni uyushtirib, faqat ularni qiziqtirgan masalalar yuzasidangina ish olib bordi.
Natijada yoshlarning keng qatlamlariga taalluqli bo`lgan dolzarb masalalar, avvalo, yoshlarning bandligini ta`minlash, ularni katta maqsadlar sari safarbar etish, uyushmagan yoshlar bilan ishlash, qisqacha aytganda, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo`yicha o`zini haqiqiy yoshlar tashkiloti sifatida ko`rsata olmadi.
Ma`lumotlarga ko`ra, hozirgi vaqtda “Kamolot”ning 4 millionga yaqin a`zosi bor. Bu mamlakatimizdagi 10 milliondan ziyod yigit-qizlarning 40 foizini tashkil etadi.
Bir qarashda, 4 million – salmoqli raqam bo`lib ko`rinadi. Lekin xolisona aytganda, tashkilotga a`zolik ko`p hollarda faqat qog`ozda mavjud, amalda esa aksariyat a`zolar “Kamolot” to`g`risida aniq tasavvurga ega emas, uning maqsad va vazifalarini bilmaydi, o`z etakchilarini tanimaydi, Harakat faoliyatida ishtirok etmaydi.
Natijada yurtimizdagi minglab yoshlar, ayniqsa, qishloq joylarda nafaqat “Kamolot”ning, ayni vaqtda davlat va jamiyatning e`tiboridan chetda qolmoqda. Ular bilan hech kim deyarli shug`ullanmayapti, ular o`z holiga tashlab qo`yilgan, desak, achchiq haqiqatni tan olgan bo`lamiz.
Buning oqibatida uyushmagan, ya`ni, ishlamaydigan, o`qimaydigan, tayin bir mashg`ulotga ega bo`lmagan, salbiy ta`sirlarga beriluvchi yoshlar soni ortib bormoqda.
Yoshlar o`rtasida jinoyat sodir etish, diniy ekstremistik oqimlarga, terrorchi guruhlarga qo`shilib qolish holatlari ko`payib borayotgani kuzatilmoqda.
2016 yilda yoshlar ishtirokida 1 million 740 mingga yaqin huquqbuzarlik, 23 ming 440 ta jinoyat sodir etilgani, yosh oilalar o`rtasida 8 mingdan ortiq ajralish holati qayd etilgani barchamizni jiddiy tashvishga solishi kerak.
Albatta, bu borada hamma aybni faqat “Kamolot”ga yuklab qo`yish adolatdan emas. Bu masalada mahalliy hokimliklar, ichki ishlar bo`limlari, prokuratura, sud, mahalla idoralarining ham aybi bor.
Ayni vaqtda bu masalada yoshlar bilan doimo hamnafas, hamfikr bo`lib yashashi, ishlashi kerak bo`lgan “Kamolot” va uning joylardagi bo`linmalarining mas`uliyati ko`proq, desak, to`g`ri bo`ladi.
“Kamolot” faoliyatidagi bunday kamchiliklarning albatta ob`ektiv va sub`ektiv sabablari bor.
Ob`ektiv sabablar shundan iboratki, biz o`z vaqtida “Kamolot”ni jamoat tashkiloti sifatida tuzib, lekin undan katta bir vazirlik vazifasini talab qila boshladik. Unga juda keng, ulkan vazifalarni topshirdig-u, ammo ularni bajarish uchun zarur huquqiy va amaliy vakolatlar, tegishli imkoniyat va imtiyozlar yaratib berish haqida, afsuski, etarlicha bosh qotirmadik.
Oqibatda “Kamolot” yoshlar hayoti bilan bog`liq hamma narsaga javob beradigan va ayni paytda hech narsaga javob bermaydigan, mo`rt va zaif bir tuzilmaga aylanib qolganini bugun qanchalik og`ir bo`lmasin, e`tirof etishimiz kerak. “Kamolot” faoliyatiga salbiy ta`sir ko`rsatayotgan sub`ektiv sabablar haqida gapirganda, uning aksariyat rahbarlari va xodimlari tomonidan ishga rasmiyatchilik bilan, yuzaki va loqayd munosabatda bo`lish, maishatga, ichkilikbozlikka berilish kabi salbiy holatlarga yo`l qo`yilayotganini ham afsus bilan qayd etish lozim.
Men bugungi anjumanda “yoshlar etakchisi” degan yuksak nomga mutlaqo yarashmaydigan bunday noxush holatlar haqida gapirib, sizlarni xijolatga qo`yish fikridan yiroqman.
Sizlar qurultoy majlislarida bu masalalarni ham muhokama qilib, ularga tegishli baho berasizlar, deb o`ylayman.
Afsuski, biz “Kamolot”ni yoshlarimiz chin dildan intiladigan, samarali faoliyat olib boradigan, zamonaviy kuchli bir tashkilotga aylantirish uchun o`z vaqtida tegishli choralar ko`rmadik. Buni ochiq tan olishimiz va zarur xulosa chiqarishimiz kerak.
Men bu gaplarni osmondan olib emas, aniq faktlardan kelib chiqib aytyapman.
Mana, Prezidentning Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlar bilan tanishib ko`ringlar. Ularning aksariyati “Bizni hech kim eshitmaydi”, “Bizni hech kim tushunmaydi”, “Biz bilan hech kim qiziqmaydi”, “Rahbarlar o`zini o`ylash bilan ovora” degan mazmunda yozilgan.
Yoshlarga, ularning tashvish va muammolariga ana shunday mensimasdan qarash holatlari, afsuski, haqiqat.
Biz yoshlarga mana shunday bepisand, begona munosabatda bo`lsak, oqibati nima bo`lishi aniq – ular ham bizdan begonalashadi.
O`qishdan, ishdan, jamiyatdan, davlatdan, boringki, hayotdan ko`ngli sovib, xalqimiz iborasi bilan aytganda, qo`lini yuvib, qo`ltig`iga uradi.
Bu haqda gapirganda, nafaqat joylarda, balki Harakatning markaziy idorasida ham mehnat va hayot tajribasiga ega bo`lgan malakali kadrlarning etishmasligi jiddiy muammo bo`lib turganini ta`kidlash lozim.
Buning asosiy sabablaridan biri shundaki, tizimda ishlayotgan xodimlarni moddiy rag`batlantirish va ijtimoiy qo`llab-quvvatlashga etarlicha e`tibor berilmayapti.
O`rtacha oylik ish haqi 800 ming so`mni tashkil etayotgani uchun ularning aksariyati oylik maoshi katta bo`lgan boshqa ishlarga o`tib ketyapti.
Buning ustiga, ko`pgina viloyat va tumanlarda “Kamolot” tashkilotlari uchun binolar etishmasligi, ularning moddiy-texnik bazasi nochorligi, zarur mebel va inventarlar, aloqa va tashkiliy texnika vositalari bilan etarlicha ta`minlanmagani, xizmat mashinalari yo`qligi ham ishga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda.
Misol uchun, hududiy bo`linmalarning 81 tasi mahalliy hokimliklar binosida, 96 tasi turli korxona va muassasalar binosida joylashgan. Bu o`z-o`zidan yoshlarning o`z tashkilotiga erkin kirib-chiqishini qiyinlashtirmoqda.
Ba`zi misollarga murojaat qilaylik.
Farg`ona viloyatida Yoshlar markazi binosining birinchi qavatida yoshlar uchun mo`ljallangan to`garak va klublar faoliyati to`xtatilib, mazkur bino hokimlik tomonidan boshqa tashkilotga berib yuborilgan.
“Kamolot”ning Toshkent viloyati, Piskent tumani kengashi tuman hokimligi binosida faoliyat yuritib kelgan. Ammo hokimning topshirig`iga ko`ra, “Kamolot”ga tegishli xonalar “Mahalla” fondining tuman bo`limiga olib berilgan. “Kamolot”ga esa uchinchi qavatdagi majlislar zalidan shunchaki nomiga joy ajratilgan.
Qoraqalpog`iston Respublikasining Kegeyli, Farg`ona viloyatining So`x tumanidagi “Kamolot” tashkilotlari avariya holatidagi binolarda joylashganiga, aytinglar, nima desa bo`ladi?
Ana shunday chidab bo`lmaydigan yana bir misolni keltirmoqchiman. “Kamolot” harakatining O`rta Chirchiq tumani kengashi “Elegant” deb ataladigan kelin-kuyovlar libosi salonida joylashgan. Buni qanday baholash mumkin?
Harakatning joylardagi tuzilmalari faoliyati tor doirada cheklanib, asosan o`quvchi-yoshlarga qaratilmoqda. Buning natijasida yoshlarning katta qismiga Harakatning so`zi ham, amaliy ta`siri ham etib bormayapti. Ayniqsa, uyushmagan yoshlar bilan ishlash masalasi e`tibordan chetda qolib ketmoqda.
“Kamolot” tomonidan o`tkazilayotgan ko`pchilik tadbirlarning, targ`ibot materiallarining mazmuni va sifati pastligi, ular zamon talablariga javob bermasligi, yoshlar auditoriyasi bilan ish olib borishda interaktiv usullar qo`llanmayotganini qayd etish lozim.
Yana bir noxush holat shundan iboratki, mahalliy hokimliklar tomonidan “Kamolot” rahbarlari va xodimlarini ularga aloqasi bo`lmagan vazifalarni bajarishga, jumladan, qishloq xo`jaligi yumushlari, metallom topshirish, obodonlashtirish kabi ishlarga, eng yomoni, turli-tuman majlislarga jalb etish avj olmoqda.
Bunday achinarli holat Toshkent shahrida ham mavjud bo`lib, “Kamolot”ning tuman kengashlari raislari obodonlashtirish ishlari, binolar fasadini ta`mirlashga safarbar etilgan.
Ular ish vaqtining asosiy qismini o`zlariga biriktirilgan “okrug”larda o`tkazadi. Kechki payt esa hokimiyat majlislarida hisobot beradi. O`zingiz ayting, ular qachon o`zining bevosita ishi, ya`ni, yoshlar masalasi bilan shug`ullanadi?
Eng yomoni, joylardagi ayrim rahbarlar “Kamolot” uchun munosib sharoit yaratib berish, yoshlar etakchilariga yordam berish o`rniga ularga qo`pol munosabatda bo`lish, obro`sini to`kishni “ish uslubi”ga aylantirib olmoqda.
Masalan, joriy yilning 4 may kuni Navoiy shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida o`tkazilgan targ`ibot tadbirlarida xunuk voqea ro`y bergan. Ichki ishlar boshqarmasi rahbarlaridan biri “Kamolot”ning Navoiy viloyati kengashi raisini ko`pchilik o`rtasida haqorat qilib, zo`ravonlik bilan tadbirdan chetlashtirmoqchi bo`lgan.
Qani, ichki ishlar vaziri, A.Azizov, siz bu masalaga qanday izoh berasiz? Navoiy viloyat hokimi, Q.Tursunov, sizning bu holatdan xabaringiz bormi? Bor bo`lsa, bu masala bo`yicha qanday chora ko`rdingiz?
Shu borada Andijon viloyatidan ham noxush bir misol keltirishga to`g`ri keladi. O`tgan yili Vatanimiz mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan viloyat “Kamolot” harakati kengashiga Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tantanali ravishda yangi avtobus topshirilgan.
Lekin marosim tugashi bilan avtobus olib qo`yilib, uning o`rniga shalag`i chiqqan eski transport vositasi berilgan. Aytinglar, bunday “o`yin”lar, ko`zbo`yamachilik bilan biz yoshlarga qanday tarbiya beryapmiz?
Andijon viloyatining hokimi Sh.Abdurahmonov, siz bunga nima deysiz?
Afsuski, bunday kamchiliklarni respublika miqyosidagi vazirlik va idoralar faoliyatida ham uchratish mumkin.
Xalq ta`limi vaziri Ulug`bek Inoyatov, ayting-chi, siz o`z tizimingiz bo`yicha yoshlar etakchilari bilan qachon uchrashgansiz? Siz boshchilik qilayotgan sohada ishlayotgan pedagoglarning necha foizini yoshlar tashkil etadi? Ularning qanchasi “Kamolot” a`zolari hisoblanadi?
Hozirgi vaqtda ko`pgina qishloq joylarda turli ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar o`tkazish uchun zamonaviy infratuzilma tarmoqlari deyarli yo`q. Masalan, Baxmal, Mirzaobod, Xovos, O`rta Chirchiq tumanlarida yoshlar uchun istirohat bog`lari, kinoteatrlar umuman mavjud emas.
Yana bir misol. Buxoro shahrida joylashgan Ibn Sino nomidagi dam olish va istirohat bog`i Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko`ra, 2016 yilning noyabr oyigacha rekonstruksiya qilinib, “Kamolot” balansiga yoshlar markazi sifatida o`tkazilishi zarur edi. Lekin mablag` etishmasligi tufayli qurilish va obodonlashtirish ishlari to`xtab qolgan.
Qani, ana shu shahar va tumanlarning hokimlari, tegishli mutasaddilar, bu masalalarga qanday baho berishingiz mumkin?
Sizlar rahbar bo`lgan hududlarda yashaydigan yoshlar zerikkanidan nima qilishni bilmasdan, bemaza ishlarga berilishi, bezorilik, jinoyat yo`liga kirishi, zararli oqimlarga qo`shilib ketishi mumkinligi nahotki sizlarni bezovta qilmasa?! Yoshlar uchun barcha sharoitlarni muhayyo qildik, deb biz kimni aldayapmiz?
Shu munosabat bilan barcha katta-kichik rahbarlar qulog`iga qo`rg`oshindek quyib olsin: biz endi sizlarning faoliyatingizga paxta yoki g`allaga qarab emas, eng avvalo, sizlarning yoshlarga, yoshlarga oid davlat siyosatiga bo`lgan munosabatingizga qarab baho beramiz.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Bunday tanqidiy fikrlarni yana uzoq davom ettirish mumkin. Lekin maqsad – faqat tanqid qilish emas. Maqsad shu gaplardan to`g`ri xulosa chiqarib, tilga olingan har bir muammo bo`yicha amaliy echim topishdan iborat.
Biz bugungi O`zbekiston sharoitida yoshlar tashkiloti qanday bo`lishi kerak, degan masalani tegishli rahbarlar, olimlarimiz, ekspert va mutaxassislar, yoshlar vakillari bilan ko`p bor muhokama qildik.
Bu borada jahon tajribasini, uzoq-yaqindagi turli davlatlar tajribasini o`rgandik. Dunyodagi rivojlangan, demokratik mamlakatlarda yoshlar tashkilotlari dabdabali, balandparvoz tadbirlar o`tkazish emas, balki yoshlar bilan bevosita ishlash, ular bilan amaliy muloqot qilish, ularni o`ylantirayotgan hayotiy muammolarni hal etishga asosiy e`tiborni qaratadi.
Hozirgi paytda hammangiz “oynai jahon” orqali ko`ryapsiz, biz joylarda jamoatchiligimiz, avvalo, yoshlarimiz vakillari bilan doimiy muloqotlar o`tkazyapmiz. Bu uchrashuvlarda bir fikr takror va takror aytilmoqda. Ya`ni, O`zbekiston yoshlari rasmiyatchilikdan, kampaniyabozlikdan xoli, navqiron avlod manfaatlarining haqiqiy himoyachisi bo`la oladigan demokratik yoshlar tashkilotini tuzish haqida o`z xohish-istaklarini bildirmoqda.
Bunda ilgarigidek barcha yoshlarni bir tashkilotga “ixtiyoriy-majburiy” asosda birlashtirish emas, aksincha, ularning orzu-intilishlari, hayotiy va kasbiy qiziqish doirasi, ijtimoiy maqsadlari bo`yicha uyushtirish to`g`ri bo`ladi, degan takliflar ilgari surilmoqda.
Mening nazarimda, bunday fikrlarda chuqur asos va mantiq bor. Bu taklifning afzalligi shundaki, u mamlakat yoshlarining barcha toifa va guruhlarini qamrab oladi, eng muhimi, ularni demokratik prinsiplar asosida birlashtiradi.
Bu, o`z navbatida, bugun O`zbekistonda olib borilayotgan demokratik islohotlar jarayoni bilan hamohang ekani ayniqsa e`tiborlidir.
Ana shularning barchasini hisobga olib, mamlakatimizda yoshlarning chinakam suyanchi va tayanchi bo`la oladigan mutlaqo yangi tashkilot – O`zbekiston yoshlar ittifoqini tashkil etsak, nima deysizlar?
Hurmatli yig`ilish ishtirokchilari!
Ma`lumki, har qanday islohot, xususan, millionlab yoshlarning hayoti va kelajagiga bevosita daxldor bo`lgan o`zgarishlar har tomonlama chuqur o`ylab ish tutishni, etti o`lchab, bir kesishni talab etadi.
Shu nuqtai nazardan biz bugun yangi yoshlar tashkilotini tuzmoqchi ekanmiz, shoshilmasdan, vazminlik bilan ish ko`rishimiz, bu masalaning barcha ijobiy va salbiy tomonlarini o`zimizga yaqqol tasavvur qilib, shundan keyin bir xulosa va qarorga kelishimiz lozim.
Bu borada avvalo bo`lg`usi tashkilotning huquqiy maqomi, asosiy maqsad va vazifalari, uning ijtimoiy hayotimizdagi o`rni va nufuzini, obro`-e`tiborini oshirishga alohida e`tibor qaratish zarur.
Shu maqsadda O`zbekiston yoshlar ittifoqi rahbari ayni vaqtda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar siyosati bo`yicha davlat maslahatchisi lavozimida faoliyat olib borishini huquqiy asosda belgilab qo`yish darkor. Shu bilan birga, u Prezident farmoniga binoan Oliy Majlis Senati a`zosi etib tayinlanadi.
Tashkilotning Qoraqalpog`istondagi kengashi raisi Respublika Jo`qorg`i Kengesi raisining, viloyat, tuman va shahar bo`linmalarining rahbarlari esa tegishli hokimlarning yoshlar siyosati bo`yicha maslahatchilari etib tayinlanishi maqsadga muvofiq.
Mana, ko`rib turibsizlar, O`zbekiston yoshlar ittifoqining rahbarlariga qanday katta maqom va vakolat berilyapti.
O`zbekiston yoshlar ittifoqining tarkibiy tuzilishi haqida gapirganda, bir masalaga alohida ahamiyat berish kerak.
Ma`lumki, hozirgi vaqtda umumta`lim maktablaridagi boshlang`ich sinf o`quvchilari bilan ishlash uchun “Kamalak” bolalar tashkiloti mavjud.
Shuningdek, yosh tadbirkor va fermerlar bilan ish olib boradigan Yoshlar tadbirkorligi va fermerlikni qo`llab-quvvatlash markazi, iste`dodli va ijodkor yoshlar bilan ishlash uchunYoshlar tashabbuslari markazi kabi tuzilmalar ham tashkil etilgan.
Lekin tan olish kerakki, bugun ularning aksariyati talab darajasida ish olib bormayapti. Bu tuzilmalarning faoliyatini jonlantirish, ularga yangi mazmun va ruh bag`ishlash kerak.
Shu munosabat bilan umumta`lim, o`rta maxsus va oliy ta`lim tizimida “Kamolot” nisbatan samarali faoliyat olib borganini hisobga olgan holda, ushbu tizimdagi “Kamolot” tashkilotlari negizida O`zbekiston yoshlar ittifoqining bo`limlarini tashkil etish mumkin.
Kelgusida esa yoshlarning xohishi va intilishlariga ko`ra, Yosh olimlar uyushmasi, Yoshlarga ijtimoiy-psixologik yordam ko`rsatish markazi, Yoshlar turizmi uyushmasi, Sport klublari va fitnes markazlari uyushmasi, Imkoniyati cheklangan yoshlar uyushmasi va boshqa tashkilotlar ham tuzilishi mumkin.
Albatta, bu tuzilmalarni qanday nomlash, ularning vazifalarini belgilash bo`yicha avvalo sizlar barcha tengdoshlaringiz bilan fikrlashib, shu asosda bir qarorga kelishingiz tabiiy.
O`zbekiston yoshlar ittifoqi hozir mavjud bo`lgan va kelajakda tuziladigan bu uyushmalarning barchasini birlashtirib, ularga nafaqat moliyaviy, moddiy-texnik nuqtai nazardan, avvalo, g`oyaviy-uslubiy, ma`naviy jihatdan amaliy yordam ko`rsatadigan, ularning ishini muvofiqlashtiradigan asosiy tashkilot sifatida faoliyat olib boradi.
Ayni vaqtda hammamiz tushunamizki, O`zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini dastlabki paytda har taraflama qo`llab-quvvatlash, uning oyoqqa turib olishi uchun davlat tomonidan zarur ko`mak va yordam berilishi lozim.
Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish nainki Prezident devoni, balki barcha bo`g`indagi davlat organlari rahbarlarining doimiy ishiga aylanishi zarur. Bundan buyon bu sohada aniq tizim asosida ish olib boramiz.
Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisidan boshlab, Bosh vazir va uning o`rinbosarlari, Bosh prokuror, vazirlik va idoralar, kompaniya va xo`jalik birlashmalarining rahbarlarigacha markazda va joylarda har bir soha bo`yicha yoshlar bilan uchrashib, doimiy muloqot olib boradigan tartib joriy etishimiz kerak.
Shu munosabat bilan avvalo hozirgi kunda faoliyat ko`rsatayotgan tuzilmalar bilan, jumladan, ta`lim tizimidagi yoshlar tashkilotlari bilan – Bosh vazir A.Aripov hamda oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri I.Majidov, xalq ta`limi vaziri U.Inoyatov, hamma sohada Yoshlar tadbirkorligi va fermerlikni qo`llab-quvvatlash markazi bilan – Bosh vazirning birinchi o`rinbosari A.Ramatov, Bosh vazir o`rinbosari Z.Mirzaev va Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Yoshlar tashabbuslarini qo`llab-quvvatlash markazi bilan – Davlat maslahatchisi X.Sultonov va madaniyat vaziri M.Muratov doimiy ish olib borishi kerak.
Shuningdek, kelgusida tashkil etiladigan Yoshlar turizmi uyushmasi bilan – Bosh vazir o`rinbosari J.Qo`chqorov va Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi A.Sharapov, Yosh olimlar uyushmasi bilan – Bosh vazir o`rinbosari U.Roziqulov va Fanlar akademiyasi prezidenti B.Yo`ldoshev, Sport klublari va fitnes markazlari uyushmasi bilan – Bosh vazir o`rinbosari G`.Ibragimov hamda Jismoniy tarbiya va sport davlat qo`mitasi raisi R.Qurbonov, Imkoniyati cheklangan yoshlar uyushmasi bilan – Bosh vazir o`rinbosari T.Norboeva va sog`liqni saqlash vaziri A.Shodmonov, Yoshlarga ijtimoiy-psixologik yordam ko`rsatish markazi bilan – Bosh prokuror I.Abdullaev va adliya vaziri M.Ikromov tizimli asosda ish olib borishi, boshqacha aytganda, ularni otaliqqa olishi maqsadga muvofiqdir.
Shu bilan birga, joylarda viloyat, tuman va shahar hokimlari, sud, prokuratura, ichki ishlar organlari, sog`liqni saqlash, xalq ta`limi tashkilotlari yoshlar bilan doimiy muloqotni yo`lga qo`yishi, ularning oldida muntazam ravishda hisobot berib borishi zarur.
O`zbekiston yoshlar ittifoqining joylardagi kengashlari raislari va faollari albatta saylovlarda ishtirok etib, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga, kerak bo`lsa, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylanishi ham muhim ahamiyatga ega.
Ikkinchidan, O`zbekiston yoshlar ittifoqi davlat va jamiyat uchun rahbar kadrlarni tayyorlab beradigan o`ziga xos markaz bo`lishi, zamonaviy tilda aytadigan bo`lsak, yoshlar uchun “sosial lift” vazifasini bajarishi kerak. U bilimli, tashabbuskor va tashkilotchi, fidoyi yosh rahbarlarning kadrlar zaxirasini yaratishi kerak.
Shu maqsadda Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshida Yoshlar muammolarini o`rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutini tashkil etish zarur.
Bosh vazir A.Aripov, Davlat maslahatchisi U.Ismoilov va akademiya rektori R.Qosimovga bir oy muddatda shu masala yuzasidan tegishli qaror loyihasini tayyorlab, tasdiqlash uchun kiritish vazifasi topshiriladi.
O`zbekiston yoshlar ittifoqi tashkilotlarida o`zini ijobiy jihatdan ko`rsatgan xodimlar Davlat boshqaruvi akademiyasida bilim va malakasini oshirib, hokimlik va vazirliklar tizimida rahbarlik lavozimlari uchun asosiy nomzodlar qilib tayyorlanishi kerak. Bunday tajriba ilgari ham bo`lgan va yaxshi natija bergan edi.
Uchinchidan, O`zbekiston yoshlar ittifoqining obro`si va ta`sirini oshirish uchun mamlakatimizda yoshlar manfaatini ta`minlashga qaratilgan ishlarda uning ishtirokini har tomonlama kengaytirish zarur.
Yoshlar, yosh oilalar uchun shaxsiy uy-joyga ega bo`lish naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini hisobga olgan holda, biz bu yo`nalishda boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirishimiz kerak.
Barcha tuman va shaharlarda, jumladan, chekka hududlarda “Yoshlar uylari”ni qurish bo`yicha to`rt yillik aniq reja ishlab chiqish va 2018 yildan uni bajarishni boshlash lozim.
Bu borada aholi zich yashaydigan Farg`ona vodiysi viloyatlarida, xususan, sharoiti og`ir bo`lgan Markaziy Farg`ona mintaqasida yosh oilalarning uy-joyga bo`lgan ehtiyojini ta`minlashga alohida e`tibor qaratish kerak.
Umuman, qishloq hududlarida yashayotgan, turar joyga muhtoj yosh oilalarni imtiyozli kreditlar asosida arzon uy-joy bilan ta`minlash bo`yicha vakolatni endi O`zbekiston yoshlar ittifoqiga berish masalasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ko`rib chiqilishi lozim.
To`rtinchidan, yoshlarni ish bilan ta`minlash masalasi biz uchun hamon eng dolzarb vazifa bo`lib qolmoqda. Bugungi kunda yoshlar uchun yangi ish o`rinlari ochish, ularning halol mehnat qilib, daromad topishi maqsadida ko`p ishlar qilinmoqda. Lekin, shunga qaramasdan, bu borada muammolar ham oz emas.
Yurtimizda ishsizlarning aksariyat ko`pchilik qismini kollej bitiruvchilari tashkil etmoqda. Masalan, 2016 yili 477 ming 743 nafar yosh yigit-qiz kollejlarni bitirib chiqqan va ularning 438 ming 503 nafari yoki 91,8 foizi ish bilan ta`minlangani to`g`risida ma`lumot berilgan.
Savol tug`iladi: bu raqamlar qanchalik to`g`ri? Agar barcha kollej bitiruvchilari ishga joylashayotgan bo`lsa, ishsiz yoshlar qaerdan paydo bo`lyapti?
Kollej bitiruvchilari bilan to`rt tomonlama shartnomalarni nomigagina imzolab, o`zimizni o`zimiz aldamayapmizmi?
Yoshlarni ish bilan ta`minlash uchun avvalo ular o`rtasida tadbirkorlikni keng rivojlantirish, bu borada yangi imkoniyatlar yaratish maqsadida biz bir qator chora-tadbirlarni ko`zda tutmoqdamiz.
Bu borada Iqtisodiyot vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat raqobat qo`mitasi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga har bir tuman (shahar) markazida Yoshlar tadbirkorlik klasterlarini tashkil etish vazifasi topshiriladi.
Ana shu klasterlar faoliyatini yo`lga qo`yish uchun elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv va transport kommunikasiyasi, aloqa vositalari va Internetga ulanish imkoniyati mavjud bo`lgan hududlarda foydalanilmay yotgan davlat ob`ektlari yosh tadbirkorlarga “nol” qiymati bilan ijaraga beriladi.
Hamma hududlarda tashkil etilayotgan iqtisodiy zonalarda, shaharlarda esa kichik sanoat zonalarida O`zbekiston yoshlar ittifoqining a`zosi bo`lgan yosh tadbirkorlardan ijara haqi olinmaydigan tartib joriy etiladi.
Bundan tashqari, o`z biznesini boshlayotgan yosh tadbirkorlarga imtiyozli narxlarda yuridik, texnik va boshqa maslahat yordamlarini ko`rsatishni yo`lga qo`yish lozim.
Bu masala bo`yicha moliya vaziri B.Xo`jaev hamda Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov bir oy muddatda tegishli takliflarni ishlab chiqib, taqdim etishi zarur.
Shuningdek, tegishli iqtisodiy chora-tadbirlarni amalga oshirish hisobidan O`zbekiston yoshlar ittifoqining byudjet mablag`larini ikki barobar ko`paytirish rejalashtirilmoqda.
Bosh vazir o`rinbosari J.Qo`chqorov, moliya vaziri B.Xo`jaev va Davlat soliq qo`mitasi raisi B.Parpiev bu masalaga mas`ul hisoblanadi.
Iqtisodiyot vazirligi, Davlat soliq qo`mitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda “Hunarmand” uyushmasiga topshiriq: hunarmandlik yo`nalishidagi tadbirkor yoshlar, ayniqsa, qizlarning kasanachilik bilan band bo`lishi uchun qulay sharoit yaratib berilsin. Bu borada bo`sh turgan ob`ektlardan imtiyozli shartlar asosida joy ajratish, mini-texnologiyalar, asbob-uskuna va zarur jihozlar o`rnatib berish ko`zda tutilmoqda.
Jumladan, yosh hunarmandlarga xomashyo sotib olish uchun kreditlar berish, o`z biznesini boshlagan yosh tadbirkorlar tomonidan Pensiya jamg`armasiga to`lanadigan sug`urta badalini olingan kreditlarni qoplashga yo`naltirish tizimi joriy etiladi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga topshiriq: sinov tariqasida 11 yillik majburiy o`rta ta`lim tizimiga o`tish munosabati bilan bo`shaydigan kollej ustaxonalari negizida yoshlarni, ayniqsa, uyushmagan yoshlarni 6 oygacha bo`lgan muddatda bepul o`qitish va kasbga qayta o`qitish markazlari tashkil etilsin.
Ayni paytda qo`liga diplom olib, mustaqil ish boshlayotgan yoshlarimiz uchun ham qo`shimcha imkoniyat va imtiyozlar yaratib beriladi.
2018 yilning 1 yanvaridan boshlab kasb-hunar kollejlari, akademik liseylar va oliy ta`lim muassasalarining birinchi marta ishga joylashgan bitiruvchilari bu imkoniyatlardan foydalanadi.
Ya`ni, ta`lim muassasasini tamomlaganiga uch yil bo`lmagan bo`lsa, ularning ish haqidan olinadigan daromad solig`i birinchi yili 50 foiz, ikkinchi va uchinchi yillarda esa 25 foiz kamaytiriladi.
Shuningdek, O`zbekiston yoshlar ittifoqi qoshida barcha turdagi soliqlardan 10 yilga ozod qilingan sho``ba korxonalari tuzish vakolati beriladi. Ushbu korxonalar uchun aniq faoliyat yo`nalishlarini, misol uchun, turli fanlar, jumladan, chet tillarni o`rgatish, kompyuter dasturlarini tuzish va tadbirkorlik asoslarini o`qitish tizimlarini belgilash lozim.
Mazkur korxonalar tomonidan to`lanadigan soliq tushumlarining 20 foizini O`zbekiston yoshlar ittifoqiga o`tkazib berish tartibini joriy etish kerak.
Yana bir masala – O`zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat va tumanlarda zamonaviy “Yoshlar kinoteatrlari”ni barpo etish ishiga bosh-qosh bo`lsa, yaxshi bo`lardi. Buning uchun “O`zsanoatqurilishbank” tomonidan 5 yil muddatga beriladigan imtiyozli kreditlar asosida alohida dastur ishlab chiqish va amalga oshirish taklif etiladi.
Yoshlar ittifoqining faol a`zosi bo`lgan, bakalavriat va magistratura talabalariga o`rtacha o`zlashtirish ko`rsatkichi 86 foiz va undan yuqori bo`lgan taqdirda ta`lim bo`yicha shartnoma to`lovi miqdorining 35-40 foizini tashkilot hisobidan to`lash orqali moddiy yordam ko`rsatish ham ko`zda tutilmoqda.
O`zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida 3-5 yil va undan ko`proq faol ishlab kelayotgan, ipoteka krediti asosida uy-joy sotib olish istagini bildirgan xodimlarning har yili 140 nafariga 25-30 foiz miqdoridagi boshlang`ich to`lov tashkilot mablag`lari hisobidan to`lanadi.
Shuningdek, Yoshlar ittifoqining viloyat, shahar va tuman kengashlari raislarini rag`batlantirish, tashkilotning faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida "Asaka" bankining 10 yil muddatgacha mo`ljallangan, boshlang`ich to`lovi 15 foizlik imtiyozli kreditlari asosida ularga o`zimizda ishlab chiqarilgan “Matiz” va “Damas” avtomobillarini shaxsiy mulk sifatida sotib olishda qulaylik yaratiladi.
Agar hozirgi narxda o`rtacha 46 million so`m bo`lgan bu kreditni qaytarish muddati amalda 3 yil, foizi esa 30 foiz ekanini hisobga olsak, samarali xizmat qilayotgan yoshlar etakchisi bundan qancha iqtisodiy naf ko`rishini tasavvur qilish qiyin emas.
Yana bir muhim masala – endi viloyat va tuman hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlanish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosarlari, tuman ichki ishlar bo`limi boshliqlarining yoshlar bo`yicha o`rinbosarlari O`zbekiston yoshlar ittifoqi tavsiyasi bilan lavozimga tayinlanadi.
Bu albatta joylardagi davlat boshqaruv idoralarining O`zbekiston yoshlar ittifoqi tuzilmalari bilan hamkorligini sifat jihatidan oshirishga xizmat qiladi.
Beshinchidan, yoshlar hayoti, o`y-kechinmalari, orzu-niyatlari, eng muhimi, ularni qiynayotgan masalalar, afsuski, radio va televidenie, gazeta va jurnallarda o`z ifodasini to`liq topmayapti.
Go`yoki hamma narsa joyida, olam guliston. Agar hammasi joyida bo`lsa, to`g`ri yo`ldan adashgan yoshlar, jinoyatchilik, ishsizlik qaerdan paydo bo`lyapti? Nega yoshlarga oid davlat siyosatiga loqayd munosabatda bo`layotgan amaldorlar haqida ommaviy axborot vositalari, avvalo, yoshlar matbuoti churq etmaydi?
Masalan, “Kamolot” radiosini, “Kamolot”ning Internet saytini oladigan bo`lsak, ularda o`tkazilgan yuzaki tadbirlar, engil-elpi qo`shiqlar, o`zini o`zi maqtash, chiroyli qiyofalardan boshqa narsani deyarli ko`rmaymiz.
“Yoshlar” teleradiokanali ham o`z imkoniyatlaridan samarali foydalana olmayapti. Shu munosabat bilan ushbu kanal faoliyatini kuchaytirish, uning 50 foiz aksiyasi O`zbekiston yoshlar ittifoqiga tegishli bo`lishi, uning direktori mazkur tashkilot Markaziy kengashi tomonidan lavozimga tasdiqlanishi bo`yicha Bosh vazir A.Aripov, O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi X.Mirzohidov, adliya vaziri M.Ikromovga bir oy muddatda tegishli taklif tayyorlash vazifasi topshiriladi.
Hozirgi vaqtda yoshlarga mo`ljallangan “Turkiston” gazetasi 9 ming 500 nusxada, “Molodyoj Uzbekistana” gazetasi 2 ming 800, “Yosh kuch” jurnali 3 ming nusxada chop etilayotganini qoniqarli baholash mumkinmi? Mamlakatimizda 10 milliondan ortiq yoshlar mavjud bo`lgani holda, bu raqamlar biz uchun uyat emasmi?
Misol uchun, “Turkiston” gazetasiga Farg`ona viloyatida 225 ta, Surxondaryo viloyatida 134 ta, Samarqand viloyatida 54 ta, Sirdaryo viloyatida esa bor-yo`g`i 40 ta obuna bo`lganini, aytinglar, qanday izohlash mumkin?
Holbuki, respublikamizdagi barcha vazirlik va idoralar, yirik kompaniyalar xodimlarining aksariyatini yoshlar tashkil etadi. Lekin ana shu tashkilotlarda yoshlar nashrlariga obuna masalasi qanday?
Qani, “O`zbekneftgaz” kompaniyasi raisi A.Sultonov, siz bu savolga qanday javob berasiz? Siz o`z tizimingizdagi yoshlar qanday matbuot nashrlariga obuna bo`lgani, qanday kitoblarni o`qiyotgani, umuman, ularning ma`naviy saviyasi, dunyoqarashi bilan hech qiziqib ko`rganmisiz?
Janob A.Sultonovga bergan bu savolimni men boshqa ko`p rahbarlarga ham berishim mumkin va aminmanki, javob mana shunday qoniqarsiz bo`lishi aniq.
O`zingiz o`ylang, aziz do`stlar, yoshlarimiz o`zimizning gazeta-jurnallarimizni o`qimasa, o`z milliy adabiyotimiz va san`atimizni bilmasa, ular qanday qilib vatanparvar bo`ladi? Ularning ongu tafakkuri, dunyoqarashi nima hisobidan shakllanadi?
Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, katta-kichik rahbarlarning barchasi bu masala bo`yicha shaxsan mas`ul ekanini unutishga hech qanday haqqi yo`q.
Ayni vaqtda yoshlar auditoriyasiga ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalari ham o`z faoliyatini tubdan o`zgartirishi lozim.
Avvalo, quruq rasmiy gaplardan qochish, tanqidiy tahlil, kreativ yondashuv, bugungi hayotni butun ko`lami, mazmuni, kerak bo`lsa, murakkabligi bilan yoritishda jurnalistlarimiz faollik ko`rsatishi kerak.
Shu ma`noda, yangi tashkil etilgan Xalqaro press-klubga o`xshab, O`zbekiston yoshlar ittifoqining ham o`z matbuot klubini ochish foydadan xoli bo`lmaydi.
O`tkir va dolzarb muammolarni sizlar aytmasangiz, baribir xalqning o`zi aytadi. Axir, sizlarning vazifangiz hayotdan bir qadam oldinda yurish emasmi?
Biz uchun eng muhim bo`lgan yana bir masala – bu yosh qizlar tarbiyasi bilan bog`liq.
Shu munosabat bilan Bosh vazir o`rinbosari T.Norboevaga murojaat qilmoqchiman: siz boshchilik qilayotgan Xotin-qizlar qo`mitasi faqat “Zulfiyachi qizlar” bilan cheklanib qolmasdan, yurtimizdagi barcha qizlar bilan faol ish olib borishi lozim.
Ayniqsa, qizlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, iste`dod va qobiliyatini yuzaga chiqarish, ular orasida haqiqiy etakchilarni tarbiyalash ishlarini yanada kuchaytirish kerak. Shu borada men qizlarimiz uchun alohida bir nashr – mayli, uning nomi “Qizlarjon” bo`ladimi, “Dugonalar” bo`ladimi, yangi jurnal tashkil qilishni taklif etaman.
Hozirgi kunda mamlakatimizda kitobxonlik saviyasini oshirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirishga katta ahamiyat berilayotgani sizlarga ma`lum. Lekin, ko`plab bolalarimiz kitobdan uzoqlashib, ko`p vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o`tkazayotgani – bu ham bor gap.
Albatta, biz Internet va boshqa zamonaviy axborot manbalarining o`rni va ahamiyatini inkor etmaymiz. Bugungi hayotimizni Internetsiz tasavvur qilishning o`zi qiyin.
Shuni hisobga olgan holda, O`zbekiston yoshlar ittifoqi Internet tizimi orqali ma`naviy targ`ibot ishlarini, jumladan, elektron kitobxonlikni kuchaytirishi zarur.
Nega deganda, biz farzandlarimizning ongi, dunyoqarashi asrlar davomida sinovdan o`tgan, yuksak ma`naviyat xazinasi bo`lgan jahon va milliy adabiyotimiz asosida emas, balki qandaydir shubhali, zararli axborotlar asosida shakllanishiga beparvo qarab turolmaymiz.
Aholimiz, eng avvalo, yoshlar o`rtasida kitobxonlik saviyasini oshirish maqsadida Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida har yili “Eng kitobxon maktab”, “Eng kitobxon mahalla”, “Eng kitobxon oila” kabi yo`nalishlarda tanlovlar o`tkazish, yakuniy bosqich g`oliblarini taqdirlash uchun qimmatbaho sovg`alar, jumladan, yurtimizda ishlab chiqarilgan avtomobillarni mukofot tariqasida berish, o`ylaymanki, bu juda katta rag`bat bo`ladi.
Bosh vazir A.Aripov va Davlat maslahatchisi X.Sultonovga shu masala bo`yicha bir oy muddatda taklif kiritish vazifasi topshiriladi.